Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:08

Tojikistonlik o‘zbeklar sovet davri matbuotini sog‘indi


Sobiq ittifoq davrida tojikistonlik o‘zbeklar asosan O‘zbekistonda nashr qilingan gazeta-jurnallarni mutolaa qilardi.

Tojikistonliklar orasida ko‘proq “Saodat”, “Sharq yulduzi” va “Fan va turmush” jurnallari mashhur edi. O‘zbek sinflari “G‘uncha” jurnali va “Yosh leninchi” gazetalariga ommaviy obuna qilinardi.

- She‘rlar, qiziq-qiziq hikoyalar bosilardi shu “G‘uncha” jurnalida, qiziqib o‘qirdik. Ota-onalarimiz esa “Sharq yulduzi” jurnaliga obuna bo‘lardi. Biz ham bu jurnalni ko‘p o‘qirdik. Men “Sharq yulduzi” jurnalidagi yaxshi maqolalarni kundaligimga ko‘chirib olardim. Mana hozirgacha shularni saqlab yuribman, - deydi 40 yoshli suhbatdoshimiz Jahongul baxtli bolalik yillari tutilgan kundaligini sog‘inch bilan varaqlar ekan.

Jahongul aya bugungi kunda farzandlari o‘z ona tilida badiiy asarlar, gazeta va jurnallar o‘qishdan mosuvo bo‘lganidan kuyinadi.

- Hozir biror xil gazeta ham, jurnal ham kelmaydi u tomondan bizga, - deydi Jahongul aya.

Suhbatdoshimiz shu kunlarda Tojikistonda nashr qilinayotgan barmoq bilan sanarli o‘zbekcha gazetalar sifati yomonligi, unda berilayotgan maqolalar mazmunan sayoz bo‘lgani uchun ularni olishga qiziqmasligini aytadi.

- Mustaqillikka erishganimiz juda katta boylik O‘zbekiston uchun ham, Tojikiston uchun ham. Lekin biz o‘z ona tilimizni o‘rganish, o‘z ona tilimizni bilish imkoniyatlarini butunlay qo‘ldan berib qo‘ydik, - deydi keksa jurnalist No‘‘monjon Faxriddinov.

Uning fikricha, mintaqa mamlakatlarida yashovchi o‘zbeklar uchun madaniyat, ma‘naviyat o‘chog‘i sanalgan O‘zbekiston lotin alifbosiga o‘tishga shoshmasligi kerak edi.

Faxriddinovga ko‘ra, mintaqa mamlakatlari, jumladan, Tojikiston bilan O‘zbekiston o‘rtasida matbuot hamkorligining boshi berk ko‘chaga kirib qolishidagi asosiy sababi O‘zbekistonda lotin alifbosi joriy qilinganidadir.

Ayni paytda O‘zbekistonda kiril yozuvida chopdan etilayotgan ayrim mustaqil ro‘znomalar turli yo‘llar bilan Tojikistonga kirib kelmoqda.

“Bekajon”, “Chaqimchi”, “Darakchi” kabi ko‘ngilochar gazetalar shular jumlasidandir.

Sho‘ro zamonida “Saodat” jurnalining ashaddiy muxlisi bo‘lgan Muqaddamxon aya mustaqillik davrida ana shu ro‘znomalarni ola boshlagandi, biroq yaqindan buyon bu gazetalarni ham ololmay qolgan.

- Hozir endi bitta gazeta besh somoniy (taxminan 1,3 dollar - tahr.) bo‘lgan, qanday olib o‘qiylik? Anchadan buyon olmay qo‘ydim. Hozir olib o‘qishga imkoniyatim yo‘q, - deydi nafaqaxo‘r Muqaddamxon aya.

Tojikiston Aloqa vazirligining ismi oshkor etilishini istamagan xodimiga ko‘ra, tojik jamiyatida o‘z auditoriyasiga ega bo‘lgan “Bekajon”, “Chaqimchi”, “Darakchi” gazetalari Tojikistonga noqonuniy yo‘llar bilan olib kiriladi.

Vazirlik xodimining aytishicha, tojikistonliklar O‘zbekistonda nashr qilinayotgan gazeta va jurnallarga obuna bo‘la olmaydi. Chunki, suhbatdoshimizga ko‘ra, ikki davlat vazirliklari o‘rtasida so‘nggi o‘n besh yil ichida bu borada hamkorlik shartnomasi imzolanmagan.
XS
SM
MD
LG