Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:37

Marhum mahkum haqqini kim himoya qiladi?


37 yoshli Shavkat Alimxo‘jayev O‘zbekiston qamoqxonalaridan o‘ligi kelayotgan mahbuslarning navbatdagisi bo‘ldi.
37 yoshli Shavkat Alimxo‘jayev O‘zbekiston qamoqxonalaridan o‘ligi kelayotgan mahbuslarning navbatdagisi bo‘ldi.

Navoiydagi qamoqxonadan jasadi kelgan mahbusning onasi toshkentlik Nasiba Alimxo‘jayeva bilan suhbatni hafta boshida e‘tiboringizga havola qilgan edik. O‘zbekistonda qamoqxonadan mayyit chiqishi tez-tez uchraydigan hodisaga aylanib qolgan va Nasiba opa kabi boshiga kulfat tushganlar takror-takror tilga oladigan savollarga javob topishga urindik.


O‘zbekistondagi inson huquqlari faollari kuzatuvlariga ko‘ra, mamlakatdagi 55ta jazoni o‘tash muassasalaridan har oyda 20ga yaqin mahbusning jasadi chiqadi.

Asosan Sangorod, Navoiy, Qarshi va Jasliq qamoqxonalaridagi mahbuslar orasida o‘lim hollari ko‘p uchraydi va o‘zbekistonlik huquq faollari to‘plagan ma‘lumotlarga ko‘ra, qamoqdan o‘liklari chiqayotganlarning ko‘pchiligi diniy ayblovlar bilan qamalgan mahbuslardir.

Mahkumlar o‘limi sabablari borasida ham o‘zbekistonlik kuzatuvchilar deyarli yakdil xulosada — sil kasali va qiynoqlar.

Ozodlikka ma‘lum bo‘lgan holatlarning aksariyatida esa, marhumlarning yaqinlari ularning qamoqdagi qiynoqlar oqibatida o‘lgani haqida so‘zlashadi.

Shunday hollardan biri Navoiy qamoqxonasida jazo o‘tayotgan 37 yoshli o‘g‘li Shavkat Alimxo‘jayevning jasadini tuproqqa qo‘ygan toshkentlik Nasiba Alimxo‘jayevaning murojaatini sizga 6 sentyabr kuni havola qilgan edik.

Nasiba Alimxo‘jayeva bunday hollarda marhumlarning yaqinlarini qiynaydigan savollarni tilga oldi.

- Menga hozir prosto alam qilayotgani nima uchun o‘ldirishdi, nima uchun qilishdi bilmayman. yozdim shuni upravleniyega. Hech qaysinisi quloq solmadi, - deya kuyinadi Nasiba Alimxo‘jayeva.

Farg‘onalik inson huquqlari faoli Abdusalom Ergashev qamoqxonadan jasadi kelgan mahbuslarni dafn etish marosimida ko‘p bor ishtirok etgan. Qamoqxonadan keltirilgan jasad huquq-tartibot idoralari zug‘umi va kuzatuvi ostida hech bir tekshiruv-surishtiruvsiz ko‘mib yuborilganiga ko‘p bor guvoh bo‘lgan.

U kishi qarindoshining jasadi qamoqxonadan kelgan oilalarga juda cheklangan bo‘lsa-da, yuridik jihatdan yordam berishi mumkin bo‘lgan bir necha holatlarni tilga oldi.

Birinchi galda, uyga keltirilgan marhumning tanasidagi qiynoq alomatlarni tasdiqlovchi dalillarni yig‘ish lozim. Juda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan dalillar marhumning o‘limi haqidagi guvohnoma, fotosurat, tibbiy ekspertiza xulosasidir.

Odatan, 2 yohud 3 nafar kuzatuvchi — qamoqxona xodimi, ichki ishlar organlari xodimi va mahalliy hokimiyat idoralari vakillaridan iborat, ba‘zan esa, yuvg‘uchiyu go‘rkovni ham o‘zi bilan olib kelgan guruh o‘lim haqidagi guvohnomani taqdim etishi shart. Ammo, marhum tanasini ko‘zdan kechirish, uni suratga olishga imkon bermaydi.

Bunday hollarda, deydi Abduslom Ergashev, guvohlar ko‘rgazmalarini yig‘ishga urinish lozim.

