Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 14:36

Maktabga hozirlik: bir o‘quvchi xarajati 150 dollar!


Kamtar hisob-kitobga ko‘ra¸ o‘rtacha ish haqi 100 dollarcha bo‘lgan O‘zbekistonda bitta bolani maktabga yuborish uchun shuncha pul kerak.

Ayni kunlarda¸ aksar dunyo kabi¸ o‘zbekistonlik ota-onalar rejasidagi asosiy ishlardan biri o‘z bolasini 1 sentabr – yangi o‘quv yili boshlanishiga hozirlashdir. Bu hozirlik esa¸ yozni bitta maykayu shortikda o‘tkazayotgan bolalarga bosh-oyoq yangi kiyim-bosh – formayu ro‘yxati uzun o‘quv qurollarini sotib olishdan iborat.

Bor uchun¸ farzandlarini chiroyli kiyintirib-tarantirib o‘quv dargohiga yuborish ko‘zini quvnatadigan jarayon bo‘lsa¸ yo‘qlar uchun bu hozirlik qozonni suvga tashlab qo‘yish darajasida og‘ir kelmoqda¸ deydi Ozodlik suhbatlashgan ayrim o‘zbekistonliklar.

Ayniqsa¸ aksariyati naqd pulga qiynalib yurgan ota-onalar uchun bu hozirlik anchagina qiyin ish¸ deydi oyligi to‘lig‘icha plastik kartochkaga o‘tkazilayotganini aytgan navoiylik ona Ozodlik bilan suhbatda.

- Qizlarga oq yubka, qora kofta, o‘g‘il bolalarga oq ko‘ylak, qora shim. Bu maktab formasi. Narxlar har xil. Oddiyroqlari, arzonroqlari 10 mingdan boshlanadi. Yaxshilari 50 minggacha bor. Shimning eng arzonlari 15 mingdan boshlanadi. 30-40-45 ming atrofida shim. Maktab sezoniga mana yozgi, kuzgi olinadi. Kuz ham bizda yoz hisobida ketadi. Undan keyin qishda olinadi. Yengi kaltasidan ikki juftdan olinsa yupqa, yengil shimlar bilan, qishki mavsum uchun yengi uzuni bilan yana qalinroq shimdan ikkitadan olinadi. 50 ming atrofi bo‘lsa bittasi, ikkitasi shu arzonroq xilidan olsa, 150 mingga ikkita yozgi, 200 mingga ikkita qishki bo‘lsa, 350-400 mingga olsa bo‘ladi.

Keyin sumka olinadi. Sumkalarning eng arzoni 15-20 ming. Kitob-daftarlar maktab tomonidan ijaraga beriladi. Har bir kitobiga qarab 1500-2000 so‘mdan ijara haqi to‘lanadi. Yil oxirida yaxshi tutilgan bo‘lsa, ijara puli bilan bo‘ladi, yaxshi tutilmay yirtilgan, chizilgan bo‘lsa, yana jarimasi to‘lanadi. Daftar, ruchka, qalam hammasini ota-onaning o‘zi oladi. Bitta daftar 1000-1500 so‘m. 10ta yozuv daftari, 10ta matematika daftari sezonning boshida olib beriladi. Keyin keragi har hafta olib borilavyeradi. 300-350 ming bitta bolaga ketadi¸ deb xomcho‘t qiladi ayni tashvishda yurgan o‘zbekistonlik onalardan biri.

Bu suhbatdoshimiz¸ o‘zi va turmush o‘rtog‘ining muntazam suratda oylik olayotganiga qaramay¸ bolalarini maktab va kollejga tayyorlashning qimmatligidan shikoyat qilsa¸ qarshilik to‘rt farzandning onasi Gulsara opa¸ hozircha qo‘lida maktab bozoriga tushishga arzigulik puli yo‘qligini aytadi.

