Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:02

Qozog‘iston o‘shlik qochqinni O‘zbekistonga ekstraditsiya qildi


Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi Olmaota shahar departamenti tergov izolyatori rahbari To‘qtaubayevning advokat Burumqulova so‘rovnomasi bo‘yicha yuborgan javob xatida o‘shlik Xurshid Komilovning O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingani aytiladi.
Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi Olmaota shahar departamenti tergov izolyatori rahbari To‘qtaubayevning advokat Burumqulova so‘rovnomasi bo‘yicha yuborgan javob xatida o‘shlik Xurshid Komilovning O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingani aytiladi.

Qozog‘iston rasmiylari shu yilning 9 iyun kuni Olmaota shahrida qo‘lga olingan Xurshid Komilovni O‘zbekistonga ekstraditsiya qildi. Uning yaqinlari asli qirg‘izistonlik bo‘lgan Komilov nima uchun aynan O‘zbekistonga ekstraditsiya qilinganini tushunolmay hayronlar.


27 yoshli Xurshid Komilov Olmaotaga 2009 yilning avgust oyida kelgandi. U joriy yilning 9 iyunida Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari o‘tkazgan “Migrant” reydi chog‘ida qo‘lga olinib, Olmaota shahar milliy xavfsizlik xizmati tergov izolyatoriga joylashtirilgandi. 10 iyundan 11 iyunga o‘tar kechasi O‘shda boshlangan qirg‘in tufayli mamlakatdan chiqib keta olmagan Xurshidning onasi Mavluda aya Olmaotaga kelar-kelmas o‘g‘li haqida noxush xabar eshitganini aytadi.

- Chorshanba kuni “o‘g‘limga oziq-ovqat oldi” deb suyunib, bugun kiyim olib kelsam, “o‘g‘lingni etapga jo‘natib yubordik” deb, arizamni qabul qilmadi. “Etaping nima, men qari bo‘lsam, qariganimda bunaqa gaplarni tushunmayman” desam, “sening qariligingni, sochingning oqini hisobga olib, aytib qo‘yayapman, hammasini O‘zbekistonga chiqarib yubordi”, dedi. “Mening bolam qirg‘izistonlik bo‘lsa, nega O‘zbekistonga chiqaradi?” desam, “men bilmayman, senga men aytib qo‘ydim” dedi, - deydi Xurshid Komilovning onasi Mavluda aya.

Onaxonning aytishicha, Xurshidning Qozog‘istonga chiqib ketishiga o‘g‘liga O‘sh shahar milliy xavfsizlik xizmati boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan bosimlar sabab bo‘lgan. Ma‘lum bo‘lishicha, ikki yil avval Haj ziyoratiga borgan Komilovni milliy xavfsizlik xizmati xodimlari ta‘qib qilib, unga o‘zlari bilan hamkorlik qilishni taklif qilgan. Mavluda ayaga ko‘ra, o‘zi kabi musulmonlarga biror zarar yetkazib qo‘yishdan hazar qilgan Xurshid vaqtincha Olmaotaga ketib, o‘sha yerda tirikchilik qilib turishni afzal bilgan. Bir muddat Olmaotada yurgan Komilov BMTning qochqinlar ishlari bo‘yicha oliy komissarligi mahalliy vakolatxonasiga qochqinlik maqomini so‘rab murojaat qiladi, biroq u Qozog‘istonda qochqinlik masalalari bilan shug‘ullanuvchi mahalliy migratsiya departamentiga murojaat qilmaydi. Olmaotadagi Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro byurosi vakili Denis Jivaga aynan shu holat Komilov huquqlarining muhofaza qilinishiga mone‘lik qilganini aytadi.

- Komilovning o‘zi komissiya majlisi chog‘ida o‘zining BMT qochqinlar ishlari bo‘yicha oliy komissarligi himoyasi ostida ekanini va bundan boshqa hech qayoqqa murojaat qilish niyati yo‘qligini aytdi. Bu uning katta xatosi edi, ammo bu qarorga uning o‘zi keldi, - deydi Denis Jivaga.

Moskvadagi “Memorial” inson huquqlari tashkiloti vakili Vitaliy Ponomaryovning aytishicha, agar biror mamlakat fuqarosi bo‘lgan shaxs boshqa bir mamlakatda yurgan bo‘lsa, uni uchinchi davlat e‘lon qilgan qidiruv bo‘yicha uni o‘sha mamlakatga ekstraditsiya qilishlari mumkin.

- Qirg‘iziston yoki Tojikiston fuqarolarini O‘zbekistonga ekstratsiya qilish bilan bog‘liq holatlar juda ko‘p uchragan. Masalan, Qirg‘iziston fuqarosini Ostonadan O‘zbekistonga ekstraditsiya qilgan edilar. Rossiyada ish ekstraditsiya qilishgacha borib yetgani yo‘g‘u, lekin u yerda ham Qirg‘iziston fuqarosi O‘zbekiston taqdim etgan ayblov bo‘yicha qo‘lga olingandi, - deydi Vitaliy Ponomaryov.

Ayni paytda o‘g‘lining O‘zbekiston bilan bog‘liq biror-bir faoliyati yo‘qligini ta‘kidlayotgan Mavluda aya bundan buyon nima qilishni bilmay boshi qotganini aytadi.

- U O‘zbekistonga bormagan bo‘lsa, qarindosh-urug‘im ham yo‘q bo‘lsa O‘zbekistonda... O‘zim ham O‘zbekistonning nima ekanini bilmayman borib biror chora ko‘rgani, - deydi Mavluda aya kuyinib.

Hozircha o‘shlik Mavluda aya o‘zining bu kabi iztirobli savollariga Qozog‘istondagi bironta rasmiy idoradan javob ololgani yo‘q.

Ozodlik radiosi o‘shlik Xurshid Komilovning O‘zbekistonga ekstraditsiya qilinishi bilan bog‘liq voqealarni bundan buyon ham kuzatishda davom etadi.
XS
SM
MD
LG