Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 02:09

Amerikalik pastor Qur‘onni yoqish rejasidan vaqtincha qaytganini aytmoqda


Germaniyadagi yevangelist cherkovi Terri Jounzni “asossiz teologik bayonotlari hamda ortiqcha kibrga berilgani” vajidan 2008 yilda ishdan bo‘shatgan.
Germaniyadagi yevangelist cherkovi Terri Jounzni “asossiz teologik bayonotlari hamda ortiqcha kibrga berilgani” vajidan 2008 yilda ishdan bo‘shatgan.

AQShning Florida shtatidagi Geynesville shaharchasining “Dove World Outreach” cherkovi pastori Terri Jounz 11 sentyabr voqealarining 9 yilligi munosabati bilan musulmonlarning muqaddas Qur‘on kitobini shanba kuni yoqish rejasidan voz kechmagani, balki vaqtincha bu niyatidan qaytganini aytmoqda.


Payshanba kuni Jounz 2001 yil 11 sentyabr kuni Nyu Yorkda yerga qulagan Jahon savdo markazi binolari turgan joy yaqinida Islomiy markaz qurishni rejalashtirgan imom markazni boshqa joyga ko‘chirishga rozi bo‘lgani uchun o‘z rejasidan voz kechganini aytgan edi.

- Imom masjidni ko‘chirishga rozi bo‘ldi. Biz shanba kuniga rejalangan (Qur‘on kitobini yoqish) tadbirini bekor qildik. Shanba kuni u bilan uchrashish uchun (Nyu Yorkka) uchib ketaman, degan edi Terri Jounez.

Biroq Nyu Yorkdagi imom Faysal Abdul Rauf Islomiy pastor bilan markazni ko‘chirish borasida kelishgani haqidagi ma‘lumotni rad qilganidan so‘ng, Jounz nyu yorklik imom uni chalg‘itgani va Qur‘onni yoqish rejalarini qayta ko‘rib chiqayotganini ta‘kidladi.

Pastorning Qur‘onni yoqish niyatlarini AQSh Prezidenti Barak Obama, siyosiy liderlar, shuningdek, dunyodagi diniy ulamolar qoraladi.

AVS telekanalida chiqish qilgan prezident Obama pastorining muqaddas Qur‘onni yoqish rejasini qoralab, undan voz kechishga chaqirgan edi.

- Bu Al-Qoida saflarini to‘ldirishiga yaxshi bahona bo‘ladi. Pokiston va Afg‘oniston kabi mamlakatlarda jiddiy zo‘ravonliklar ro‘y berishi mumkin. Bu Amerika shaharlari yoki Yevropa shaharlarida o‘zlarini portlatishni xohlovchilarning ko‘payishiga sabab bo‘ladi,- dedi AQSh rahbari.

Pentagon rasmiylariga ko‘ra, AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts bir kun oldin pastor bilan telefon orqali so‘zlashib, undan Qur‘onni yoqish rejasidan voz kechishni so‘ragan.

Vatikan va boshqa diniy tashkilotlar ham pastor va uning qavmi niyat qilgan tadbirni qoralamoqda.

9 sentyabr kuni dunyoning mususlmon aholisi eng katta bo‘lgan uch davlat - Indoneziya, Pokiston va Hindiston Floridadagi cherkov pastorining hatti-harakati diniy mojaro keltirib chiqarishi mumkinligidan ogohlantirib, AQSh rahbarlarini uni to‘xtatishga chaqirdi.

AQSh Davlat departamenti dunyodagi Amerika elchixonalariga, ayniqsa, Floridadagi cherkov pastori Qur‘onni yoqish rejasiga qarshi norozilik namoyishlari uyushtirilishi mumkin bo‘lgan davlatlardagi AQSh elchixonalariga xavfsizlik choralarini kuchaytirish haqida ko‘rsatma berdi.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, Terri Jounz Florida shtatidagi Geynesville shaharchasining “Dove World Outreach” cherkovida ikki yildan beri pastorlik qilib kelmoqda.

Undan oldin Jounz Germaniyaning Kyoln shahrida 1980 yilda tashkil etilgan shu kabi yevangelist cherkovida pastor bo‘lgan.

Germaniyadagi yevangelist cherkovi rahbariyati Jounzni “asossiz teologik bayonotlari hamda ortiqcha kibrga berilgani” vajidan 2008 yilda ishdan bo‘shatgan.

Kyolndagi cherkov a‘zolari Terri Jounzning rahbarlik davrida cherkovda “qo‘rquv va nazorat muhiti” hukm surganini aytadi.
XS
SM
MD
LG