Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 02:47

Pokistonda model qiz bilan selfiga tushgan mufti tanqidga uchradi


Model Qandil Baloj mufti Abdul Qaviy bilan
Model Qandil Baloj mufti Abdul Qaviy bilan

Ijtimoiy tarmoqlarida tanilgan 26 yashar model Qandil Baloj mufti Abdul Qaviy bilan birga tushgan surati, videosini e’lon qilgach, bir necha kun ichida misli ko‘rilmagan shov-shuv qahramoniga aylandi. Suratlar ortidan mufti Abdul Qaviy Pokiston Din ishlari vazirligi so‘rovi bilan "Ruhiyati Hilol" qo‘mitasi a’zoligidan chiqarildi. Uning Qandil bilan uchrashuvi mahalliy matbuotning sensatsion mavzuiga aylandi.

Qandil Baloj ijtimoiy tarmoqlarda tarqatgan biroz ochiq suratlari bilan tanilgan yoshgina modeldir. O‘z vaqtida Assosshieyted Press agentligi uni AQShda tanilgan model Kim Kardashianga qiyoslagan edi.

Qandil 21 iyun kuni Instagram tarmog‘ida pokistonlik din arbobi - mufti Abdul Qaviy bilan tushgan surati va videosini e’lon qildi. Suratlardan birida Qandil muftining bosh kiyimini kiyib olgan holda, videoda esa mufti o‘tirgan divanning qo‘ltig‘iga o‘tirib olgan holda aks etgan.

Qisqa muddat ichida bu suratlar tarmoqda tarqalib ketdi va qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Birovlar muftini Ramazon oyida nomahram qiz bilan uchrashgani uchun qoralasa, boshqalar Qandilni tanqid qila boshladi.

Natijada, Pokiston matbuotiga intervyu bergan model Qandil Baloj uni mufti iftorlik uchun mehmonxonaga taklif qilgani va bunga qadar ham bir necha bor shunday taklif tushganini da’vo qildi. Uning iddaosicha, muftidan diniy bilim olish maqsadida uchrashuvga rozi bo‘lgan, ammo mufti uni nikohiga olish niyatini bildirgan, hatto, tegajog‘lik ham qilgan.

Mufti Abdul Qaviy esa, aksincha, bu iddaolarning hammasini inkor qilib, Qandilning o‘zi u bilan uchrashish va Islom haqida ta’lim olish istagini bildirganini da’vo qildi.

Mufti: "Men Qandil bilan uning talabi asosida uchrashdim va uchrashuvga ham u ro‘za tutishi, kundalik ibodatni bajarishini va’da qilgachgina rozi bo‘ldim", deb ta’kilamoqda.

Pokiston telekanallari ikkovlovning o‘zaro aytishuvlarini namoyish qilarkan, mamlakat Din ishlari vazirligi bu ulamoni "Ruhiyati Hilol" qo‘mitasi a’zoligidan chiqarib turishga qaror qildi. Bu qo‘mita mamlakatda islomiy taqvim bo‘yicha oy boshini belgilab beradigan idoralardan biridir.

Jumladan, Pokistondagi Express Tribune nashriga intervyu bergan "Islom ulamolari jamoati" partiyasi a’zosi, senator Hafiz Hamidulloh: "Agar biz mufti Qaviyni "Ruhiyati Hilol" qo‘mitasi a’zoligida qoldirsak, u holda bu qo‘mitaga Qandil Balojni ham a’zo qilib olishmiz mumkin", deya keskin tanqidiy bayonot berdi.

Qandil Baloj esa matbuotdagi selfi mojarosi ortidan ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida muftini qoralovchi bayonotlarni qoldirmoqda. Facebook tarmog‘idagi sahifasida qoldirgan so‘ng bayonotlaridan biri u: "Do‘stlar, soxtakor kishilar, din nomidan sizni aldab, ikkiyuzlamachilik qilganlardan ogoh bo‘ling! Bunday kishilar din haqida odamlar orasida noto‘g‘ri tasavvur qoldirmoqda", deb yozdi.

26 yashar pokistonlik Qandil Baloj, asosan, ijtimoiy tarmoqlarda tanilgan modeldir. So‘ng bor u Pokistonning kriket bo‘yicha terma jamoasi jahon chempionligini olsa, yarim yalang‘och holda raqs tushishni va’da qilgan. Pokiston jamoasi g‘alaba qozonolmadi va Qandilning va’dasini bajarishiga hojat ham qolmadi.

Mufti Abdul Qaviy ham ziddiyatli fatvolari bilan Pokistonda tanilgan ulamolardan biridir. So‘nggi bor uning jinsiy maylni qondirish uchun qisqa muddatli nikoh qilish mumkin, ammo musulmon kishining birga yashaydigan xotini bitta bo‘lishi kerak, mazmunidagi fatvosi shov-shuv bo‘lgan edi.

Darvoqe, bu mufti bunga qadar ham Pokistonda tanilgan boshqa bir modelni "shariat yo‘liga qaytarishga uringan", o‘shanda ham model bilan o‘rtasida mojaro chiqqan.

XS
SM
MD
LG