- Umuman rasmga oldirishmayapti, deylik. Shunday hollarda bitta oila a‘zolaridanmas qo‘ni-qo‘shnilaridan guvoh olish kerak. Ularning og‘zini yopa olmaydiku. “Mana bu yerini ko‘rayapsizlarmi? Mana bu iz nimaniki qo‘shnilar?”, deb nima qilinsa, bu bitta oilaning iddaosi bo‘lmaydida. Bu guvohlik advokatga berilsa, advokat qanaqa qilib ishlatishni biladi,- deydi Abdusalom Ergashev.

Yana bir muhim masala marhum tanasidagi alomatlarni farqlay bilishdir.

Huquq faoli odatan, musibatda qolgan oilalar mahbusni ko‘rgan zahotiyoq uning ko‘kargan, kesilgan joylari qiynoq alomati, degan chalg‘ituvchi gumonga borishini aytadi.

- Kelgan o‘lik oq matomi, boshqa matogami o‘rab yoki bir to‘shakka o‘rab kelingan bo‘lsa, albatta o‘ralgan matoda qon bo‘ladi. Keyin ko‘karib ketgan bo‘ladi juda ko‘p paytda. Birinchi o‘rinda hayolga keladigan narsa “mana urib o‘ldirilibdi, qiynab o‘ldirilibdi”, deydida. Aslida inson joni uzilgandan keyin vskritiye bo‘ladi. Juda ko‘p a‘zolaridan gestologiya uchun namuna olinadi. Juda ko‘p joyida qon tomirlari kesiladi. Kesilgan tomirlar, albatta qaytarib tikib qo‘yilmaydi. Undan keyin o‘likning ichiga qon to‘lib sekin tashqariga chiqishni boshlaydi. Uzoq masofadan kelayotganda esa o‘rindiqqa yoki avtomobil poliga qo‘yib olib kelinadi. U esa kelguncha urilib, zaxa yeydi. Zaxa yegan joylari ko‘karib gemotoma deydi, qon to‘planib, qorayib qoladi. Bu ham birinchi o‘rinda kaltaklangan, degan shubhaga olib keladi,- deydi huquq faoli.

Ya‘ni, tanadagi ko‘kargan nuqtalar garchi haqiqatda ham qiynoq alomatlari bo‘lsa-da, marhum qiynoqdan o‘lgan, degan da‘voga dalil bo‘la olmaydi, deya xulosa qiladi Abdusalom Ergashev.

Bundan tashqari, Nasiba Alimxo‘jayeva hikoyasida tilga olingan yana boshqa alomat — bosh chanog‘ining ochilgani ham tibbiy tekshiruvning natijasi bo‘lishi mumkin.

Ammo, bunday alomatlarning barchasi qo‘shimcha tekshiruvni talab qilishga asos bo‘ladi. Shu bois, bunday alomatlarni yig‘ish bilan cheklanib qolmay, darhol qo‘shimcha tekshiruvni talab qilish lozim, deya tavsiya qiladi huquq faoli.

Qo‘shimcha tekshiruvda jasad ko‘milmasdan turib, uni ochish va ichki a‘zolaridan namunalar olinadi.

- Albatta, ko‘pincha oilalar diniy nuqtai nazardan bunga rozi bo‘lmaydi. Rozi bo‘lsa ham huquq-tartibot idoralari bunga imkon bermaydi va odatan, shomga yaqin yohud kechasi olib kelingan jasad islom qoidalari hamda mahalliy huquq-tartibot idoralari qistovi bilan zudlikda ko‘mib yuboriladi,- der ekan Abduslom Ergashev bundan keyingi va so‘nggi imkoniyat eksgumatsiya ekanini aytadi.

O‘zbekiston qonunlari doirasida eksgumatsiya marhumning oila-a‘zolari roziligi bilan amalga oshiriladi.

- Oila-a‘zolarning roziligi bo‘lishi kerak, qarindosh-urug‘larining. Xalqaro normalarda bunaqa cheklov yo‘q. Bizda shu cheklov bor. Yaqinlarining roziligi kerak. Mentalitetdan kelib chiqib, deyilgan. O‘zlari rozi bo‘lgandan keyin esa, prokuraturaga murojaat qilish kerak. Komissiya tuziladi. Asosan, kechqurun eksgumatsiya qilinadi. O‘zim ko‘p bor ishtirok etganman. Qabriston militsiya kuchlari tomonidan o‘raladi birov kirmasin deb. Juda dahshatli narsayu, jasad ezilib, buzilib ketgan bo‘ladi ko‘p hollarda. O‘sha yerning o‘zida yana o‘sha gestologiya uchun namunalar olinadi, ko‘zdan kechiriladi,- deydi huquq faoli.

