Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:32

Tojikistonda poytaxtni ko‘chirish masalasi ko‘tarilmoqda


Tojikiston poytaxti prezident Imomali Rahmon tug‘ilib o‘sgan Dang‘ara tumaniga ko‘chirilishi mumkin.

Tojikiston poytaxtini Dushanbedan boshqa hududga ko‘chirish masalasi bir necha yildan buyon muhokama qilib kelinadi.

Bu masalani tojik siyosiy elitasi 1992 yilda, ya‘ni mamlakatda fuqarolar urushi boshlangan bir paytda ko‘targan edi.

O‘shanda poytaxtni ko‘chirish borasida turli takliflar bo‘lib, aksariyat Tojikiston poytaxtini Dang‘ara tumaniga, ya‘ni davlat rahbari Imomali Rahmonning ona yurtiga ko‘chirilishi taklifini ilgari surgandi.

Tojikiston prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar markaz raisi Suhrob Sharipov bu taklif bugungi kunda ham kuchda qolayotganini aytadi.

- Men shaxsan bu taklifni quvvatlayman. Chunki shahrimiz juda kichik. Masalan, Tojikistonda o‘tajak siyosiy tadbirlar fuqarolarni juda noqulay vaziyatga solib qo‘yadi. Mustaqilligimizning yigirma yilligida sobiq ittifoq meroslari bilan tom ma‘noda vidolashishimiz kerak, jumladan, poytaxt masalasida ham. Men yangi poytaxtimiz Dang‘arada yoki Ko‘lobda bo‘lishi tarafdoriman, faqat O‘zbekiston bilan chegaradosh Panjakent tumanida emas, - der ekan tojik rasmiysi Sharipov so‘nggi jumlasini izohlamadi.

Suhrob Sharipovning qayd etishicha, Tojikiston dunyoda poytaxt almashtirmoqchi bo‘lgan yagona mamlakat emas.

- Masalan, Nyu York-Vashington, Olmaota-Ostona kabi Tojikistonnig ham ikkinchi poytaxti bo‘lishi zarur. Ya‘ni siyosiy tadbirlar va dunyodagi turli mamlakatlardan Tojikistonga kelayotgan mulozimlar uchun ma‘muriy bir shahar bo‘lishi lozim, - dedi Suhrob Sharipov.

Tojikiston janubida joylashgan Dang‘ara tumani poyonsiz maydonlardan iborat bo‘lib, u yerda sho‘ro zamonlaridan beri ichimlik suvi muammo bo‘lib keladi.

Shu sababli bo‘lsa kerak, bu tuman aholisi boshqa tumanlarga nisbatan ozroq. Dang‘araliklar asosan chorvachilik va g‘allakorlik bilan shug‘ullanadi.

Bugungi kunda Dang‘arani ikkinchi poytaxtga aylantirish masalasida tojikistonliklar turli xil fikrdalar.

- Men ham bu taklifni quvvatlayman. Poytaxtning Dang‘araga ko‘chirilishi ortidan o‘sha hudud obod bo‘ladi, infrastruktura tiklanadi. Biz ham dunyodagi boshqa mamlakatlar singari taraqqiylashamiz, - deydi ko‘loblik o‘qituvchi Xolmurod Obidov.

Arxitektor Aleksandr Konev esa hozircha Tojikistonda ikkinchi poytaxt qurishga zarurat yo‘qligini aytadi.

- Biz o‘zimizni Amerika yoki Qozog‘iston bilan tenglashtirishimiz noto‘g‘ri. Chunki bu mamlakatlar iqtisodiy jihatdan juda baquvvat mamlakatlar sanaladi. Bizning Tojikiston esa mintaqada eng qashshoq, aholisining teng yarmi to‘yib non yemaydigan mamlakatdir. Ikkinchi poytaxt qurish uchun ajratiladigan o‘sha mablag‘ni qashshoq oilalar ijtimoiy sharoitini tuzatish yo bo‘lmasa, ishsizlar armiyasi uchun birorta ishlab chiqarish korxonasi qurishga sarflash o‘rinliroq bo‘lardi, - deydi Aleksandr Konev.

Tojikistonlik yoshlarning aksariyati ham poytaxt Dushanbe bo‘lib qolishi tarafdori ekanini aytadi.

- Men asli dushanbelikman. O‘z shahrimni juda yaxshi ko‘raman. Menimcha, poytaxt faqat Dushanbe bo‘lib qolishi kerak. Chunki boshqa poytaxtni biz yoshlar tasovvur qila olmaymiz, - deydi toliba Albina.

Asnoda Dang‘ara tuman hokimi Mahmadullo Saydaliyev joriy yil tumanda xalqaro aeroport qurilishiga oid hukumat qarori imzolanganini ma‘lum qildi.

Rasmiyga ko‘ra, dunyodagi eng yirik aeroportlardan biri bo‘lishi rejalashtirilgan aeroport loyihasini Moskva loyihalashtirilish instituti ishlagan.

Mustaqil tahlilchilar aholisining 75 foizi qashshoq va iqtisodi kasod bo‘lgan Tojikiston Dang‘arada xalqaro aeroport qurish va buning ortidan poytaxtni o‘sha hududga ko‘chirish moliyaviy imkoniga ega emasligini aytmoqdalar.
XS
SM
MD
LG