Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 04:49

Toshkentliklar hayvonot bog‘idagi jonivorlarning abgor ahvolidan tashvishga tushgan


Markaziy Osiyodagi eng eski hayvonot bog‘i bo‘lmish Toshkent zooparki tashrifchilari ijtimoiy tarmoqlarda bog‘dagi hayvonlar ahvolining abgorligidan bong urmoqdalar. Ularga ko‘ra, bog‘dagi hayvonlarning juda sillasi qurigan, ma’muriyat esa hayvonot bog‘iga yemish olib kelib, jonivorlarni boqishni taqiqlayapti.

Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi Potrebitel.uz guruhi a’zolaridan biri: “Yirtqichlarning ochlikdan shu qadar sillasi quriganki, qaragan odamning rahmi keladi. Holsizlikdan oyog‘ini zo‘rg‘a sudrab bosayapti. Avvaliga bironta hayvon kasal bo‘lib qolgandir, deb o‘yladim. Ammo ularning hammasi taxtakachday oriqlab ketgan! Yo‘lbarslar ham, arslonlar ham. Bunaqasi hech qachon bo‘lgan emas...” deb yozarkan, yozuviga terisi suyagiga qapishib qolgan yo‘lbarslarning suratini ilova qiladi.

Guruh a’zolari hayvonot bog‘i ma’muriyati bu borada qandaydir choralar ko‘rish uchun Davlat xizmatlari yagona portali orqali tegishli idoralarga murojaat qilishni taklif qilganlar.

O‘tgan oy Toshkent hayvonot bog‘i xodimlari jonivorlarga egulik tashlamaslik iltimosi bilan tashrifchilarga murojaat qilgandi. Bunga bog‘dagi lamaning o‘lishi hamda uning oshqozon va ichaklaridan polietilen, plastik idish qopqog‘i va boshqa hazm bo‘lmaydigan narsalar topilgani sabab bo‘lgandi.

2012 yil kuzida Toshkent hayvonot bog‘i direktori Olim Rasulov va yana 16 xodim 1,5 milliard so‘m mablag‘ni o‘zlashtirganlikda gumon qilinib, tergov qilingandi.

Toshkent zooparki 1924 yildan buyon faoliyat ko‘rsatib keladi. Hozirda bog‘dagi jonivorlar soni 3000 mingga yaqinlashib qolgan.

XS
SM
MD
LG