Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:52

Bosh vazir Mirziyoev rayonlar sonini bittaga kamaytirishi mumkin


Qo‘shrabotning Nurotaga tutash qishloqlari aholisi¸ Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ "svet va gaz o‘chmaydigan" Navoiy viloyatiga qo‘shilish ehtimolidan xursand.
Qo‘shrabotning Nurotaga tutash qishloqlari aholisi¸ Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ "svet va gaz o‘chmaydigan" Navoiy viloyatiga qo‘shilish ehtimolidan xursand.

Hozircha rasman ochiqlanmayotgan hukumat rejasiga muvofiq¸ Bosh vazir qahriga uchragan Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumanining yarmi Ishtixon¸ yarmi esa¸ Navoiy viloyati Nurota tumaniga qo‘shib berilishi mumkin. Qo‘shrabotliklar orasidagi asosiy mavzuga aylangan bu ehtimoldan qattiq tashvishga tushganlar ham¸ ayni paytda¸ gaz va svet o‘chmaydigan Navoiyga qo‘shilishni orzu qilaëtganlar ham anchagina.

Ozodlik bog‘langan Samarqand va Navoiy viloyati hokimligi rasmiylari hozircha Qo‘shrabot tumanining tarqatilib¸ uning hududini ma’muriy jihatdan ikki qo‘shni viloyat o‘rtasida taqsimlashga oid rasmiy qaror yoki farmon yo‘qligini bildirdi.

Ayni paytda¸ jarayondan bevosita xabardor Ozodlik manbasiga ko‘ra¸ bundan ikki hafta avval Qo‘shrabot tumaniga prezident apparati va viloyat hokimligidan maxsus guruh kelgan. Rayon rahbariyati¸ shuningdek¸ oqsoqollar bilan uchrashgan bu “kurator”lar suhbatlardan muddao rayonni tugatish ehtimolini o‘rganish ekanini aytmagan.

“Qanday qilsak xalq yaxshi yashaydi¸ Urganji bilan Jo‘sh qishloqlarini Nurotaga yaqinligi qanaqa¸ degan gaplarni qilishdi. Lekin bilishimizcha¸ rayonni tugatish haqida hujjat to‘plash boshlangan. Hatto Qo‘shrabot hokimligidagilarga ham aytishmayapti buni”¸ deydi Samarqand hokimiyat tizimlariga yaqin manba.

Qo‘shrabot tuman hokimligi rasmiy saytidagi ma’lumotga ko‘ra¸ 1978 yilda tashkil topgan ushbu tumanning umumiy maydoni 3¸5 ming kvadrat kilometr¸ aholisi soni 110 ming (2012 yil yanvariga qadar). Qo‘shrabot markazidan Nurota tuman markaziga qadar masofa 90 kilometr¸ Ishtixon markazigacha esa 66 kilometr.

Tashkil topganidan 10 yil o‘tib¸ Qo‘shrabot tumani 1988 yil oktyabrida tugatilib¸ Nurota va Ishtixonga qo‘shib berilgan.

Qo‘shrabotning birinchi tugatilish jarayonidan yaxshi xabardor mahalliy o‘qituvchilardan birining aytishicha¸ “minglab odam Toshkentga qatnab¸ tinimsiz yozib¸to‘polon qilib 1989 yil mayida yana Qo‘shrabotni qayta tiklab olgan”.

- Xalq o‘shanda toza qiynaldi. Bitta spravka uchun 100 kilometr yurib¸ Nurotaga borardi. Qancha odam xonavayron bo‘ldi. Odamlarning esidan chiqqani yo‘q o‘sha kunlar¸ deydi qo‘shrabotliklardan biri.

Tuman hokimligiga yaqin manbaning aytishicha¸ Qo‘shrabot yana tugatilarmish¸ degan gap yangidan chiqqandan beri¸ tuman aholisi orasida notinchlik boshlangan.

“Odamlar bizni yana Ishtixon bilan Nurotaga haydaydimi deb noliyapti. Hokimiyatdagilar hozircha¸ bunaqa gap yo‘q¸ deb odamlarni yolg‘ondakam tinchlantirib turipti. Lekin bu gaplarning tagida yaxshigina jon bor. Shunaqa ish ketayapti”¸ deydi mahalliy hokimiyatga yaqin manba.

