Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:30

Qaddafiy oilasi Jazoirda


Muammar Qaddafiyning rafiqasi ikki o‘g‘li va bir qizi bilan Jazoirda ekani ma‘lum qilindi.

Jazoir Tashqi ishlar vazirligi ma‘lum qilishicha, 29 avgust kuni ertalab Muammar Qaddafiyning rafiqasi uch farzandi bilan mashinada Liviyadan Jazoirga o‘tib keldilar.

Liviya Milliy kengashi rahbari Mustafo Abdul Jalil Jazoirni ular bilan hamkorlik qilishga chaqirib, Qaddafiyning qidiruvda bo‘lgan o‘g‘illaridan birini liviyalik isyonchilarga topshirishga chaqirdi.

Asnoda liviyalik isyonchilar Qaddafiyning qidiruvda bo‘lgan o‘g‘illaridan yana biri Hamis 27 avgust kuni Tripolidagi to‘qnashuvda halok bo‘lganini xabar qildi.

Shuningdek, isyonchilar Qaddafiyning razvyedka xizmati boshlig‘i Abdulla al-Sennusiy (Abdullah al-Senussi) ham Hamis bilan birgalikda halok bo‘lganini taxmin qilayapti.

AQSh rasmiysi Hamis Qaddafiy o‘limini tasdiqlash imkoni bo‘lmaganini, biroq bu ma‘lumotlar “o‘ta ishonchli manbalar”dan olinganini ma‘lum qildi.

Dushanba kuni ertalab Xalqaro jinoiy ishlar sudi prokurori Luis Moreno-Okampo Hamis Qaddafiyni hibsga olish haqida order berilishi haqida gapirgan edi.

Ayni kezda qarorgohi Nyu Yorkda joylashgan Human Rights Watch tashkiloti Muammar Qaddafiyning o‘g‘li Hamis qo‘lidan qochib kelgan guvohga tayangan holda, 23 avgust kuni 150 dan ortiq mahbus Hamis boshchiligidagi harbiylar tomonidan o‘ldirilgani haqida faktlar borligini ma‘lum qildi.

Hozirda polkovnik Qaddafiyning o‘zi va uning yana uch o‘g‘lining qayerda ekani noma‘lum qolmoqda. Dushanba kuni Muammar Qaddafiyning Beni-Valid shahrida ekani haqidagi ma‘lumotlar paydo bo‘ldi. Biroq hozircha bu ma‘lumot tasdiqlangani yo‘q.

Liviya Milliy kengashi rahbari Mustafo Abdul Jalilga ko‘ra, Muammar Qaddafiy hanuz mamlakat ichkarisi va tashqarisida birdek xavfli bo‘lib qolmoqda.

Qaddafiy yashiringani taxmin qilinayotgan Beni-Valid shahri unga sodiq kuchlar nazoratida qolayotgan shaharlardan biridir.

Muammar Qaddafiyning ona shahri Sirt va mamlakat janubidagi bir qancha shaharlar ham Qaddafiyga sodiq kuchlar nazoratida qolmoqda. Liviyaning boshqa hududlari to‘laligicha isyonchilar nazoratiga o‘tdi.

Liviyalik isyonchilari kapitani Muhammad Salimga ko‘ra, Qaddafiyga
sodiq kuchlar nazoratida qolayotgan Sirt shahri uchun kurash o‘ta shiddatli bo‘ladi.

- Shubhasiz, u yerda katta jang bo‘ladi, chunki ular Qaddafiyga sodiq va endilikda biz ularga qarshi qurol ishlatishga majbur bo‘lamiz, - dedi Muhammad Salim.

Ayni paytda Liviya Milliy kengashi rahbari Mustafo Abdul Jalil NATO rahbariyatidan isyonchilarga ko‘magini davom ettirishni so‘radi.
XS
SM
MD
LG