Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:57

Chechen yigitlari - Norvyegiyada qahramon


Anders Breyvikni to‘xtatishga harakat qilgan Rustam Daudov va Movsar Jamayev.
Anders Breyvikni to‘xtatishga harakat qilgan Rustam Daudov va Movsar Jamayev.
Norvyegiyalik terrorchi Anders Breyvik Utoyya orolida uyushtirgan ommaviy qirg‘in davomida unga qarshilik ko‘rsatgan ikki nafar chechenistonlik o‘smir Norvyegiyada milliy qaxramonlarga aylandi. Ulardan biri Ozodlik muxbiriga intervyu berdi.

22 iyul kuni norvyeg terrorchisi Anders Breyvikning Utoyya oroliga hujumi paytida chechenistonlik 16 yoshli Rustam Daudov va 17 yoshli Movsar Jamayev orolga to‘plangan yoshlar orasida bo‘lgan.

Norvyegiyaning “Dagbladet” gazetasining yozishicha, bir necha bolalarni o‘ldirib, politsiyachi formasiga kiyingan Breyvik ularni ham o‘z yoniga chaqirgan. Breyvikning oldiga bormoqchi bo‘lgan Rustamni to‘xtatib qolgan Movsar formadagi odam politsiyachi emasligini payqab qolgan.

Bir necha soniya o‘tib yigitlar, “politsiyachi” yoniga yugurib kelgan bolalarni otib tashlaganiga guvoh bo‘ladi...

Shunda 17 yoshli Movsar otasiga qo‘ng‘iroq qilib, nima qilish ro‘y berayotgan voqea haqida aytadi. Movsarning otasi o‘zlarini va boshqa bolalarni qutqarishga harakat qilishni aytadi. Shunda Rustam va Movsar yana bir noma‘lum yigitcha bilan Breyvikka qarata tosh otadi. Movsar otgan toshlardan biri Breyvikning boshiga tekkach, u bolalarga qarata o‘t ochadi va yigitlarning sherigini o‘ldiradi.

Chechen yigitlari voqea paytida oroldagi g‘orlardan biriga 23 nafar bolani yashirib, g‘orni qo‘riqlagan. Movsar hatto suvga tushib qochayotganlarning bir nechtasini qo‘tqarishga ham muvaffaq bo‘ladi.


(YouTube videoportalidan olingan bu videoda Breyvik tergovchilarga jinoyat sodir etgan joylarini ko‘rsatgan)

Voqea tafsilotlarini 16 yoshli Rustam Daudovning o‘zi Ozodlikka telefon orqali gapirib berdi.

- Bu voqea haqida biz biror kishiga gapirmagandik. Maqtanishni xohlamagan edik. To‘g‘risi, jurnalistlar bu haqda qanday qilib bilib olishganini o‘zim ham tushunmadim. Menimcha, tafsilotlarni ularga o‘sha yerdagi qizlar aytib bergan. Shundan keyingina biz ham hodisa tafsilotlarini ochiqladik. Biz yozgi lagerga qiziqib kelgan edik, tomoshaga. Kelajakda siyosatda o‘z dunyoqarashimizni oshirish va Ishchi partiya haqida ma‘lumot olish maqsadida borgan edik,- deydi Rustam.

Uning so‘zlariga ko‘ra, orolda yashirinish uchun joy ko‘p bo‘lgan, lekin yosh yigit va qizlar vahimaga va sarosimaga tushib qolgan.

- Hech kimning ishongisi kelmasdi. Ko‘plari bu haqiqatmi-yo‘qmi, nima bo‘layotganini anglamasdi. Chunki bunday hodisa Norvyegiyada bo‘lishi mumkinligini birov xayoliga keltirmasdi. Lekin yashirinishdan unchalik foyda ham yo‘q edi – axir u (Breyvik-tahr.) orolni bir soat davomida kezdi... Boz ustiga u politsiyachining o‘zginasidek edi, har holda meni nazarimda. Shunda Movsar otasiga qo‘ng‘iroq qildi,- deydi Rustam Daudov.

