Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:49

Gulnora Karimova O‘zbekistonning eng baxtiyor ayolimi?


O‘nlab jamoat va xayriya tashkilotlarining boshqaruvchisi bo‘lgan Gulnora Karimova¸ G‘arb zodagonlarining xayriya tadbirlarida ham faolligi bilan nom chiqargan.
O‘nlab jamoat va xayriya tashkilotlarining boshqaruvchisi bo‘lgan Gulnora Karimova¸ G‘arb zodagonlarining xayriya tadbirlarida ham faolligi bilan nom chiqargan.

Dunyodagi eng saxiy inson¸ ya‘niki zamonaviy Hotamtoy kim? O‘zbekistondachi? Bu hotamtoylarning boshqalarga xayriya qilayotgan pullari qaydan kelib¸ qayga ketmoqda? Keyingi kunlar ichi bir-birdan ayri holda sodir bo‘lgan uch voqeadan qizil chiziq bo‘lib o‘tgan bir so‘z bu alohida hodisalarni bir ipga tizib¸ ular mohiyatiga nazar tashlashga undadi.


8 senyabr kuni jahon ommaviy axborot vositalaridagi shov-shuvli yangilik dunyodagi dunyoning katta boylaridan biri Jorj Sorosning jahon bo‘ylab inson huquqlari himoyasi bilan shug‘ullanib kelayotgan Hyuman Rayts Uotch (Human Rights Watch ) tashkilotiga 100 million dollar xayriya qilgani haqidagi xabar bo‘ldi.

Jorj Soros yillardan beri dunyodagi eng badavlat shaxslar ro‘yxatining tepasidan tushmay kelayotir.
Jorj Soros yillardan beri dunëdagi eng badavlat shaxslar ro‘yxatining tepasidan tushmay kelayotir.
- Bu kelasi 10 yil davomida har yili 10 million dollardan deganidir. Hyuman Rayts Uotch Yevropada kuchli zaminga ega¸ ammo men ularning Lotin Amerikasi va Osiyoda ayni shunday zamin barpo etishlarini istayman¸ dedi 7 senyabr kuni Royters muxbiri bilan suhbat davomida taniqli moliyachi.

Bu qarori bilan Ochiq jamiyat institutining turli jamg‘armalariga yiliga 100 milliondan ortiq pul sarflab kelayotgan Soros¸ bir tashkilotga¸ bir maqsad uchun eng katta xayriya qilgan jahon metsenatlaridan biriga aylandi.

Diqqatimizni tortgan voqealarning ikkinchisi¸ 27 avgust kuni Soros o‘tirgan Nyu Yorkdagi ofisdan minglab chaqirim masofada - Toshkentning Milliy san‘at markazida bo‘lib o‘tdi.

“Fond Forum¸ “Ayollar kengashi” RJB¸ “Mehr nuri” jamg‘armasi hamda Ijtimoiy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash fondi tomonidan Homiylar va hotamtoyilar uchun hisobot kechasi tashkil etilib¸ unga tashrif buyurgan xalqaro mahalliy jamoat tashkilotlari¸ biznes olami vakillari¸ sanoat korxonalari¸ savdo va farmatsevtika kompaniyalaridan 150 nafarga yaqin vakilga Gulnora Karimovaning ehtirom va tashakkur izhor etilgan diplomlari topshirildi”¸ deb yozdi tilga olmoqchi bo‘lganimiz ikkinchi voqea haqida Fond Forum o‘z saytida.

Sodda qilib aytganda¸ prezident Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova¸ o‘zi boshqaradagigan har xil xayriya jamg‘armalariga xayriya qilganlarga Hotamtoy degan yorliq taqdim qildi va ularni keyingi saxiyliklarga rag‘batlantirdi.

Va nihoyat¸ 8 senyabr kuni Xayriya yordami jamg‘armasi deb atalgan tashkilot “Jahon beruvchilari reytingi”(The World Giving Index)ni e‘lon qildi. Gallup markazining 153 davlatda yashovchi 195 00 odam ishtirokidagi so‘roviga asoslangan tadqiqotga ko‘ra¸ boshqalarga pul xayriya qiladiganlar¸ o‘z vaqtini boshqalar foydasiga beg‘araz sarflaydiganlar va begonalarga yordam qo‘lini cho‘zadiganlar¸ o‘ziga to‘q va boy mamlakatlarda ko‘proqdir. Xayriyani asoson puli borlar qilishida yangilik yo‘q. Ammo tadqiqotchilar kelgan yangi xulosa shuki¸ xayriyani boylardan ko‘ra ko‘proq¸ baxtiyor¸ o‘z hayotidan mamnun odamlar qiladi.

Payqaganingizdek¸ bir biridan ayri holda¸ ayri joydan kelgan uchala xabarni bog‘lab turgan so‘z - xayriya kalimasi va bu voqealar markazida turganlar - zamonaviy hotamtoylardir.

