Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 05:52

Rossiyada o‘zbek qochqini qo‘lga olindi va ozod etildi


O‘zbekistonlik qochqin O‘rinboy Ergashev Rossiyada birinchi marta qo‘lga olinayotgani yo‘q.
O‘zbekistonlik qochqin O‘rinboy Ergashev Rossiyada birinchi marta qo‘lga olinayotgani yo‘q.

6 sentyabr kuni Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida andijonlik O‘rinboy Ergashev hibsga olinib, so‘ngra ozod etildi. Bir yildan buyon qochqinlik maqomini so‘rayotgan O‘rinboy Ergashev O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari tomonidan qidiruvga berilgan.

6 sentyabr kuni Rossiyaning bir qancha axborot agentliklari tomonidan “terrorchi” deb aytilayotgan 53 yoshli O‘rinboy Ergashev Interpol xodimlari tomonidan Sankt-Peterburg shahrida qo‘lga olingan.

Uning advokati Olga Tseytlinaga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasi Oliy sudi O‘rinboy Ergashevni O‘zbekistonga ekstraditsiya qilish haqida qaror chiqargan.

- Uning 6 sentyabr kuni ushlangani ekstraditsiya haqidagi Oliy sud qarori kuchga kirganligi bilan bog‘liq. Yevropa sudi qaroriga ko‘ra, O‘rinboy Ergashev O‘zbekistonga ekstraditsiya qilinishi ma‘n etilgan. Shuning uchun uni ozod qilishdi, dedi O‘rinboy Ergashevning himoyachisi.

Olga Tseytlina ayni paytda o‘z himoyasi ostidagi O‘rinboy Ergashevning ahvoli qoniqarli ekanligini aytdi.

Himoyachi O‘rinboy Ergashevni O‘zbekistonga berib yuborilishining oldini olish borasidagi Yevropa sudiga bergan arizasi qondirilishiga ishonadi.

- Biz bu ishni Yevropa sudida yutamiz, chunki O‘zbekistonga diniy jinoyatlar qilganlikda ayblanganlarni ekstraditsiya qilish ta‘qiqlangan, dedi O‘rinboy Ergashevning himoyachisi Olga Tseytlina.

Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa tumaniga qarashli Ma‘murobod qishlog‘idan bo‘lgan 53 yoshli imom O‘rinboy Ergashev Andijon voqealaridan so‘ng dindorlarga bo‘lgan ta‘qiblardan qochib Rossiyaga kelgan.

2009 yildan beri O‘rinboy Ergashev bir necha bor Toshkent so‘roviga ko‘ra Sankt-Peterburgda hibsga olingan.

Unga O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 159-, 244-moddalari bo‘yicha "Konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilganlik", "Diniy tashkilotlar tuzganlik, ularga rahbarlik qilganlik" kabi bir qancha ayblovlar qo‘yilgan.

Ergashevning o‘zi diniy ekstremistik tashkilotlarga aloqasi bo‘lganini qat‘iyan inkor etib kelmoqda.

Rossiyalik huquq faoli Yelena Ryabininaga ko‘ra, O‘rinboy Ergashev 90-yillar o‘rtalarida bedarak yo‘qolgan andijonlik taniqli imom Abduvali qori Mirzayevning tarafdorlaridan biri bo‘lgani uchun ta‘qibga uchragan va faqat diniy qarashlari sababli qidiruvga berilgan.

2009 yil aprelida O‘rinboy Ergashev Sankt-Peterburgda Rossiya Federal muhojirlik xizmatiga qochqinlik maqomini so‘rab murojaat qilgan.
XS
SM
MD
LG