Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 19:50

Hayit namozida arab to‘polonlaridan asrash so‘raldi


31 avgust kuni o‘qilgan Hayit namozida imomlar taqvodorlarni yurtboshiga qulluq qilishga chaqirganlar.

O‘zbekistonda Ramazon Hayiti 31 avgust kuni nishonlandi. Toshkentdagi masjidlarda namoz o‘qigan musulmonlar masjidlar namozxonlar bilan to‘lib-toshgani, imomlar o‘z ma‘ruzlarida tinch va xotirjam hayot uchun yurtboshiga qulluq qilish lozimligini, arab davlatlaridagi kabi to‘polonlardan Allohning o‘zi asrashi haqida gapirganlar.

Toshkent shahrining Chilonzor tumanida istiqomat qiladigan 66 yoshli pensioner Anvar To‘raxo‘jayevning aytishicha, tumandagi jome‘ masjidi har qachongidan ham ko‘proq namozxonlar bilan to‘lib toshgan:

- Machitga keldik. Ertalab 6.15da boshlandi. Ungacha bomdod namozini o‘qidik. Domlamiz Ergash domla. Ma‘ruzasini qildi. Namoz yo‘llarini tushuntirdi. Keyin tushgan fitr ro‘za bo‘ladimi, ërdam bo‘ladimi hammalarini yig‘ilganlarga ma‘lum qildi. Kimga ërdam pullari tarqatildi shularni ma‘lum qilib namozgacha, keyin namoz o‘qib, duo qilib tarqalishdik, - deydi Anvar To‘raxo‘jayev.

Pensioner otaxonga ko‘ra, masjid imomining ma‘ruzasi avvalgi hayitlarda qilinadigan ma‘ruzalardan deyarli farq qilmagan, faqat imom bu safar tinch va osoyishta zamon uchun shukurlar qilish kerakligini arab davlatlaridagi to‘polonlar misolida uqtirib o‘tgan:

- Hamma yilgi ma‘ruzaga o‘xshadi, ya‘ni «mustaqillik bu ulug‘ ne‘mat, Mustaqillik natijasida erishilgan yutuq bu juda katta yutuq, mana tinchgina namozni o‘qiyapmiz, tinchgina hayot kechiryapmiz, boshqa davlatlarda mana ko‘ryapsizlar notinch, hammasini yuragini hovuchlab turadi, ayniqsa arab davlatlarida bo‘layotgan voqealar yaxshi emasku, bizlar ham shunaqa bo‘lsa sizlarga yoqarmidi», qabilidagi gaplar aytildi. «Tinchligimizni kafillab kelayotgan yurtboshimizni duosini qilaylik», deyildi, deydi Anvar To‘raxo‘jayev.

Toshkentning Hamza tumanida istiqomat qiluvchi pensioner Abduqahhor Musayev esa, tuman jome‘ masjidida o‘tkazilgan hayit namozida qilingan imom ma‘ruzasi sof diniy mazmunda o‘tganini ta‘kidlar ekan, xavfsizlikni ta‘minlovchi militsiya xodimlari o‘tgan hayit namozlariga nisbatan ikki-uch baravar ko‘paytirilganini aytadi:

- Normalniy bo‘ldi hammasi. Oldingiday hamma ëq texnika bezopasnosti, qorovullar bor. Hamma me‘ërida bo‘ldi. Militsiyalar o‘tgan yillarga qaraganda ikki-uch barobarga ko‘p¸ juda ham ko‘p, deydi Abduqahhor Musayev.

Pensioner otaxon Anvar To‘raxo‘jayev esa, Toshkentda xavfsizlik choralari butun Ramazon oyi davomida kuchaytirilganini aytadi. Unga ko‘ra, hatto Laylat-ul Qadr kechasida ham namozxonlarga masjidlarda to‘planib ibodat qilishlari taqiqlangan, iftorlik qiladigan odamlar ko‘p odam chaqirmasligi xususida ogohlantirilgan:

- Laylat-ul Qadr kechasida odamlar to‘planmasin, machitlarda ibodat qilib bo‘lib tarqab ketinglar deyildi. Shunaqa bo‘ldi. Xullas¸ yuqoridan shunaqa topshiriq bo‘lgan. Agar u yer bu yerda o‘z holinglarcha to‘plansanglar¸ gap tegsa xafa bo‘lmanglar¸ deyishgan. Iftorliklar davrida 30 kun davomida kam-kam odamlar to‘planib, kam-kam odamlar o‘tganini ko‘rdim. Oldingiday 100, 100tadan oshiq to‘plangan iftorliklar bo‘lmadi, deydi Anvar To‘raxo‘jayev.

Toshkentning O‘rikzor mahallasidagi jome masjidida hayit namozini o‘qigan toshkentlik savdogar Jahongir Shosalimov hayit namozi juda shukuhli o‘tganini ta‘kidlar ekan, bu yilgi ramazon oyi musulmonlarga juda katta sinov bo‘lganini aytadi:

- Ayniqsa¸ bu yil ro‘za ro‘zadorlar uchun juda katta sinov bo‘ldi. Ro‘zaning deyarli 20-30 kuni qattiq jaziramaga to‘g‘ri keldi. Suvsizlik, tashnalik. Shuning uchun hamma shodu xurramlikda ajoyib o‘tdi. Taxminan 5000dan 10 minggacha odam O‘rikzordagi jome‘ masjidida yig‘ilib namoz o‘qidi. Imomdan juda chiroyli ma‘ruza bo‘ldi. Albatta¸ endi O‘zbekistondagi chuqur ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatlar, xabaringiz bor, yuqorining buyrug‘i bilan tilga olinmaydi. Umuman bayram ruhida o‘tdi desak bo‘ladi. Lekin u boshqa masala. O‘zbekistondagi juda ham tarang ijtimoiy, iqtisodiy, siësiy masala amnistiya e‘lon qilinmaganligi, dindorlarga nisbatan qilinaëtgan jabr, zulm, zo‘ravonlik, Obidxon qoriga nisbatan qilingan tuhmat, albatta bular haqida gapirilmaydi. Umuman olganda hayit namozi juda chiroyli va osoyishta o‘tdi, deydi Jahongir Shosalimov.

Ozodlik manbalarining xabar berishicha, O‘zbekiston viloyatlarining jome‘ masjidlarida o‘qilgan hayit namozlari tinch va osoyishta o‘tgan.

Dunyodagi musulmon davlatlaridan farqli o‘laroq, O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmanistonda Ramazon hayiti bir kun kech, 31 avgustda nishonlandi.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, O‘zbekistonda ayrim shaxslar ro‘zani 30 avgust kuni to‘xtatgan va shu kuni ularning kichik guruhlarga birlashib, yashirincha hayit namozlarini ado etish hollari ham kuzatilgan.
XS
SM
MD
LG