Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:53

Qozoq musulmonlari amerikalik pastor xatti-harakatidan g‘azabda


Qozog‘istonlik musulmonlar floridalik pastor Terri Jounzning Qur‘onni yoqish rejasini butun dunyo musulmonlariga qarshi qaratilgan provokatsiya, deya baholamoqdalar.
Qozog‘istonlik musulmonlar floridalik pastor Terri Jounzning Qur‘onni yoqish rejasini butun dunyo musulmonlariga qarshi qaratilgan provokatsiya, deya baholamoqdalar.

Qozog‘iston musulmonlari AQShning Florida shtatidagi cherkov pastori Terri Jounzning musulmonlar muqaddas Qur‘on kitobini yoqish rejasidan voz kechmaganini qattiq qoralamoqdalar.


AQShning Florida shtatiga qarashli Geynesville shaharchasidagi cherkov pastori Terri Jounzning 11 sentabr voqealari 9 yilligi munosabati bilan musulmonlarning muqaddas kitobi bo‘lmish Qur‘oni Karimni yoqish rejasi dunyo musulmonlari qatorida qozog‘istonlik musulmonlarni ham larzaga soldi.

Ozodlik radiosining qozoq sho‘‘basi o‘tkazgan davra suhbatida ishtirok etmish Qozog‘istondagi musulmon tashkilotlari vakillari amerikalik cherkov pastorining bu xatti-harakati mamlakat ichida qanday qabul qilingani borasida bahs yuritdilar.

Davra suhbati ishtirokchilari amerikalik pastor rejasini provokatsiya o‘laroq baholadilar. Qozog‘iston hojilari assotsiatsiyasi raisi Baxtibiy hoji Aynabekov dunyoda musulmonlarga qarshi bunday fitnalarning yuzaga chiqishiga dindoshlarining loqaydligi sabab bo‘layotganini aytdi. Uning fikricha, musulmonlarga ularni “hushiga keltirib qo‘yadigan” turtki kerak.

- Biz musulmonlar juda toqatlimiz va boshqa din vakillariga juda muloyim munosabatda bo‘lamiz. Boshqa din vakillari esa bu xushxulqlikni suiste‘mol qilayaptilar va o‘zlarining bizdan ustun ekanlarini uqtirishga muntazam ravishda urinib kelmoqdalar. Agar ahloq va insoniylik pozitsiyasidan kelib chiqqan holda gapiradigan bo‘lsak, Qur‘onni yoqish katta jinoyat hisoblanadi! Kelasi yili Qozog‘iston Islom anjumani tashkiloti raisiga aylanadi. Ana shu paytda biz bu haqda baralla gapira boshlashimiz kerak. Garchi hozirda Qur‘onni yoqish aktsiyasini amalga oshirmoqchi bo‘lsalar-da, mamlakatimizda bu mavzuni hech kim ko‘tarib chiqmayapti. Men biz ham o‘z dinimizni himoya qilish yo‘lida birdam ekanimizni, bizda ham hamiyat borligini ochiq-oshkor namoyish qilishimiz kerak, deya o‘ylayman, - dedi Baxtibiy hoji Aynabekov.

Qozog‘istondagi “Millat taqdiri” harakati raisi Do‘s Qo‘shim 2001 yil 11 sentyabr kuni Amerikaning Nyu-York shahrida begunoh odamlar aynan terrorchi guruhlar xatti-harakatlari tufayli nobud bo‘lganini ta‘kidlar ekan, buning uchun dunyodagi barcha musulmonlarni aybdor deb bilish mutlaqo noo‘rin ekanini aytdi. 9 yil avval sodir bo‘lgan noxush voqeaga takror qaytish esa, Do‘s Qo‘shim fikricha, musulmonlarga qarshi qaratilgan yana bir fitna boshlanayotganidan darakdir. U bu fitnadan hattoki Amerika fuqarolari ham katta ziyon ko‘rishlari mumkinligini qayd etdi.

- Agar Qur‘onga nisbatan mana shunday behurmatlik qilinsa, musulmonlar orasidan biror-bir kishi hissiyotga berilib ketib, terrorchilik hujumi uyushtirmasligini nazardan soqit qilolmayman. So‘nggi paytlarda Qozog‘iston shaharlari bo‘ylab Islomga yot bo‘lgan dinlarni targ‘ib qilib yurgan ko‘plab kishilarni ko‘rayapmiz. Biz ularning faoliyatini ta‘qiqlayotgan biron-bir kishini ko‘rganimiz yo‘q. Qozog‘istonda ham amerikalik cherkov pastoriga o‘xshash biror bebosh chiqib, ana shunday muammolar keltirib chiqarsa, bundan hayron bo‘lmagan bo‘lardim, - dedi Do‘s Qo‘shim.

U aksar aholisini musulmonlar tashkil etadigan Qozog‘istonda davlatning din sohasida o‘z siyosati hamda boshqa din vakillarining missionerlik faoliyatini keskin cheklovchi qonunchiligi bo‘lmog‘i lozimligini urg‘uladi.

Qozog‘istondagi “Qag‘anat” ilmiy-madaniy markazi direktori Beybit hoji Saparali esa amerikalik pastorning Qur‘onni yoqish bo‘yicha bayonoti Olloh so‘zlari bo‘lgan katta behurmatlik ekanini ta‘kidlar ekan, “Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi bunga e‘tiroz bildirib, ochiq bayonot bilan chiqishi zarur edi”, deya mulohaza bildirdi.

- Mamlakatdagi 11 million musulmonni birlashtirib turgan Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi bunday hodisalarga darhol munosabat bildirib, tegishli qarorlar qabul qilishi zarur edi. Ko‘pincha Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi bunaqa paytda bir chetda tomoshabin bo‘lib turishni ma‘qul ko‘radi. Bu hodisa bo‘yicha ham Qozog‘iston muftiysi yoki uning muovini o‘z fikri va munosabatini jamoatchilikka ochiq bayon qilishi kerak edi. Ammo biz buni ko‘rmayapmiz, - dedi Beybit hoji Saparali.

Ayni paytda Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi vakili Temirbek hoji o‘z idorasi amerikalik pastorning Qur‘onni yoqish rejasini qoralashini, bu aktsiyaning Kalomullohga nisbatan shakkoklik ekanini qayd etdi. Shu bilan birga, Temirbek hoji Qozog‘iston muftiysi sha‘niga aytilgan ta‘nalarga o‘rinsizligini ta‘kidlab, muftiy janoblari mamlakatda Islom ravnaqi uchun qo‘lidan kelgan barcha ishlarni amalga oshirayotganini qo‘shimcha qildi.
XS
SM
MD
LG