Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 22:43

Volgogradda mehnat muhojiri o‘z joniga qasd qildi


Volgograd viloyatining Bikovskiy tumanidagi fermer xo‘jaliklaridan birida o‘z maoshini ololmagan o‘zbekistonlik o‘zini-o‘zi osib o‘ldirdi.

Fojea Bikovskiy tumanidagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiradigan sanoqsiz fermer xo‘jaliklaridan birida sodir bo‘ldi.

Ismi aytilmayotgan 28 yoshli o‘zbek yigiti joriy yilning mart oyida O‘zbekistondan kelgan va mahalliy fermerlardan biriga mardikorlikka yollangan. Yarim yil davomida u 40 mingga yaqin pul yiqqan va uyiga jo‘nab turgan.

"Shu kunlarda daladan nasos moslamasi yo‘qolib qolgan va fermer: “Nasos pulini to‘lamasang, hech qayerga ketmaysan” deb, nasosni shu bolaning bo‘yniga yuklagan", deydi Ozodlik bilan suhbatda mazkur hodisa yuzasidan tergovni olib borayotgan Volgograd viloyati Tergov qo‘mitasining Nikolayev Tergov bo‘limi rahbari Vladislav Chernishov.

- Hodisa joyi tekshirilganda bu odam joriy yilning 3 martida bittagina sumkasi bilan kelgani, topgan pulini olib ketishni rejalashtirib turgani aniqlandi. Bilishimcha, ularga ish yakunida oylikni jamlab olish qulayroq ekan. Shuning uchun pul xo‘jayinida turgan. Nasos yo‘qolganidan keyin fermer "to‘laysan" deb turib olgan, bola kimga dodini aytishni bilmasdan, 7 sentabr kuni yashayotgan chaylasida o‘zini osib o‘ldirgan. Kriminalistlarimiz uni birov o‘ldirmaganini aniqlashdi. Fojea joyiga biror tushuntirish xat yoki boshqa narsa topilmagani bois, tergovning dastlabki taxminiga ko‘ra, u o‘z hayotiga o‘zi chek qo‘ygan. To‘g‘risi, odam sifatida men uni juda yaxshi tushunib turibman, chunki 18 ming so‘mlik nasos narxi uning uchun juda katta pul, - deydi tergov rahbari Vladislav Chernishov.

Tergov qo‘mitasi xodimining so‘zlariga ko‘ra, Volgograd tumanining Bikovskiy va boshqa qo‘shni tumanlari tarvuz, pomidor kabi poliz ekinlari ekishga moslashgan va unda asosan O‘zbekistondan kelayotgan mehnat muhojirlar ishlamoqda.

Vladislav Chernishov o‘zbekistonliklar tomonidan o‘z joniga qasd qilish holatlari ayniqsa oxirgi paytlarda ko‘payib borayotganidan xavotir bildirdi.

- Hozirda men Bikovskiy tumanida ikkita o‘z joniga qasd qilish holatlar tergovini olib borayapman. Bu meni juda xavotirga solayapti. Xudoning o‘zi biladi nima bo‘layotganini. Ikkalasi ham O‘zbekiston fuqarolari, ikkalasi ham fermerdan pulini ololmaganidan keyin o‘zini osib o‘ldirgan. Birinchi holat bundan 6 kun oldin bo‘lgan. 25 yoshlardagi Xo‘jayevning jasadini O‘zbekistonga qo‘shni dalada ishlayotgan qaynotasi olib ketdi. Kechagisi hozircha morgda, u bechorada hatto qo‘l telefoni ham yo‘q ekan, qarindoshlari bilan aloqa ham yo‘q. Mahalliy o‘zbek jamiyati vakillari bilan ishlayapmiz, yaqinlari topilsa, jasadni uyiga jo‘natvoramiz, - deya ma‘lum qildi tergov bo‘limi rahbari Vladislav Chernishov.

Tergovchining aytishicha, ikkala ish yuzasidan tergov ishlari olib borilmoqda.

Tergovchiga: “Bu jinoyatlar uchun birov javob beradimi?” degan savolni ham berdik.

