Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 02:12

Kredit uyushmalari mijozlari sarson bo‘lmoqda


O‘zbekistonda ko‘plab odam litsenziyadan mahrum etilgan kredit uyushmalaridan o‘z pullarini ololmayaptilar.
O‘zbekistonda ko‘plab odam litsenziyadan mahrum etilgan kredit uyushmalaridan o‘z pullarini ololmayaptilar.
O‘zbekistonda kredit uyushmalarining litsenziyadan mahrum etilishi ular bilan hamkorlik qilgan mijozlarni o‘ta mushkul ahvolda qoldirgan.

Toshkentdagi “Invyest-kredit” uyushmasi a‘zosi Shavkat Ismoilov shularning biri.

- 2007 yildan beri men shu uyushmaga a‘zoman. Oldin pensiyamni yig‘ib, raschyotlarning hammasini topshirib, nima deydi, kutayapman. yoshimiz bir katta joyga borib qolgan. "Bolalarga og‘irligimiz tushmasin" deb, shularni topshirgan edim. Yildan yilga chiqayotgan protsentni yana o‘ziga topshirib yotgan edim. Oxirgisini mana shu iyul oyida bergan edim. 1 million 400 ming bergan edim. Endi oqibati mana shunday. Gaplashishni ham xohlashmayapti, hech qanday garantiya ham yo‘q. Spisoklarni osib qo‘ygan pensioner, invalid, urush qatnashchilarini. "Qachon olasan?" deydigan savolga javob berish yo‘q, - deydi Shavkat Ismoilov.

Toshkentdagi Ekspert ishchi guruhi rahbari Suhrob Ismoilov avgust oyida O‘zbekiston bo‘ylab 50 dan ziyod kredit uyushmalari yopilgani va jabr ko‘rayotganlar soni bir necha yuz kishini tashkil qilishini aytadi.

- Milliardlab o‘zbek so‘mi haqida gap ketayapti. Kredit uyushmalarining ko‘pchiligining asoschilari oddiy fuqarolar. Ularning ko‘pchiligi kredit uyushmalariga qo‘yilgan mablag‘larini yillar davomida o‘zlarining halol ishlab topgan oyliklaridan, pullaridan qo‘yishgan. Biz pul qo‘ygan mijozlar bilan gaplashdik. Ular ko‘p hollarda o‘z daromadlarini, kerak bo‘lsa, tejab ham mana shu pulni yig‘ib qo‘yib kelishgan. Hozir mana shu shaxslar nomavhumlik oldida qolishayapti, - deydi Suhrob Ismoilov.

Iyul oyida O‘zbekiston Markaziy Banki qarori bilan mamlakat bo‘ylab ko‘plab kredit uyushmalari litsenziyadan mahrum etilgan edi.

O‘zbekistonda kredit uyushmalari jismoniy hamda yuridik shaxslar tomonidan ixtiyoriy teng huquqli a‘zolik asosida kreditlar berish va boshqa moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish maqsadida tuzilgan.

Qisqa vaqt ichida mamlakat bo‘ylab kredit uyushmalari soni sezilarli ravishda oshdi. Shavkat Ismoilovning aytishicha, kredit uyushmalar o‘z mijozlariga banklarga qaraganda ko‘proq foiz berishi uni qiziqtirgan.

- Bir yilga topshirgan pulingizdan 42 foiz beradi. Bankalar 24, u ham hammasi emas. Mana oxirgi yil 30 foiz bera boshlashdi. Konkurensiyani sezib, ozgina ishlarni tuzatib, shunday qilishayapti. Oxirgi berganlari 40 foizdan berayapti. Bir yilga 40 foiz bugungi kunda inflyatsiyadan ancha baland. Shuning uchun majbur bo‘layapman. Bank naqd pulni qaytarib bermasdan, oxirgi marta Qurilish bankidan pulimni ololmasdan, shundan keyin men ularga yaqinlashmadim, - deydi Shavkat Ismoilov.

Ammo O‘zbekiston Markaziy Banki bunday uyushmalar litsenziyasi bekor qilingani yuzasidan rasmiy tushuntirish bermadi. Suhrob Ismoilovga ko‘ra, bu banklarda naqd pul kamayib ketgani bilan bog‘liq.

- Oxirgi yillarda qo‘yilgan pullarga nisbatan beriladigan foizlar ko‘pligi tufayli ko‘pchilik aholi va yuridik shaxslar o‘zlarining pullarini bankda emas, kredit uyushmalarida saqlay boshlashgan ekan. Mana shuning natijasida hukumat boshqaradigan O‘zbekistondagi banklarda pul qolmayotgan ekan, - deydi Suhrob Ismoilov.

Uzdaily.uz nashriga ko‘ra, 2011 yilning iyul oyiga qadar O‘zbekistonda 123 ta kredit uyushmasi faoliyat yuritgan, a‘zolari soni esa 244 ming 678 nafarga yetgan. Ularning 99 foizi jismoniy shaxslar va alohida tadbirkorlar bo‘lgan. Kredit uyushmalari aktivlari hajmi esa 395.8 milliard so‘mni tashkil etgan.
XS
SM
MD
LG