Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 15:28

Korrupsiya eski qanotlarini qaychilamoqda


Toshkentda valyuta “qora bozori”ga homiylik qilgan militsiya xodimlari turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilinganlar.

Biroq valyuta “qora bozori”ni yaxshi o‘rgangan o‘zbekistonlik kuzatuvchilar bu bozor oddiy valyutafurushdan tortib, bank xodimlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlarini o‘ziga birlashtirgan bir tizim ekanligini aytmoqdalar.

O‘zbekiston Markaziy bankining 9 sentabrda belgilagan 1 AQSh dollarining so‘mga nisbatan rasmiy kursi 1739 so‘m 47 tiyin.

Shu kuni Toshkent “qora bozorida” bir AQSh dollari 2500 so‘mdan sotib olindi.

Oradagi farq 760 so‘m. Bu yaqin 33 foiz farq degani. Agar har bir dollardan shuncha qoladigan bo‘lsa, 100 dollardan 76 ming so‘m, ming dollardan 760 ming so‘m qoladi.

O‘zbekiston “qora bozori”da esa har kuni o‘n minglab, yuz minglab, balki millionlab dollar aylanadi.

“Qora bozor”ning O‘zbekistondagi hayoti esa erkin. Toshkentning har bir bozorida bunday norasmiy bozorlar faoliyat yuritadi. Bu bozorlarning ma‘muriyati ham, o‘sha yerdagi militsiya xodimlari ham, milliy xavfsizlik xizmati xodimlari ham bu bozorlarda qo‘lida dasta-dasta pul ushlab, “dollar olaman” deb, gerdayib turgan valyutafurushlarni ham yaxshi biladi.

Hukumat odamlari valyutafurushlarning g‘ayriqonuniy tarzda faoliyat yuritayotganini ham yaxshi biladi, biroq ularga hech kim tegmaydi. Asosan O‘zbekiston viloyatlaridan bo‘lgan bu valyutafurushlarning o‘z tillari bilan aytganda “krisha”lari, ya‘ni “tom”lari bor.

Bu “tom”lar kim ekanligini ham hech kim bilmaydi. Ora-sirada valyutafurushlardan kimlardir yoki ularning “krisha”lari qamoqqa olingani haqida xabarlar paydo bo‘ladi.

Uzmetronom Internet sayti ham shu haqda yozdi. Toshkentda valyuta “qora bozori”ga homiylik qilgan militsiya xodimlari turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilinganlar, deb.

Uzmetronom buni “mayda baliq ovi” deb atadi.

Biroq bu militsiya xodimlarining qamoqqa olingani va ozodlikdan mahrum etilgani, toshkentlik tadbirkor Botirjon iborasicha, “galochka” uchun, ya‘ni hukumat bu tizimdagi noqonuniy ishlarga qarshi kurashayotganini ko‘rsatish uchundir:

- Hammasi mafiyaning odamlari-yu. Bemalol qilgani qilyapti. Korrupsiyaga qarshi tashkilot boru, jinoyatga qarshi - o‘shalar go‘yo militsiyalarni qo‘lga olgan. Yunusobod bozorida bir dollarchi xotin bor edi. Juda katta ish qilardi. Shuni olgan edi, yana qo‘yib yubordi. Pulini olib, qo‘yib yubordi. Nomiga bir-ikki kun qamab qo‘yadi. Kattalariga tegmaydiyu, kichiklarini olib borib qamaydi. Qolganlari yuravyeradi. "Baliq boshidan sasiydi" deydiyu. Xuddi shunaqa sasib, dabdalasi chiqib ketdi bularning, - deydi tadbirkor Botirjon.

“Ezgulik” inson huquqlari jamiyati faoli Abdurahmon Tashanov esa, bu holatni chiroyli ibora bilan atadi, ya‘ni “korrupsiya qanotlarini yangilayapti”, dedi:

- Bunday holatlar ilgari juda ko‘p bo‘lgan. Chunki korrupsiya o‘zining qanotlarini yangilab turadi, eskirgan qanotlarini kesib tashlaydi. O‘zbekistonda iqtisodiyot shu tariqa turadigan bo‘lsa, qora bozor hech qachon yo‘qolmaydi. Demak, uning “krishalari” ham yo‘qolmaydi. U to‘g‘ridan-to‘g‘ri manfaatdor guruhlarga xizmat qiladigan bir bozor. Bu birgina O‘zbekistonda emas, balki barcha rivojlanayotgan davlatlarda bor narsa, ya‘ni huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan jinoiy guruhlar bir darajada o‘sishi qonuniyat bo‘lib qoldi.

Valyuta “qora bozori”ni boshqaradiganlar huquqni muhofaza qilish organlarining eng yuqori bo‘g‘inlari, o‘sha korrupsiyaga qarshi kurash boshqarmasi boshliqlari hisoblanadi, - deydi Abdurahmon Tashanov.