- Qonunchilik nuqtai nazaridan o‘lim holatigacha yetkazish muayyan faol harakatlarni nazarda tutadi. “Sen menga 50 ming beraman deb, 18 ming beryapsan” deb, o‘zini borib osib qo‘yish holati yuzasidan biz fermerni javobgarlikka torta olmaymiz. Bilishimcha, ular orasida shunchaki og‘zaki kelishuv bo‘lgan. O‘sha yerdagi militsiya xodimlari migrantlarning o‘z joniga qasd qilish holatlari ayniqsa terim yakunlanayotganida, kuzga yaqin ko‘payishi kuzatilishini aytishdi. Bunday holatlar davom etavyersa, mahalliy o‘zbek jamiyati vakillarini yig‘ib, tushuntirish ishlarini olib borishga to‘g‘ri keladi, - deydi Volgograd viloyati Tergov qo‘mitasining Nikolayev Tergov bo‘limi boshlig‘i Vladislav Chernishov.

Nahot 18 ming rubl o‘z joniga qasd qilishga arzigulik pul? Yoki Volgograd dalalarida o‘zini-o‘zi o‘ldirish holatlari ko‘payib borayotganining boshqa sabablar ham bormikin?

Bu savol bilan Volgograd viloyatidagi “O‘zbekistonlik hamyurtlar ittifoqi” jamoatchilik tashkiloti rahbari Xolmahmad Komilovga murojaat qildik.

- Buning asosiy sababi – o‘zbeklarning pulini bermayapti. Qarzga kelishayapti o‘zbeklar. Keyin fermerlar: “Qayerga borsang, boravyer” degan siyosatni tutib olgan. O‘zbeklar himoyasiz! O‘zbek yigitlari, o‘zbek xotinlari ko‘zga ko‘ringani "starshiy bo‘laman", "odam tashiyman" deb ,odam savdosiga judayam berilib ketayapti. Shu yerda 30-40 tasi shu ifloslik bilan shug‘ullanadi. Ochig‘i, bu yerda o‘zbekni himoya qiladigan birorta tashkilot yo‘q. Man o‘zim sotsiologiya fanlari doktori, professorman, 4 yildan beri shu muammo bilan shug‘ullanaman. O‘zbeklarning o‘zi olib kelib sotadi. 15-20 erkak va yana shuncha ayol, asosan, Xorazmdan odam olib kelib, 2-3 mingga fermerlarga sotishadi. Endi odamlarni yengil mashinalarda, Gazellarda olib kelib sotayapti 7 ming rublga. 35-40 odamni tiqib, Gazelda sideniyalarni olib tashlab, olib kelib sotayapti. Oilalar buzilib ketayapti, 1-2 yil qolib ketganining xotinlari erga tegib ketyapti. Bu problema juda yomon tus oldi. Odamlar himoyasiz bo‘lgani uchun o‘zini osayapti, - dedi Xolmahmad Komilov.

Jamiyat rahbari odam savdosi muammosi ayniqsa o‘zbekistonliklar orasida keng tus olganini ularning mutlaqo huquqsizligi bilan izohladi.

“Bu bechoralarda ham ayb yo‘q, bunga sabab amaldorlarning befarqligi”, deya davom etadi Xolmahmad Komilov.

- Mahalliy viloyat militsiya, migratsiya bo‘limlariga murojaat qilsak, “Ular O‘zbekiston fuqarolari”, deydi. Lekin o‘zbeklarda inoqlik yo‘q o‘zi. Pul-pul, odam sot! Xorazm viloyati boshlig‘iga kirib aytdim shu gapni, Ichki ishlarga kirib aytdim, SNBsiga kirib aytdim. Ishonsangiz agar, birortasi pashshasini pisht demadi, - deydi Volgograd viloyatidagi “O‘zbekistonlik hamyurtlar ittifoqi” jamoatchilik tashkiloti rahbari.

Xolmahmad Komilov Rossiyaga kelib, ish topolmasdan sarson bo‘lib yurgan yigitlarning bir qismi Rossiya turmalarida, qolgani qullikda qolayotganidan kuyinayotganini aytdi.

O‘zbek jamiyati rahbarining Volgograd Migratsiya xizmatiga tayanib keltirgan raqamlariga ko‘ra, Volgograd viloyatida bugungi kunda 40 mingdan ziyod o‘zbekistonliklar kun kechirmoqda, jumladan, ulardan 8 mingtasiga mehnat qilishga kvota berilgan. Uning aytishicha, Volgograd o‘lkasida 30 mingdan ziyod o‘zbek noqonuniy mehnat qilib kelmoqda.
XS
SM
MD
LG