Qo‘shrabot Nurota va Ishtixondan qaytarilib¸ yana alohida tuman deb e’lon qilinganidan 27 yil o‘tib¸ nega aynan shu tumanni tarqatishning kun tartibiga tushganini izohlagan Ozodlik manbasiga ko‘ra¸ bu g‘oyani dastlab Bosh vazir Shavkat Mirziyoev po‘pisa sifatida tilga olgan:

“2012 yilda Bosh vazir selektor yig‘ilishida Qo‘shrabotning ko‘rsatkichlaridan jahli chiqib¸ senlarni rayon-payoning bilan tugatib¸ Xatirchiga qo‘shib yuboraman¸ degandi. O‘shanda rayon rahbariyati qattiq qo‘rqqandi. Lekin keyin Shavkat Miromonovich jahlidan tushib¸bu narsa bosdi-bosdi bo‘p ketgandi. Qo‘shrabotning ko‘rsatkichlari Samarqand viloyatidagi rayonlar ichida juda yomon emas¸ buni toshkentdagilar ham yaxshi biladi¸ deydi qo‘shrabotlik Ozodlik manbasi.

Hokimiyatga yaqin mazkur manbaning ta’kidicha¸ hozirda hukumat Qo‘shrabot tumanidagi yettita qishloq fuqarolari yig‘inidan beshtasini Ishtixonga¸ Urganji va Jo‘sh qishloq fuqarolar yig‘inlarini esa¸ Nurotaga qo‘shib yuborish rejasini tuzmoqda va bu rejani Toshkentda o‘tkazishga urinaëtgan asosiy shaxslardan biri Navoiy viloyati hokimi Erkin Turdimovdir.

“Bilasizmi-yo‘qmi¸ Navoiy viloyati hokimi Turdimov asli qo‘shrabotlik¸ Jo‘sh qishlog‘idan. Shu odam Shavkat Miromonovichga¸ Urganji bilan Jo‘shni menga bersangiz¸ suv chiqarib¸ dashtni obod qilaman¸ u erda dehqonchilikni rivojlantiraman¸ xalqni u qilaman¸ bu qilaman¸ degan. Hozirgi ishlarning orqasida shu odam turipti”¸ deydi hokimlikka yaqin manba shaxsi sir qolish sharti bilan.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ Toshkent bu reja ustida yashirin ish olib boraëtgan bir paytda¸ Qo‘shrabotni saqlab qolishni xohlovchilar ham¸ uning Ishtixon va Nurotaga qo‘shib yuborilishini istaëtganlar ham gizli hozirlikni boshlagan.

“Shu kunlarda Qo‘shrabot tuman hokimiyati tomonidan ayrim hududlar oqsoqollaridan shu tumanda qolamiz¸ degan tilxat olinmoqda. Nega oqsoqollar bunaqa tilxat yozayotganiga hayronman. Chunki Navoiyga qarar ekanmiz¸ degan gap chiqqanda odamlar xursand bo‘lgan edi. Har holda¸ qo‘shni Nurota tumanida tok juda yaxshi¸ bizda esa¸ kuniga 3-4 soatdan oshmaydi. Navoiy viloyat hokimi Erkin Turdimov bu tumanni qaramog‘iga olib¸ o‘rmon xo‘jaliklari tashkil qilmoqchi. Hozirda Nurota tumanida 1000 gektardan ziyod o‘rmon xo‘jaligi bor¸ aholining turmush tarzi yaxshi. Necha yildan beri Nurota tumaniga chegaradosh yigirmadan ziyod qishloq odamlarining barchasi Nurota tumaniga havas bilan boqishadi”¸ deb ëzdi Ozodlikka Qo‘shrabotning Nurotaga tutash hududida yashovchilardan biri.

Ayni paytda¸ Qo‘shrabotning saqlanib qolishi uchun taraddud boshlaganlardan biri¸ “agar xalq ichida ochiq so‘rov o‘tkazsa¸ ko‘pchilik Nurotasigayam Ishtixonigayam qo‘shilmaymiz deb ovoz beradi. Garantiya beraman. Qo‘shrabotga kelib¸ sizlarni tugatamiz¸ deganning ëqasidan oladiganlar qancha. Xalqni notinch qilishning nima keragi bor hozir”¸ deydi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda.

XS
SM
MD
LG