-O‘qiydi hammasi. Bittasi kollejda, bittasi 9-sinfda. Ikkita qizim 4-sinfga ko‘chdi, egizak. Hali hech narsa olganim yo‘q. Endi olaman. Sumka olishim kerak ikkalasiga, forma, oyog‘iga tuflicha, daftar, ruchka, qalam, rasm daftari, shularni olaman. Bozorni ko‘raman-da¸ qimmat lekin. Pulimga qarab olaman-da endi. Bozordan materialini olib tiktiramanmi deyman. Qaysi arzon tushsa, o‘shanisini olaman-da.

Oyligim o‘tgan oy 170 ming oldim. Hammasiga olib bera olmayman endi. Ikkita o‘g‘limga olib bermayman. Ikkita qizimga olib bermoqchiman. O‘g‘illar eski kiyimlarini kiyavyeradi. Ikkita qizimniki umuman kalta bo‘lib qolganda. Birinchi sinfda olib bergan edim. Shuning uchun endi olib bermasam bo‘lmaydi¸ 4-sinfga chiqadi. Sumka har yili olib beraman. Bu yil endi bilmasam. Qimmat deyishayapti. O‘tgan yil ham olib bergan edim. Bir yilga qolmay yirtildi. Endi yana olib berishim kerak. 35 ming deyishayapti. Bilmasam endi. Formalarni bittadan olib beraman. Yuvaman bozor kuni¸ quriydi, keyin yana kiydiraman. Ikkita olib bera olmayman¸ deydi Gulsara opa.

Xorazmlik Ergash ota¸ 25 jon xarajati bir qo‘ldan o‘tadigan oila boshlig‘i. Ozodlik bilan suhbatda o‘zi ham ta‘lim tizimida uzoq yillar xizmat qilgan Ergash ota¸ yoz davomida o‘z oilasi uchun asosiy yumush o‘quvchi bolalarga maktab kiyimlarini sotib olish bo‘lganini aytadi.

-O‘zim tayyorladim¸ maktabga chiqishni-da. Biz jami 25 jonmiz. Mablag‘ bir yerdan rasxod qilinadi-da. Nevaralarning 10tasi maktabga boradi. Men unday hisob-kitobini qilib ko‘rmadim hali¸ har qaysinisiga olavyerdik topgan vaqtimiz. Otpuskaga chiqqandan beri shunga tayyorgarlik. Birdan olish qiyin. Misol uchun¸ avgustning o‘zida olaman desangiz, uncha mablag‘ topa olmaysiz ham. Bolalarga kostyum shim, oq ko‘ylak, galstuk, qiz bolalarga yubka kofta, boshiga bantik, oyoq kiyim, o‘g‘il bolalarga tufli. Polniy formada. Har yil yangi olinadi. Papka ham yangi olindi. Faqat 1-sinfga papka beriladi. Bu yil 1-sinfga chiqadiganimiz bor¸ unga papka olmadim. Boshqa hamma narsani oldim. Papka prezident sovg‘asi¸ deydi xorazmlik kattagina oila byudjetini yurg‘izayotgan Ergash ota.

Ozodlik suhbatlashgan uch oiladan ikkitasi vakili¸ o‘zini o‘rtahol deb bilsa-da¸ bolalarni maktabga hozirlash xarajatlari og‘irligini e‘tirof etadi:

- Mening qo‘limga oladigan oyligim¸ albatta¸ yetmaydi. Ota-ona birgalikda harakat qilib, iloji bo‘lsa eng arzon narxdagi kiyimni olib beradi qurbi yetmasa. Qurbi yetadigani bemalol undan ham qimmatini olib beradi. Sharoitiga qarab-da. Puli bo‘lmasa, kim qimmatini beradi? Undan keyin bir oylikka qarab o‘tirmaydi, albatta. Biz tomonda otalar ko‘proq Rossiyaga borib ishlab kelmoqda shu bolalarini yaxshi kiydirish, yedirish, o‘qitish uchun. yoki eshikda mol-holi bo‘ladi. Bitta molini sotadi-da bolalariga forma har yili olib beradi sezon boshida, deydi navoiylik ona.

