Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 15:03

HRW Guantanamo mahbuslarini ozod qilishga chaqirdi


Abdumuqit Vohidov va Rukniddin Sharopov Guantanamoda besh yil qamoq jazosini o‘tab, 2007 yili vataniga qaytganlaridan so‘ng Tojikiston Oliy sudi hukmi bilan 17 yildanga qamalgandilar.
Abdumuqit Vohidov va Rukniddin Sharopov Guantanamoda besh yil qamoq jazosini o‘tab, 2007 yili vataniga qaytganlaridan so‘ng Tojikiston Oliy sudi hukmi bilan 17 yildanga qamalgandilar.
Human Rights Watch tashkiloti Tojikiston prezidenti va mamlakat parlamenti hamda Tojikistonning YeXHT va BMTdagi vakillariga maktub yo‘lladi.

Tashkilot maktubida tojik hukumatidan Abdumuqit Vohidov va Rukniddin Sharopovni ozod etish so‘ralgan.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, Tojikiston rasmiylari xuddi shu mazmundagi xatni Chikagodagi advokatlar markazi, Vashingtondagi ReedSmith nomli inson huquqlari bo‘yicha tashkiloti nomidan ham olgan.

Asli isfaralik Rukniddin va Abdumuqit Guantanamoda besh yil qamoq jazosini o‘tab, 2007 yili vataniga qaytgandilar.

Lekin yaqinlari diydorini ko‘rishga ulgurmagan bu ikkovlon Tojikiston milliy xavfsizlik qo‘mitasi so‘roq-savolidan o‘tganidan keyin, respublika Oliy Sudi hukmi bilan 17 yildanga ozodlikdan mahrum etilgandi.

Tojikiston Oliy sudi Rukniddin Sharopov va Abdumuqit Vohidovni O‘zbekiston Islomiy harakatiga a‘zolik va Afg‘onistonda terrorchilik amaliyotlarini sodir etganlikda aybladi.

Biroq ayni paytda ularning ozod etilishini so‘rayotgan inson huquqlari bo‘yicha tashkilot mas‘ullari na Amerika tomoni va na Tojikiston tomoni bu ikkalasiga qo‘yilgan ayblar yuzasidan birorta ishonchli dalil keltira olmaganini, sud esa adolatsiz hukm chiqarganini da‘vo qilmoqda.

Isfaralik Valixon Vohidovning aytishicha, o‘g‘li Abdumuqit Vohidov 2001 yili vyertolyotda Tavildara tumanidan Afg‘onistonga olib ketilgan.

- U payt Abdumuqit 19 yoshda edi. Isfaradan Dushanbega bordi. U yerdan Tavildaraga, keyinchalik Afg‘onistonga olib ketilgan. Lekin o‘g‘lim u yer qanday joy ekanini bilmagan, - der ekan Abdumuqitning otasi Valixon Vohidov Rukniddin Sharopov Afg‘onistonga avvalroq o‘tganini qo‘shimcha qildi.

Otaning aytishicha, o‘g‘li Abdumuqit va Rukniddin Afg‘onistonda O‘zbekiston Islomiy harakatiga a‘zo bo‘lib kirgan. U bu borada ayblov xulosasidan bilib olganini aytdi.

Bir hafta davom etgan mahkama jarayonida Abdumuqit bilan suhbatlashish imkoniga ega bo‘lgan Valixon Vohidov o‘g‘lidan eshitganlariga tayangan holda, Rukniddin va Abdumuqit vyertolyot qaysi kuchlarga taalluqli ekanini bilmaganini aytadi. Vyertolyotdagi harbiylar ular harbiy xizmatga olib ketilayotganini va buning evaziga yaxshi haq to‘lanishini va‘da qilgan.

Abdumuqit va Rukniddinga nisbatan ochilgan jinoiy ish bilan tanishib chiqqan xalqaro mustaqil tahlilchi Payyom Furug‘i bu aytilganlarni tasdiqladi.

- Bu ikkisi Dushanbeda ish axtarib yurgan. Noma‘lum kishilar ularni yaxshi ish va‘dasi bilan mamlakat sharqiga olib borgan. O‘sha yerda ularning pasportlarini olib qo‘yib, o‘zlarini Afg‘onistonga jo‘natib yuborgan. Pasportsiz, pulsiz qolgan ikkovlon vataniga qaytolmaydi, - deydi Payyom Furug‘i.

Hyuman Rayts Uotch tashkilotining Tojikiston hukumatiga yo‘llagan maktubida yozilishicha, “koalitsiya kuchlarining Afg‘onistonda terrorchi guruhlarga qarshi boshlagan amaliyotlari chog‘ida afg‘on dala qo‘mondonlari Rukniddin va Abdumuqitni terrorchi sifatida AQSh harbiylariga pullagan. Ularning har biri uchun 10 ming dollar to‘langan. AQSh harbiylari terrorchilarni tutish oson bo‘lishi uchun shu miqdor pul “mukofot” berilishini aytgan”.

Abdumuqit Vohidov va Rukniddin Sharopovning advokati Tatyana Xatyuxina o‘z himoyasidagi shaxslar bevosita jinoyat sodir etmaganligini ta‘kidlaydi.

- Bizdagi ma‘lumotlarga ko‘ra, bu odamlar xorijga olib ketilgan va vatanga qaytish imkoniga ega bo‘lmagan. Mening xulosam shuki, bular bevosita jinoyat sodir qilmagan, - deydi advokat Tatyana Xatyuxina.

Biroq Tojikiston Bosh prokuraturasining xalqaro aloqalar bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i Dodojon Samiyev bu fikrlarga qo‘shilmaydi.

Tojik rasmiysi Abdumuqit Vohidov va Rukniddin Sharopovga qo‘yilgan ayblovlar mahkama jarayonida to‘la isbotlanganini ta‘kidlaydi.

- Ular qamaldi, hukm qonun kuchiga kirdi. Sud shunday hukm chiqarar ekan, qanaqasiga ular gunohsiz bo‘lishi mumkin. Hukm havodan olingan ma‘lumotlar bilan chiqarilmaydi-ku, - deydi Dodojon Samiyev.

Asnoda tojikistonlik huquqshunos Oynihol Bobonazarova Abdumuqit va Rukniddin Tojikiston xavfsizlik xodimlari tomonidan tergov qilingan 5 oy davomida advokat bilan ta‘minlanmaganini aytar ekan, haqiqatan sud ularga nisbatan adolatsiz hukm chiqarganini ta‘kidlaydi.

Bobonazarova xonim 2007 yil avgustida yopiq eshiklar ortidan o‘tkazilgan mahkama jarayonida qatnashishni istagan mustaqil huquqshunoslarga sudga kirishga umuman ruxsat berilmaganini aytadi.

“Shu nuqtai nazardan, - deydi Bobonazarova xonim, - bir hafta davom etgan mahkama jarayoni shaffof bo‘lmaganiga shubham yo‘q”.

Asnoda Hyuman Rayts Uotch tashkiloti mas‘ullari Tojikiston hukumatiga yo‘llagan maktubda qariyb 9 yillik umrini qamoqlarda o‘tkazgan ikki tojik fuqarosi ozod etilishiga astoydil umid bildirgan.

“Zero, bu ikkovlon yoshligi va umrining eng qimmatli davrini qo‘ldan berdi”, deb yozadi Hyuman Rayts Uotch vakillari.
XS
SM
MD
LG