7 senyabr kungi bayonoti bilan Jorj Soros¸ dunyo miqyosidagi “eng ko‘p beruvchi”lardan biriga aylangan bo‘lsa¸ O‘zbekistondagi rasmiy matbuot bu maqomni yillardan beri Gulnora Karimovaga nisbat berib keladi.

Shu yil Gulnora Karimova Toshkentda o‘tkazgan xayriya marafoni reklamasi.
Shu yil Gulnora Karimova Toshkentda o‘tkazgan xayriya marafoni reklamasi
Ko‘krak saratoniga chalingan o‘zbek ayoli haqida qayg‘urib¸ zo‘r xorij mutaxassislarini mamlakatga keltirib¸ beminnat xizmat ko‘rsattirayotgan ham¸ bechorahol talabaning ichkariyu tashqaridagi o‘qishi pulini to‘lab¸ ularga stipendiyalar berayotgan ham¸ iqtidorli yoshlarni taqdirlab¸ bolalar uchun go‘zal bayramlar tashkil qilib berayotgan ham¸ O‘zbekistondagi quruvchidan tortib xonandayu raqqosaga qadar hammani yiliga taqdirlayotgan ham Gulnora Karimovadir.

Aftidan¸ O‘zbekistonning “eng katta beruvchisi” Gulnora Karimova o‘tgan hafta o‘ziga berayotganlarga minnatdorlik izhor qildi. Bu e‘tirof ham berish – haq berishdir. Xayriya yordami jamg‘armasi tadqiqotchilari xulosadan kelib chiqadigan bo‘lsak¸ Gulnora Karimova O‘zbekistonning eng baxtiyor ayoli ham bo‘lib chiqadi – zotan¸ ruhshunoslarga ko‘ra¸ baxtli odam boshqalarga o‘z moli va vaqtini ko‘proq ehson qiladi¸ bu berishdan tug‘ilgan qoniqish esa¸ uni yanada baxtiyorroq qiladi.

Ammo bu uchala voqeadagi uyqashlik¸ afsuski¸ so‘zlardagi zohiriy uyqashlik darajasida to‘xtaydi.

Jorj Soros¸ kimga¸ nima uchun ¸ qancha pul berishni o‘zi belgilaydi¸ zotan sarflanayotgan pullarning xo‘jayini uning o‘zidir – bu pullar qaydan kelib¸ qayga ketayotgani ham anchayin shaffof. Boz ustiga¸ uning bu pullarni qayga¸ nima uchun sarflayotgani uning o‘ziga ham¸ qolgan dunyoga ham ayon:

- Birinchidan¸ bu (inson haqlari himoyasi) men qattiq ishonadigan bir g‘oya. Ikkinchidan¸ bu tashkilotni men juda yaxshi bilaman va uning samarasi va o‘z ruhini so‘ndirmay kelayotganiga o‘zim guvohman. Qolaversa¸ men bu ishni boshqalarga qoldirmay¸ ko‘zim ochiqligida imkon qadar ko‘proq pulni beradiganlarimga berish niyatidan¸ dedi 7 senyabr kuni o‘z hotamtoyligini izohlagan Jorj Soros.

Sorosdan farqli¸ O‘zbekiston¸ qolaversa qolgan dunyo Gulnora Karimovaning¸ xayriyaga sarflanayotgani da‘vo qilinadigan mablag‘larining qaydan va qanday kelayotgani haqida nima biladi? Xalq og‘zidagi “mana bu Gulnoraniki emish¸ bunisi ham”¸ degan qabildagi mish-mishlardan bo‘lak¸ deyarli hech narsa. Ammo aniq raqamlarni yaxshi ko‘ruvchi G‘arbda bu sir pardasi asta-sekin ko‘tarilmoqda – Shveytsariyada chiqadigan Bilan iqtisodiy jurnaliga ko‘ra, Gulnora Karimova hisobida taqriban 625 million dollar bor. Shu hisob-kitob asosida O‘zbekistonning Shveytsariyada joylashgan BMT vakolatxonalaridagi elchisi Karimova Shveytsariyadagi eng badavlat odamlar ro‘yxatiga kiritildi.

Ammo 27 avgust kungi Toshkentdagi marosim ruhidan ko‘rinib turibdiki¸ Gulnora Karimovaga qarashli o‘nlab nodavlat va notijorat idorasi maqomiga ega tuzilmalar Karimovaning xususiy boyligidan qilinayotgan xayriyalar emas¸ balki uning o‘ziga boshqalar berayotgan xayriyalar hisobiga yashamoqda. Buni Gulnora Karimova boshqarayotgan tashkilotlardan biri vakili ham tasdiqlaydi:

- Hamma loyihalarimiz sponsorlar bilan. Sponsorlarimiz esa¸ o‘z xohishi bilan xayriya qiladigan har xil tashkilotlar¸ shuningdek xususiy shaxslar. O‘tkazadigan hamma tadbir va loyihalarimiz ana shu xayriya pullari hisobiga amalga oshiriladi¸ deydi Karimovaga qarashli tashkilot vakillaridan biri.