Ma‘lum bo‘lishicha, Rustam Daudovning otasi 2003 yilda Chechenistonda xalok bo‘lgan. Shundan keyin ularning oilasi Norvyegiyaga doimiy yashash uchun kelgan.

Rustam qolganlar dod-voy solib yurgan bir paytda o‘zlarini sovuqqonlik bilan tutishi va og‘ir vaziyatda yo‘qotib qo‘ymaganini Chechen urushini boshidan kechirgani bilan izohladi.

- Gap shundaki, men chechenman. Norvyegiyada esa bunaqalarni ko‘rishmagan. Biz urushni boshimizdan kechirdik, ular esa bunaqa bo‘lishi mumkinligiga ishonmagan. O‘sha paytda hatto biz bunaqa bo‘lishiga ishonmagan edik,- deydi 8-9 yoshida Grozniydagi janglarning guvohi bo‘lgan chechenistoklik Rustam Daudov.

Chechen yigitlarining Breyvikka qarshilik ko‘rsatgani, xususan, unga tosh otganini “Dagbladet” gazetasiga Utoyya qirg‘inidan omon chiqqan qizlar gapirib bergan. Bu ma‘lumotni Anders Breyvikning advokati ham tasdiqladi, deydi Ozodlik Radiosiga gazeta muxbirlaridan biri Line Bruste.

- Janob Breyvikning advokati tasdiqladi va bizga ma‘lum bo‘lgan narsa haqiqat bo‘lib chiqdi. U Breyvik bilan gaplashib, orolda unga kimdir haqiqatan tosh otganini tasdiqladi. Har holda, bu voqeani hammaga aytish uchun Utoyya orolidagi ko‘plab guvohliklar asos bo‘lishi mumkin, - dedi jurnalist Line Bruste.

Ayni paytda, ommaviy axborot vositalarida ona yurti Grozniyda Rustam Daudov va Movsar Jamayevni munosib taqdirlash haqida xabar tarqadi. Biroq, Checheniston prezidentining matbuot kotibi Alvi Karimov Ozodlikka bu xabarni tasdiqlamadi.

- O‘smir yigitlar, hatto yoshi kattaroq odam ham o‘zini yo‘qotib qo‘yishi mumkin bo‘lgan bu vaziyatda o‘zlarini haqiqatan mardlarcha tutdi va boshqa bolalarning hayotini saqlab qoldi. Ularning bu qaxramonligi na Norvyegiyada va na Rossiyada e‘tibordan chetda qoladi, degan fikrdaman,- deydi Alvi Karimov.

Utoyya orolida yana bir chechen yigiti – 17 yashar Anzor Jukayev ham bo‘lgan. Politsiya Anzorni Breyvikka ko‘maklashganlikda gumon qilib, orolning o‘zida hibsga olgan va 17 soat davomida qamoqda saqlagan. “RSN” axborot agentligi xabariga ko‘ra, norvyegiyalik bolalardan biriga Jukayev otishma vaqtida boshqalar kabi yig‘lamagani va sovuqqonlik bilan o‘zini tutgani g‘alati tuyulgan.

Anzor esa buni: “Yig‘lash mening erkaklik g‘ururimga to‘g‘ri kelmaydi”, deya izohlagan. Norvyegiya politsiyasi undan rasman kechirim so‘radi.

------
Eslatib o‘tamiz, 22 iyul kuni Oslo shahri markazi va Utoyya orolida ultraso‘llardan ekanligi aytilayotgan 32 yoshli norvyegiyalik Anders Breyvik sodir etgan terror hujumlari natijasida 76 kishi halok bo‘lgan.

Aniqlanishicha, u terror hujumini 2002 yildan buyon tayyorlab kelgan va hujumdan bir necha soat oldin g‘oyalarini Internetda chop etilgan “Manifest” orqali bildirgan.

Norvyegiya qonunlariga binoan Anders Breyvik 21 yilga qamalishi mumkin. Ammo prokuratura norvyeg terrorchisini 30 yilga qamalishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
XS
SM
MD
LG