Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 02:37

O‘zbekiston janubida paxta terimi boshlandi


Ozodlik manbalariga ko‘ra¸ rasmiylar paxta terimiga ommaviy safarbarlikning 5 sentabrdan boshlanishini bildirgan.

Surxondaryo viloyatining Denov tumanida paxta terimi 29 avgustdan boshlangan edi, deydi denovlik kollej talabasi Abdulla.

Unga ko‘ra, odamlarning o‘zlari, ko‘proq maktab o‘quvchilari paxta terimiga "qiziqish" bildirgan. Abdulla bu holat bolalarning ozroq bo‘lsa ham pul topish va maktabga kiyim-kechak va o‘quv qurollari sotib olish xarajatlarining bir qismini qoplash ehtiëji bilan bog‘liq ekanini aytadi:

- Ba‘zi bir joylarda paxta boshlandi. 29 avgustdan boshlangan edi. Maktab o‘quvchilarining deyarli hammasi chiqib ketgan uje. Sababi¸ maktabga kiyim, kitob, daftar olish uchun, o‘zlari pul ishlash uchun chiqqan. O‘zlari chiqqan. Maktab, kollejlar 5 sentabrdan majbur chiqar ekan. Endi e‘lon qilindi. Aytilgan o‘qituvchilarga, shifokorlarga. Tumanlarga ërdamga ketarkan paxtaga, deydi Abdulla.

Jarqo‘rg‘on tumanida istiqomat qiluvchi O‘rol akaning aytishicha, 3 sentabrdan boshlab tumanda paxtaga ommaviy safarbarlik boshlanadi:

- Ertadan boshlab paxta hamma yerda. Bugun tumanda majlis bo‘layapti. Shu to‘g‘risida majlis bo‘layapti. Mahalla komitetlari, men o‘zim ham ishlaymanda shu yerda, uyma uy kirib yuribdi. Imkoniyati bor kishi paxtaga chiqsin¸ deyapti. Ertadan boshlab hammaga paxta. 5 sentabrdan maktablar ham chiqsa kerak. 5 sentabrdan keyin maktab, kollejlar chiqadi deyapti. Hozircha qishloqdagi odamlar, imkoniyati bor kishilarni jalb qilayapti, deydi O‘rol aka.

Ismini oshkor etmagan surxonlaryolik o‘qituvchining aytishicha, Surxondarë viloyat hokimi 5 sentabrdan paxta terimiga ommaviy safarbarlik boshlash haqida ko‘rsatma bergan:

- Paxta 5 sentabrdan deyapti. Bugun maktablar ochildi. 5 sentabrdan boshlab ommaviy hamma narsa ëpilib maktab o‘quvchilari chiqadi. Birinchi martasida 3-4-sinflargacha qoldiradida. Hozir paxta ko‘pku. Hozircha kattaroq sinflarni ëpadida. Paxta tugab qolib, topilmay qoladiku, undan keyin hammani massoviy mobilizatsiya qiladi. 5 sentabrdan keyin butun student, tashkilot hammasini mobilizovat qilayapti. Joylarni tayërlab qo‘ygan hamma narsani, deydi surxondaryolik o‘qituvchi.

Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida istiqomat qiladigan Abdusattor Ahmadaliyev ham tumanda paxta terimiga jiddiy tayyorgarlik ko‘rilayotganini aytadi.

- Boshlanish arafasida bo‘lib turibdi. 5 sentabrlardan massoviy ketsa kerak paxtaga. Kollej, litsey, maktabning to‘rtinchimi, beshinchimi sinfdan yuqorilari ëtoq¸ degan gap bo‘layapti, lekin hali guvoh emasman, deydi Abdusattor Ahmadaliyev.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, bu yil ham paxta terimiga asosan maktab o‘quvchilari, kollej, litsey va oliygohlar talabalari majburan jalb qilinadi. O‘qituvchi, shifokor va byudjetdan maosh olib ishlaydigan boshqa xizmatchilarning ham 10-15 kunlab yotog‘i bilan terimga jo‘natilishi kutilmoqda. Biroq, denovlik Abdullaga ko‘ra, paxta terimiga bormaslikning yo‘llari bor:

- Qolish ham mumkin. Qolishning ham yo‘li borda. Birinchi yo‘li 50-60 ming atrofida pul beriladi ëki o‘rniga birorta odam yuboriladi. O‘qituvchi ë shifokor o‘rniga o‘g‘lini ëki jiyanini yuboradida paxta terdirgani, deydi Abdulla.

O‘zbekistonda bu yil bir kilogramm qo‘lda terilgan paxta narxi 150 so‘m qilib belgilandi. Ozodlik manbalariga ko‘ra, bu qishloq sharoitida yashayotgan aholi uchun yaxshigina pul hisoblanadi va shuning uchun ham birinchi terimida aholi o‘z xohishi bilan dalaga chiqmoqda.

Inson huquqi himoyasi bilan shug‘ullanadigan xalqaro tashkilotlar paxta terimida bolalar mehnatidan majburiy foydalanaëtgan O‘zbekiston hukumatini yillardan beri tanqid qilib kelmoqda. Biroq O‘zbekiston rasmiylari bolalar mehnati muammosiga bag‘ishlangan xalqaro yig‘inlarda o‘zbek bolalari paxta yig‘im-terimiga majburan emas, balki ko‘ngilli ravishda, ota-onalariga yordam berish maqsadida chiqishlarini ta‘kidlab kelmoqda.

So‘nggi yillardda bir qator G‘arb shirkatlari, jumladan "Tesco", "Marks & Spenser", "Gymboree" kabi yirik shirkatlar ham majburiy bolalar mehnatidan foydalanilgani bois o‘zbek paxtasiga boykot e‘lon qilgan.

Paxta eksporti bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘rinda turadigan O‘zbekiston hukumatining paxta savdosidan yiliga bir milliard AQSh dollaridan ortiq foyda olishi taxmin qilinadi.
XS
SM
MD
LG