Gulnora Karimova bunday hotamtoylarni maxsus taqdirlash uchun maxsus marosimlar o‘tkazganiga qaramay¸ Ozodlik suhbatlashgan karimovachilardan biri¸ bu homiylarning kimlar ekani jamoatchilik uchun yopiq ma‘lumot deya atadi:

- Yo‘q¸ buni aytolmayman. Endi savob ishni qilgan odam buning orqasidan baralla bong urmaydiku! Men shuncha berdim¸ yo buni qildim¸ bu ishning sponsori men¸ deb. O‘shaning uchun buni oshkor qilishning keragi yo‘q¸ dedi Gulnora Karimovaning xayriya hisobiga faoliyat yurg‘izayotgan tashkilotlaridan biri ma‘suli.

Garchi Fond Forum saytidagi xabarda¸ Gulnora Karimovaning keyingi olti yil ichida 4 milliondan oshiq o‘zbekistonlik hayotiga xayr olib kirgani aytilayotgan loyihalari homiylaridan ayrimlari nomlari keltirilgan esa-da¸ ularning asosan xorij tashkilotlari va biznes guruhlari ekani ko‘riladi. O‘zbekistondagi “xayriya” qilish¸ aniqrog‘i qildirish amaliyotidan yaxshi xabardor katta tadbirkorlardan birining Ozodlikka aytishicha¸ Karimovaning loyihalariga pul o‘tkazayotgan haqiqiy “homiylar” nomi oshkor qilinmaydi va buning sababi esa aslo "Hotamtoylar" kamtarligida emas.

- Nimaga xohlashmaydi? Xayriya qilgan odam xohlaydi nomi ko‘rsatilishini. Ammo qog‘ozda xayriya qilganlar nomi ko‘rsatilmaydi. Masalan¸ men xayriya qilgan bo‘lsam¸ mening nomimni ko‘rsatmang¸ demayman¸ aksincha¸ ko‘rsating¸ tashkilotimni boshqalar ham tanisin deyman. Ammo bunaqa marosim va ro‘yxatlarda boshqa tashkilotlarning nomlari chiqadi – xayriya qilgan emas¸ qilmaganniki chiqadi¸ deydi yillar davomida majburiy homiylik va xayriya amaliyotidan ziyon chekib kelgan o‘zbekistonlik badavlat tadbirkorlardan biri.

Gulnora Karimovaning ham O‘zbekiston ichkarisi¸ ham tashqarisida hoyu hashamat bilan o‘tkazib kelayotgan tadbirlariyu¸ G‘arb hayot tarzidan ulgi olingan marafon va moda ko‘rgazmalari¸ shuningdek turli madaniy-ma‘rifiy loyihalariga pul berib¸ nomsiz-nishonsiz qolayotgan yuzlab¸ balki minglab xususiy tadbirkorlar¸ Ozodlik suhbatlashgan yirik biznesmenga ko‘ra¸ bu norasmiy soliqlardan hech kimga shikoyat qilolmaydilar. Qilsalar¸ o‘sha kunning o‘zida bor-yo‘qlaridan ajraydilar. Ayni paytda¸ O‘zbekistonning hukumat qanoti ostida boyigan yangi "zodagon"lari uchun¸ Karimova xonimga xayriya qilish yuksak sharaf va uning marhamatini qozonish usuli ekanini ham inkor etib bo‘lmaydi va shundan kelib chiqib¸ ko‘ngilli Hotamtoylar borligini ham e‘tirof etish lozim.

****************************************************************

Badavlat odamlar emas¸ balki baxtiyor odamlar boshqalarga ko‘proq xayr beradi va bu berishdan o‘zini yanada baxtiyorroq his qiladi¸ deydi "Jahon beruvchilari reytingi" mualliflari.

Olguvchi qo‘ldan berguvchi qo‘l afzalroqdir¸ deydi diniy axloq qoidalaridan biri.

Dunyo bo‘ylab mazlum haqlari himoyasi uchun 100 million dollar pulini xayriya qilgan Jorj Soros¸ o‘z ishidan xayr yetgan va yetadiganlarning samimiy rahmatidan o‘zini yanada baxtiyorroq his qilar va qilayotgandir ham.

Izdoshlari " keyingi olti yil davomida amalga oshirgan loyihalaridan har 7 o‘zbekistonlikning bittasiga xayr yetdi"¸ deb yozayotgan Gulnora Karimovachi? O‘zbekistonning "eng ko‘p beruvchisi" qilib ko‘rsatilayotgan Karimovani O‘zbekistonning eng baxtiyor ayoli¸ deyish mumkinmi?
XS
SM
MD
LG