Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:12

Buxoroda 20 xonadonlik Kari qishlog‘i 2 kunda buzib tashlandi


Kogon tumanidagi "Sarayon" qishloq fuqarolar yig‘inida to‘liq buzib tashlangan Kari qishloqchasidagi 20ga yaqin oila quruq yer uchastkasiga chiqarilganidan arz qilmoqda. Qishloq ahli nomidan Ozodlikka yo‘llangan shikoyatda aholiga uy qurib olishlari uchun mablag‘ berilmayotgani aytilgan. Kogon tuman hokimligi esa qishloq ahli avvaldan ogohlantirilgani, ammo ularga uy qurish uchun hozircha mablag‘ berilmasligini bildirdi.

"Sarayon" qishloq fuqarolar yig‘iniga qarashli Kari qishloqchasi aholisi nomidan Ozodlikka yo‘llangan shikoyatda aytilishicha, qishloqdagi uylar aprel oyining oxirida buzib tashlangan va hozir 20 dan ortiq oila qarindosh-urug‘ining uyida yashab turibdi:

"Avvaldan aholi ogohlantirilgan edi, lekin tayyor uy o‘rniga 4-6 sotixdan quruq yer berishgani odamlarga yoqmadi. Aprelning 27-chisi bilan 30-inchisi orasida buldozerlar bilan kelib, uylarni buzib tashlashdi. Hozir 20dan ortiq oila qarindosh-urug‘ining uyida yashab yuribdi", dedi ismini oshkor etmaslik sharti Ozodlikka shikoyatni yetkazgan manba va ikkita suratni ham yo‘lladi.

Uning aytishicha, Kari qishlog‘i aholisini ko‘chirish talabi "Buxoro naslli parranda"​ ochiq aksiyadorlik jamiyati tomonidan 2011 yilda kiritilgan va mahalliy hokimiyat bu talabni qondirgan.

"2011 yilning fevralida Buxoro viloyatining eski hokimi Samoydin Huseynovning shaxsan o‘zi borgan qishloqqa. Odamlarning uyiga bir-bir kirib: "Ko‘chasizlar, sizga uy-joy beramiz. Bu joy "Buxoroparranda"ni joyi, degan. Oradan ikki-uch kun o‘tib, buldozerlar bilan uyni buzishga kelishgan. Odamlar hali uy berilmay turib, buzishga kelganlarni norozilik qilib, qaytarvorgan. Hozir esa uylarni buzib tashlashdi", deydi manba.

Ozodlik bu shikoyat ortidan Kogon tuman hokimligiga bog‘landi. Hokimlikning ismini okshor qilmayotganimiz mutasaddisi Kari qishlog‘idagi uylar buzib tashlanganini tasdiqladi.

Hokimlikdan olingan ma’lumotga ko‘ra, 2011 yilda "Buxoro naslli parranda"​ ochiq aksiyadorlik jamiyati talabi sudda ko‘rilgan va qondirilgan. Jamiyat da’vosiga ko‘ra, 20ga yaqin oila istiqomat qilib kelgan yer maydoni aslida shu jamiyatga qarashli va aholi uylari noqonuniy ravishda qurilgan.

"Odamlar o‘zboshimchalik bilan uy qurib olishgan. Ularni 2011 yildan beri ogohlantirishgan, yer uchastkasi berishgan, lekin chiqib ketishmadi. Hozir sud qarori bilan aholi "Sarayon" mahalla fuqarolar yig‘inidagi qo‘shni qishloqdan yer bilan ta’minlandi. Uylarni buzib, undan chiqqan qurilish materiallari tekinga uchastkaga tashib berilayapti. Qurbi yetmaganlarga fundament uchun shag‘al, beton beramiz, degan hokim. Qo‘ldan kelgancha, yordam berilayapti-ku?!" dedi ismini oshkor qilmayotganimiz mutasaddi.

Undan olingan ma’lumotga ko‘ra, Kari qishlog‘i aholisi noqonuniy ravishda qurib olgan uylar tegishli tartibda rasmiylashtirilmagan va shu bois, hozir ularga davlat g‘aznasidan tovon puli berishning imkoni yo‘q:

"Kadastr hujjati yo‘q, bu uylarda. Ularning ko‘pchiligi shu parranda fabrikasining ishchilari o‘zi. Ularga byudjetdan pul berishning imkoni yo‘q. Mana hozir rayonda yana bir necha uylar buziladigan bo‘ldi, ularga byudjetdan 80-90 million so‘mdan pul ajratilyapti, chunki kadastri bor", deya aniqlik kiritdi Kogon tuman hokimligi rasmiysi.

Kari qishlog‘i ahli nomidan bog‘langan manbaga ko‘ra, qishloq parranda fabrikasi qurilmasidan avval ham bo‘lgan va aholi o‘z uylarining rasmiylashtirilmay qolganida mahalliy hokimiyat idoralarini ayblamoqda.

"Ularga hech kim aytmagan, qishloq aholisida! Lekin, hokimiyat kelib aytishi kerakmasmi, axir?! Hozir endi quruq yer berib, uylarini buzib tashladi. To‘g‘ri, tumandan o‘qituvchi (? - Tahr.) va soldatlar kelib, uyidan chiqqan g‘ishtini tekinga tashib berayapti. Lekin, shu bilan uy qurish mumkinmi?! Buning ustiga bog‘lar, issiqxonalari bor edi qishloqdagilarning, hovlilari keng-keng edi", deya hokimiyat javobiga munosabat bildirdi kogonlik manba.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, Kari qishlog‘idagi 15 tadan ortiq uyda 20 dan ortiq oila istiqomat qilgan va aholi soni 100 ga yaqin bo‘lgan. 2011 yildagi voqeadan so‘ng o‘ndan oshiq xonadonga yer uchastkasi berilgan va ayrim oilalar uylarini qurib bo‘lishgan. Ammo, Kari qishlog‘i ahli ko‘chishni istamay kelgan, chunki, hozir yashab turgan uchastkalarida kamida 15-20 sotixdan yer maydoni, bunyod qilingan bog‘ va ayrim xonadonlarning issiqxonalari ham bor.

Ozodlik manbasi va tuman hokimligidan olingan javoblar mazmunidan, qishloq ahlining bu hududda yashashi va uylar qurishiga sobiq sovet davrida - 1970 yillarda parranda fabrikasi rahbariyati tomonidan ruxsat berilgan. Sobiq sovet ittifoqi qulagach, fabrika va zavodlar ishchilari uchun ajratilgan uylar, aksariyat hollarda, ishchilarga xatlab berildi. Ammo, aftidan Kari qishlog‘i aholisi mustaqillik yillarida e’tibordan chetda qolib ketgan ko‘rinadi.

2011 yilga kelib, birdan qishloq eriga ehtiyoj sezilgan va natijada, oilalarni bu hududdan chiqarib yuborishga erishgan "Buxoro naslli parranda"​ ochiq aksiyadorlik jamiyatidan hozircha ma’lumot olishning imkoni bo‘lmadi.

Bu tashkilot Buxoro viloyatidagi yirik parranda fabrikalaridan biri hisoblanadi va kuniga 50 ming donaga qadar tuxumni sotuvga chiqaradi.

XS
SM
MD
LG