Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 00:44

Jahonda bir milliarddan ko‘proq odam och


Jahon bo‘ylab bir milliardan ko‘proq odam to‘yib ovqatlanmaydi. Bu haqdagi ma‘lumotlarni Xalqaro oziq-ovqat siyosati instituti o‘zining "Global ochlik indeksi – 2010" hisobotida e‘lon qildi. Hisobotda O‘zbekiston aholining to‘yib ovqatlanmaslik darajasi "o‘rtacha" bo‘lgan davlatlar sirasiga kiritilgan.

Hisobot mualliflariga ko‘ra, aholi orasida to‘yib ovqatlanmaslik darajasi Afrika va Janubiy Osiyo davlatlarida o‘ta yuqori.

Kongo, Burundi, Eritrea, Chad, Efiopiya, Fil Suyagi qirg‘og‘i, Haiti kabi davlatlarda aholining ochlik indeksi 30 foizdan ortadi.

Sobiq Sovyet o‘lkalarining ko‘pida to‘yib ovqatlanmaslik darajasi ancha past, ya‘ni bu bilan bog‘liq vaziyat nisbatan yaxshi.

Lekin O‘zbekiston, Turkmaniston, Gruziya, Armaniston va Ozarbayjonda to‘yib ovqatlanmaydiganlar soni boshqa sobiq sovyet davlatlariga qaraganda ko‘proq.

Hisobotga ko‘ra, O‘zbekistonda ochlik indeksi 7.1 foizni tashkil etadi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jalik tashkiloti o‘lchamlariga ko‘ra, kuniga 1.800 kilokaloriyadan kam miqdorda oziqlanish ochlik bilan baravardir. Ya‘ni bu miqdor odamning sog‘lom va faol hayot kechirishi uchun eng minimum me‘yor hisoblanadi.

Tashkilotga ko‘ra, dunyo bo‘ylab to‘yib ovqatlanmaydiganlar soni 1990-2006 yillar oralig‘ida kamaygan edi. Ammo so‘nggi yillarda bu ko‘rsatkich yana oshdi.

Hisobotda davlatlar aholining to‘yib ovqatlanmaslik darajasi "o‘ta xavfli", "xavfli", "o‘rtacha" va "kam" toifalarga ajratilgan.

O‘zbekiston aholining to‘yib ovqatlanmaslik darajasi "o‘rtacha" bo‘lgan davlatlar sirasiga kirgan. MDH mamlakatlari orasida bunga o‘xshash yoki bundan battar ahvol Turkmaniston, Tojikiston va Kavkaz o‘lkalarida qayd etilgan.

Turkmanistonda ochlik indeksi 6.3, Tojikistonda 15.8 ni tashkil etadi.

Qozog‘iston va Qirg‘izistonda esa to‘yib ovqatlanmaydigan qatlam nisbatan kam. Bu mamlakatlarda ochlik indeksi besh foizdan oshmaydi.

Hisobotga ko‘ra, hozirgi to‘yib ovqatlamaslikning sababi – oziq-ovqat mahsulotlariga narxning ko‘tarilishi va aholi daromadining o‘sishi narx-navoga yeta olmay ancha ortda qolib ketganidadir.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jalik tashkilotiga ko‘ra, o‘tgan ikki oyning o‘zida oziq-ovqat narxlari butun dunyo bo‘ylab besh foizga oshgan.

Un, yog‘, shakar narxi o‘tgan ikki yil ichida misli ko‘rilmagan darajada ortib ketgan.
XS
SM
MD
LG