Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:36

Istanbuldagi aeroportga hujum ortidan bugun Turkiyada milliy motam kuni


Istanbulning Otaturk aeroportiga bomba hujumlari ortidan Turkiyada bir kunlik motam e’lon qilindi. Turk rasmiylari uchta xudkushlik hujumi qanday qilib sodir etilganini aniqlashga harakat qilmoqda. Hujumlarda bombachilardan tashqari kamida 41 odam o‘lgan, 239 kishi yaralangan.

Intihoriy hujumchilar, hukumat rasmiylari talqiniga ko‘ra, Otaturk aeroportiga taksida kelib, avval avtomat qurollardan o‘t ochgan va so‘ngra o‘zlarini portlatib yuborgan.

Bir turk mulozimining Reuters axborot agentligiga ma’lum qilishicha, xavfsizlik kuchlari hujum vaqti va tafsilotini aniqlash maqsadida videokamera qaydlarini ko‘zdan kechirmoqda va guvohlar bilan suhbatlashmoqda.

"Bu bir topishmoqqa o‘xshaydi, " deb aytgan turk mulozimi.

Istanbul hokimiyatiga ko‘ra, halok bo‘lganlar orasida 13 nafar xorij fuqarosi, jumladan 1 nafar o‘zbekistonlik bor.

Turkiya bosh vaziri Binali Yildirimning aytishicha, "aftidan hujumni “Islomiy davlat” amalga oshirgan".

Ekstremist guruh Turkiyaga davomli tahdid qilib keladi.

Turkiyada so‘nggi vaqtlarda xudkush bomba hujumlari tez-tez yuz berib turibdi.

Bunday hujumlar ko‘lamining kuchayib borayotgani turizmdan katta daromad ko‘ruvchi Turkiya iqtisodiyotiga kuchli zarba bermoqda.

NATO a’zosi bo‘lgan Turkiya “Islomiy davlat” guruhiga qarshi kurashayotgan AQShning asosiy sheriklaridan hisoblanadi.

Yaqin Sharqdagi bu mamlakat yirik hududlari “Islomiy davlat” nazorati ostida bo‘lgan Suriya va Iroq bilan uzun va to‘liq nazorat qilinmaydigan umumiy sarhadlarga ega.

Turkiya hukumati hozirgacha sodir etilgan qator hujumlar uchun “Islomiy davlat”ni ayblagan edi.

Истанбул ҳужуми: Бир ўзбекистонлик ўлди, яна тўрт ўзбек жароҳатланди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:56 0:00

Shu paytgacha amalga oshirilgan hujumlar ortidan Turkiya hukumati aeroportlar va chegaralarda nazoratni kuchaytirgan, jangarilikda gumon qilingan minglab xorijliklarni deportatsiya qilgan, ammo ekstremizm tahdini bartaraf eta olgani yo‘q.

Turkiya bosh vaziri terrorizmga qarshi mujodalada milliy birlik va “global hamkorlik”ka chaqirdi.

"Bu (hujumlar) terrorizmning global tahdid ekanini yana bir bor ko‘rsatdi, - dedi Benali Yildirim. - Bu jirkanch, rejali hujum begunoh insonlarni hadafga oldi."

Istanbuldagi Otaturk aeroporti o‘tgan yili dunyoning 11chi yirik aeroporti deb topilgandi.

Xalqaro Aeroportlar Kengashi ma’lumotiga ko‘ra, Istanbul aeroportidan o‘tgan yili 61,8 million yo‘lovchi foydalangan.

U shuningdek dunyoda tez rivojlanayotgan aeroportlardan biri hisoblanadi. Birgina o‘tgan yilning o‘zida 2014 yilga qiyos qilinganda yo‘lovchilar adadi 9,2%ga ortgan.

XS
SM
MD
LG