Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 05:11

O‘zbekistonlik huquq faoli O‘shga kiritilmadi


Vasila Inoyatova Qirg‘iziston chegarachilari masalasini xalqaro miqyosda ko‘tarmoqchi.
Vasila Inoyatova Qirg‘iziston chegarachilari masalasini xalqaro miqyosda ko‘tarmoqchi.

O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyatining raisi Vasila Inoyatova qirg‘iz chegarachilari uni “Do‘stlik” chegara punktidan o‘tkazmaganligini aytmoqda. Qirg‘iziston chegara xizmati esa bunday holatning bo‘lishi mumkin emasligini bildirmoqda.


O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyatining raisi Vasila Inoyatovaga ko‘ra, u 23 sentabr kuni Andijon viloyatidagi “Do‘stlik” chegara punktidan Qirg‘iziston tomoniga o‘tmoqchi bo‘lgan.

Maqolaning audiosini eshiting:


- Men O‘zbekiston tomonidagi “Do‘stlik” chegara postidan hech qanday qarshiliksiz o‘tdim. Lekin Qirg‘iziston chegarasiga o‘tganimda, ular pasportlarimni olib, bir xonaga olib kirishdi. Meni u yerda 5 soat qoldirishdi. Sumkam, qo‘l telefonimni olishib, hattoki “tashqariga chiqaman” desam ham chiqarishmadi. O‘zlarini ham tanishtirishgani yo‘q, xujjatlarini ko‘rsatishgani yo‘q. Shunday bir noinsoniy muomala, dushmanga qilingan muomala bo‘ldi. 5 soatdan keyin ular “Qirg‘iziston elchixonasidan rasmiy ruxsatnoma olib kelasiz. Xatni olib kelganingizdan keyin sizni kiritamiz”, deyishdi,- deya hikoya qilib berdi o‘zbekistonlik huquq faoli Vasila Inoyatova.

Huquq faoli o‘zbek-qirg‘iz chegarasidan o‘tib, O‘shdagi tanish-bilishlarini ko‘rish, u yerdagi vaziyat bilan tanishish istagida bo‘lganligini, biroq Qirg‘iziston janubida hech qanday tadbir rejalamaganligini aytdi. Unga ko‘ra, “Do‘stlik” chegarasidan boshqa fuqarolar ham o‘tib-qaytayotganini ko‘rgan.

- O‘zbekiston tomonidan o‘tkazmaslikka harakat qilishar edi. Ikki marta O‘zbekiston chegarachilari o‘tkazishmagan. Endi bu gal qirg‘iz chegarachilari o‘tkazishmadi. Men o‘ylaymanki, sumkamdagi hujjatlarimni ko‘rishgan. ”Har qanday huquq ximoyachisi O‘shga o‘tishi muammo bo‘lsa kerak”, deb o‘zim ham taxmin qilgan edim. Taxminim to‘g‘ri chiqdi, -dedi huquq faoli Vasila Inoyatova.

Qirg‘iziston chegara xizmati matbuot kotibi Salqin Abduqariyeva esa o‘zbekistonlik huquq faoli o‘zbek chegarachilari tomonidan Qirg‘iziston hududiga o‘tkazilganligiga shubha bildirdi:

- Gap shundaki, “Do‘stlik” va “Madaniyat” chegara punktlari qirg‘iz va o‘zbek chegarachilari tomonidan yopilgan. Faqat uchinchi davlat fuqarolari o‘tishi mumkin. Yoki chegara tumanida yashovchi fuqarolar o‘tishi mumkin. O‘zbekiston fuqarolari Qirg‘izistonga havo yo‘li bilan kelishi mumkin. ”Do‘stlik” chegara punktidan esa bu ayolning o‘zbek chegarachilari tomonidan o‘tkazilgan bo‘lishi mumkin emas. Chunki “Do‘stlik” kechayu kunduz yopiq. O‘zbekiston tomonidan chegara bir tomonlama yopiq bo‘lsa, o‘zbek chegarachilari o‘z fuqarolarini o‘tkazmayotgan bo‘lsa, bu ayol qanday qilib o‘tishi mumkin? -deya savol qo‘yadi Qirg‘iziston chegara xizmatining matbuot xizmati vakili Salqin Abduqariyeva.

24 sentabr kuni Vasila Inoyatova chegarachilar tavsiya etgan Toshkentdagi Qirg‘iziston elchixonasiga borganini aytadi:

- Qirg‘iziston elchixonasiga bordim. Juma dam olish kuni emas, hamma elchixonalar ishlaydi. Elchixonada xech kim yo‘q, rasmiy ishlar bilan ketishgan. Inson huquqlari bo‘yicha vakil yo‘q, shaxsiy ishlar bo‘yicha vakil yo‘q, elchining o‘zi yo‘q. Eshikni tagida ikki soat turganimdan keyin shunday javob berishdi, - dedi Vasila Inoyatova.

O‘zbekiston chegara punktidan mazkur holat bo‘yicha axborot olish imkoni bo‘lmadi.

Ayni paytda O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyatining raisi Vasila Inoyatova chegarada bo‘lgan hodisani xalqaro darajada ko‘tarmoqchi.

- Varshavada Yevropada havfsizlik va hamkorlik tashkilotining bir yillik sammiti bo‘ladi. Men shu sammitga taklif etilganman. Albatta bu voqeani u yerda ko‘taraman. Bir tadbir rejalashtirganmiz. O‘sha tadbirda bu haqda aytaman, Qirg‘iziston xukumat vakillari bilan suhbatlashaman. Bu bo‘lib o‘tgan voqea bo‘yicha izoh berishlari shart, - dedi huquq faoli Vasila Inoyatova.

Vasila Inoyatova O‘sh qirg‘inidan so‘ng Yevropada bo‘lib o‘tgan bir necha tadbirlarda qatnashgan edi. U jalolobodlik huquq faoli Azimjon Asqarov himoyasiga so‘zlagan edi. Shuningdek, u Yevropadagi chiqishlarida O‘sh qirg‘ini aks etgan videotasmani ham hvola etgan edi.
XS
SM
MD
LG