Abdusalom Ergashev shu yo‘l bilan, bosqichma-bosqich haqiqatni yuzaga chiqarish mumkin, deb hisoblaydi.

Farg‘onalik dindor Husanboy xoji Navoiy qamoqxonasidan kelgach vafot etgan bir farg‘onalik tarixini eslaydi.

- Hamid Hasanov, degan odam taniqli tadbirkor Alisher Hasanovning akasi edi. Qamoqda jazosini o‘tayotganda urishgan va oshqozonini yorib tashlashgan. Sanchastga yotqizib operatsiya qilishgan. Keyin sal tuzuk bo‘lsa, zonaga qaytargan. U yerda yana urishgan va shu ahvolda uch marta operatsiya bo‘lgan. Qarasaki bo‘lmaydi. Ahvoli juda og‘ir. Zona xodimlari kelib qo‘lidagi kishanni yechib, 26 ming pul berib, “bu endi ozod bo‘ldi”, degan. Alisher Hasanov akasining dardida kuyib-yonib qaratmagan doktori qolmadi, ammo, iloji bo‘lmadi. Akasi o‘ldi. Keyin sudga murojaat qilgan. Navoiy shahar, Navbahor rayonining sudi ko‘rib chiqqan. Xo‘jamov degan sudning raisi ekan. Jarayonda ko‘p boshqa ishlar ham ochilib ketib qolibdi. Shunaqa qilib ularga moddiy zarar uch millionni javobgarlardan undirib bularning uyiga yuborishgan. U yerda juda ko‘p odamga jazo qo‘llagan, bir-ikkitasini bo‘shatgan ham, deyishadi,- deydi farg‘onalik Husanboy xoji.

Ammo u bu har kimning ham qo‘lidan keladigan ish emas, deb qo‘shib qo‘yadi.

Sudyalar bilan tortishib haqiqatga erishish uchun sabr, kuch-quvvat, moddiy imkoniyat va bilim kerak.

Qamoqxonadan jasadi kelgan mahbuslar yuz foiz holatlarda erkaklardir. Ularning vafotidan keyin haqiqatni tiklash ishlari esa bolalarini bag‘riga bosib boquvchisiz qolgan ayollar yohud musibatdan qaddi bukilgan keksa ota-onalarga qoladi.

- Talab qilsa bo‘ladiyu, lekin bular ayollarda. yozishmaydi ular. yozishsa, yugurishsa, natijasi bo‘ladi. Hamma narsani Xudodan, deb bilib 85 foizi yozmaydi. Yozilgani, haqiqatni talab qilingani yaxshi. Xo‘jamovga o‘xshagan sudlar bo‘lsa, jazolaydi.

O‘zbekistonlik kuzatuvchi mamlakat sudyalariga ham bunaqa ishlar hisobot uchun kerak, bundan tashqari, tekshir-tekshirlardan qo‘rqqani bois, dallilar yaqqol ko‘rinib turgan ishlarda haqiqat tomonga egilishga ba‘zan majbur bo‘lishadi, deb hisoblaydi.

Abdusalom Ergashev ham shu fikrni quvvatlar ekan, e‘tiqodi uchun qamalgan va qamoqda ham e‘tiqodi uchun qiynoqqa solinib, nobud bo‘lgan mahbuslar haqqini himoya qilish paytida chiqargan xulosasini aytadi.

- Birinchi o‘rinda qo‘rquvda. Kel, deydi, akamiz o‘libdi, qolgan 10 ta ukam tirikku, Xudo shularning umrini bersin, deydi. Biz urinamiz. Rosa urinib, bir natijaga yetgan joyimizda xiyonat qilishadi, tashlab ketishadi qarindosh-urug‘i. “Yo‘q, bizga bo‘ldi”, deyishadi. Nega bunaqa deganini esa bilamiz va “qop-qora” bo‘lib qolaveramiz. Aytishadiki¸ sizlar atayin vahima ko‘tarasizlar¸ boshqa qilasizlar, deb. Murojaat qilsa¸ qonuniy murojaat qilsa bo‘ladi. Bir marta uringanda bo‘lmasa¸ yana qaytib murojaat qilish kerak. Bitta odam o‘zidan o‘zi o‘lib ketavermaydiyu qamoqdami, boshqa joydami, qayerda bo‘lsa ham. Bu bir tirik insonning umriku!
XS
SM
MD
LG