Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:03

Oddiy Sho‘pir Yigitlar va Sulton bo‘lolmagan Katta


Sarvar Usmon

Arqon uzilib ketsa mahkumning gunohidan kechadilar. Yangi arqon topib kelmaydilar - qayta osishga urinmaydilar. Taomil shunaqa. Barcha Zamon va barcha Makonlarda shunday bo‘lgan.
***

Uning Bo‘yniga tashlangan arqon ham uzilib ketgan.

Aslida Uni osmoqchi emasdi pakana jallodlar.

Uni osish uchun dorni juda baland qurish kerak bo‘lardi.

Chunki Uning Bo‘yi baland edi.

Pakana jallodlarning baland dor qurishga puli ham, uquvi ham yo‘q edi.

Baland dorni juda mustahkam qurish kerak bo‘lardi.

Chunki Uning Toshi og‘ir edi.

Pakana jallodlarning mustahkam baland dor qurishga puli ham, uquvi ham yo‘q edi.

Shuning uchun pakana jallodlar Uni yiqmoqchi bo‘ldi.

Ko‘p edi pakanalar. Juda ko‘p edi. Lekin yiqolmadilar.

Chunki U Kuchli edi.

Bo‘ynida arqon, Qo‘llarida Kitob, shimolga - Katta Terak tomonga qarab turavyerdi Qatl maydonida.

Miq etmadi.

Keyinroq Qatl maydoniga men ham bordim.

Hanuz turgan ekan ko‘rinmas dor ostidagi supada.

Hanuz Bo‘ynida arqon, Qo‘llarida Kitob, shimolga - Katta Terak tomonga qarab turgan ekan.

Salom berdim. Atrofini uch marta aylandim. To‘rt tarafidan suratga oldim.

"Tushing, Hazrat, dedim, ketdik?!"

E‘tibor bermadi.

Qarab turavyerdi Katta Terak tomonga.

Ko‘zlariga qaradim.

Ko‘zlari ko‘zlayotgan manzilni ilg‘ashga urindim va tushundim: U Katta Terakka emas, undan nariga, aaancha nariga, mening ko‘zlarim hech qachon yetolmaydigan Manzilga qarab turardi.

Uyaldim. Katta Terak debman-a?!

Burunning tagida-ku u.

"Supasidan tushib ikki chaqirimgina gursillatib yursa bas – yetadi o‘sha Katta Terakka. Uyog‘i U uchun xavfsiz yurt, bironta ulovga o‘tirsa, yurt poytaxtiga 6 soatda yetib oladi", deb o‘ylabman-da men - yuragi go‘shtdan bo‘lgan banda.

Uning O‘z supasidan tushmasligini o‘ylamabman. Ko‘rinmas dor ostida turavyerishini, bunday turishni O‘zining Vazifasi, deb tushunishini o‘ylamabman.

Xayr-xo‘sh qildim.

Ketayotib Bo‘ynidagi arqonni yechib qo‘yay dedim. Sharmandalikdan qutqaray, dedim.

Keyingi soniyada boshqa fikr keldi: nega endi Uning sharmandaligi bo‘lar ekan, sharmandalik pakanalarniki-ku!

Uch kundan beri ich-etimni yeyapman: yechib kelsam bo‘larkan o‘shanda arqonni Uning bo‘ynidan.

Men ketgandan keyin Qo‘lini sindirishibdi.
So‘l Qo‘lini sindirishibdi.

Bo‘ynida arqon turmasa sindirishmasmidi?!

Uch kun bo‘ldi eshitdim: millatdoshlari – oddiy sho‘pir yigitlar Uning singan Qo‘lini davolatmoqchi.

Oddiy Sho‘pir Yigitlar qilmoqchi bu ishni.

Oddiy Sho‘pir Yigitlar qilmoqchi.

Oddiy Sho‘pir Yigitlar.

"U qo‘lsiz tursa, men qanday qilib bemalol uyimda uxlayman?!" debdi Oddiy Sho‘pir Yigit.

***

Yaqinda Katta Terakdan naridagi Yurtning Kattasi dunyoning Eng Katta Minbaridan gapirdi.

Oddiy Sho‘pir Yigitlar yashaydigan yurtdagi voqealarni esladi. Bir narsalarni talab qilgan bo‘ldi.

Birovga katta ko‘rindi Kattaning talabi, birovga – kichik.

"Patinkasini yechib minbarga urmadi-da...", dedi Kattaning talabidan qoniqmagan bir o‘rtog‘im.

"Paypag‘i yirtig‘-da, ashinchun yechalmiydi patinkasini", dedi boshqa oshnam anjancha qilib.

"O‘z vaqtida yechilmagan patinkani keyin Minbarga urgandan foyda yo‘q", dedim men.

"Undan ko‘ra Katta oddiygina bir ish qilsa bo‘ldiydi: o‘zi kelmasayam (kepqo‘ysayam asakasi ketmasdi), to‘rtta mulozimiga bitta tabibni qo‘shib Katta Terakning bu yog‘iga o‘tkazvorsa, ular kelib, Hazratning Qo‘lini davolab ketsa - bo‘ldiydi, Eng Katta Minbardan o‘n marta gapirgandan ko‘proq naf bo‘lardi", dedim.

O‘shanda pakana jallodlar ham o‘ylanib qolardi.

"Eh-he, bularniyam so‘raydigani borakan, Sulton ekan, millatdoshlarining Kattasi, suyagini xo‘rlatib qo‘ymasakan", degan bo‘lardi.

O‘shanda Oddiy Sho‘pir Yigitlar ham uylarida xotirjam yotgan bo‘lardi.

***

Arqon uzilib ketsa, mahkumning gunohidan kechadilar.

Yangi arqon topib kelmaydilar - qayta osishga urinmaydilar.

Taomil shunaqa. Barcha Zamon va barcha Makonlarda shunday.

Faqat bitta yurtda - pakana jallodlar orasida yashayotgan Oddiy Sho‘pir Yigitlar yurtida bunday emas.

***

Ha, aytgancha, Hazratning nima gunohi boriydi?
XS
SM
MD
LG