O‘zi ham¸ turmush o‘rtog‘i ham oliy ma‘lumotli mutaxassis bo‘lgan bu oila¸ kenja farzandini maktabga hozirlash uchun er-xotinning birga topgan bir oylik maoshi zo‘rg‘a yetishini aytsa¸ qarshilik Gulsara opa¸ o‘z oilasining bu xarajatlarga qurbi yetmaganidan¸ maktab jamg‘armasidan yordamga qarab qolganini ta‘kidlaydi.

- Maktabga chiqqan paytda qishki kiyim qilib berishadi. O‘zimiz tayyorlab kiydiramiz 1 sentabrga. Faqat qishlik berishadi-da. Maktab bizlarga tekin kitob beradi¸ o‘zi ijaraga beriladiku. Men kam ta‘minlangan oila ekanligimiz to‘g‘risida mahalladan spravka olib borsam, bepulga beradi. Faqat shu. Dadasining ishxonasidan, o‘zimning ishxonamdan nima olib boramiz. Hisoblab chiqishib, kam ta‘minlangan oilalar safiga qo‘shilganimiz uchun shunday nima qiladi-da¸ deydi o‘z mahallasida asosan Rossiyada ishlab yurganlar va xususiy biznesi borlarning maktab xarajatlaridan og‘rinmasligini ayta turib Gulsara opa.

O‘zbekiston rasmiylari o‘z bayonotlarida mamlakatdagi o‘rtacha ish haqining 300 AQSh dollaridan oshganini ta‘kidlab kelayotgan bir paytda¸ oddiy o‘zbekistonliklar o‘rtacha maoshning 100-150 dollar atrofida ekanini aytadilar. Bunday vaziyatda¸ bir bolani maktabga kamtargina hozirlash uchun¸ Ozodlik suhbatlashgan oilalar hisobicha¸ kami ota-onadan birining oyligi xarjlanishi lozim bo‘ladi.

Agar aksar o‘zbek oilalarida maktabga chiqadigan bolalar sonining bir emas¸ kami 2-3 nafar ekani¸ o‘rtacha ish haqi olayotgan oilalardan¸ aksariyati ishsizlik baland bo‘lgan qishloq joylarda yashovchilarning ko‘pligi inobatga olinsa¸ 1 sentabr kuni oq ko‘ylagu qora yubka va shimlarda¸ oppoq bantiklar topib maktab ostonasini hatlaydigan bolalar tabassumining oilalarga anchagina qimmatga tushishini fahmlash mumkin.

Bu yilgi 1 sentabrga hozirlik O‘zbekiston mustaqilligining 20 yilligi ommaviy axborot vositalarida muttasil madh qilinayotgan ayni kunga to‘g‘ri kelgani bois¸ aksar oilalar mustaqil O‘zbekistonda¸ rasman bepul deb e‘tirof etilayotgan maorif va ta‘lim bilan bog‘liq xarajatlarni bugun go‘riga g‘isht qalanayotgan sovyetlar davriga qiyoslab¸ og‘iz ochishga ham lol qolmoqdalar¸ deydi o‘z farzandlarini sovyet davrida o‘qitgan Ergash otaO‘

- Farqi u paytda kitoblar, o‘quv qurollari hammasi bepul edi. Mana hozir maktablarda arendaga beradi kitoblarni. Ular uchun arenda puli berishimiz kerak. O‘qish tamom bo‘lgandan keyin har bolaga taxminan 2000-3000dan bersak kerak kitob uchun. U paytlarda formalar arzon edi. Hozir qimmat. Hozir remontga deb pul oladilar. U paytlarda remont bepul edi. Hozir remontga deb oladi, pardaga deb oladi, to‘pga oladi. Yana bir tomoni avval maktablarda krujoklar tekin edi. Hozir krujoklarga qatnashsangiz ham pul berasiz. Hamma joyda ishsizlik deyarli. Fermerlarda ishlaganlarga fermerlar pul bermaydi unchalik¸ ularning o‘zida ham pul yo‘q hozir¸ deydi 25 jonlik oila daromadu buromadini kelishtira olmay boshi shishganini aytgan Ergash ota....
XS
SM
MD
LG