O‘zbekistonlik yosh iqtisodchi Ahmadjon Komilovning aytishicha, valyuta qora bozorining faoliyat yuritishidan, eng avvalo, bank xodimlari va bank xodimlariga tegishli odamlar manfaatdor:

- Buni sizga ochig‘ini aytsam, bankda tanishim aytgan. Bankda valyuta bo‘limi shahobchalariga valyuta chiqaradi o‘zi aslida. Lekin hech bir oddiy fuqaro ko‘rmaydi o‘sha valyuta shohobchasiga borib sotib olganni. Chunki ular chiqishi bilan bankka tegishli bo‘lgan odamlar allaqachon u valyutani sotib olib bo‘ladi va qora bozorda oddiy xalqqa sotadilar. Bu Markaziy bankdan nazorat qilib kelinadigan jaraën. Buni hamma biladi. O‘zbekistondagi huquq-tartibot idoralari ham biladi uni. Valyutani kim olaëtgani, qayerga sotaëtganini ularning o‘zi ham biladi.

Ba‘zi bir jinoiy guruhlar shu narsa bo‘yicha alohida, mustaqil ish qiladi. Alohida, mustaqil ish qilib, jinoiy guruhlarni krishovat qilgan, ularga homiylik qilgan militsiyalarni, ularning nazoratida bo‘lmagan joyda shunaqa ish qilganlarni sud qilgan bo‘lishlari mumkin. Aslida bu narsalarning hammasi davlat odamlarining nazoratida. Bu narsani ochiq-oydin hamma biladi. Buni to‘g‘irlash yo‘llarini ham biladi. Faqat shu kurslar orasidagi farq 30 foiz bo‘lganligi va bu mo‘may daromad manbai ekanligi uchun ham bu narsaga indamay turishibdi, - deydi iqtisodchi Ahmadjon Komilov.

Toshkentda banklarning valyuta ayirboshlash shahobchalari juda ko‘p, ular bozorlarda, ko‘chalarda joylashgan. Biroq toshkentliklarning aytishlaricha, bu shahobchalardan valyuta sotib olishning umuman imkoni yo‘q.

Toshkentlik pensioner Ozoda ayaning aytishicha, valyutachilar “mafiya”si oddiy odamlarni valyuta shahobchalariga yaqinlashtirmaslikning antiqa usulini o‘ylab topishdi. "Har bir valyuta shahobchasining oldida doim uch-to‘rt nafar shallaqi xotinlar navbatchilik qiladi va dollar sotib olmoqchi bo‘lgan odamni avval “navbatga yozil” deb, yo‘ldan qaytaradi, qaytmagach provakatsiya uyushtiradi", deydi Ozoda aya.

- Men "dollar olaman" degan edim, qo‘ltiqlab olib borib tashladi u ëqqa.

Ozodlik: Kim olib borib tashladi?

- O‘sha yerdagi kliyentlarning ovcharkalari.

Ozodlik: Ular kimlar?

- Aëllar. Bittasini urib sindirishgan ekan. Sal kattaroqning odami ekan. Kattaroq odamning qarindoshini urib, sindirib qo‘yishibdi dollar olgani kelgan ekan. Hozir qamashibdi bir 10 tasi.

Ozodlik: Qanday aëllar bular?

- Siz bilan menga so‘z beradigan odamlar emas bular. “Senga nimaga kerak?” deydi. "O‘limligimga tayyorlab qo‘yishim kerak, bilasiz-ku, aël kishi pulni ishlatib yuboradi” desam, “Ha, go‘rkovlar dollarda ko‘madigan bo‘libdimi?” deydi.

Ozodlik: Navbatdan olib chiqib tashlaydimi?

- Ocheredda turgan bo‘lsangiz, o‘zining odamini qo‘yadi-da, sizni olib chiqib tashlaydi bu ëqqa.

Ozodlik: Agar haqqingizni talab qilsangiz-chi?

- Gapirtirmaydi. So‘kib, urishib ketishadi hammasi.

Ozodlik: Shahobchada o‘zi dollar bo‘larmidi? Olaman desangiz berarmidi?

- Sumka-sumka almashtirib ketishadi, bu ëqdan sotishadi. "Senga kim o‘rgatdi" deb, dollarchining boshlig‘i kelibdi menga. “Nimaga o‘rgatadi? Mening unaqa pulim yo‘q. O‘zimning bor pulimga olayapman” desangiz ham quloq solmaydi, - deydi Ozoda aya.

O‘zbekistonda xorij valyutasining rasmiy va “qora bozor” kursi o‘rtasida katta farq bo‘lib kelgan. Kuzatuvchilarning aytishlaricha, O‘zbekiston mustaqil hamdo‘stlik davlatlari orasida yagona shunday davlat bo‘lib qolmoqda.

2003 yilda O‘zbekiston hukumati valyuta konvyertatsiyasi ochilganligi e‘lon qilgan hamda bir muncha vaqt valyutaning rasmiy va bozor kursi o‘rtasidagi farq katta bo‘lmagan edi.

Biroq 2005 yildan boshlab valyutaning “qora bozor” kursi yana o‘sa boshladi.

Buning sabablari esa boshqa bir mavzudir.
XS
SM
MD
LG