Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 03:19

Amerikalik ikki sayyoh ozod etildi


Josh Fattal va Sheyn Bauer.
Josh Fattal va Sheyn Bauer.
Eron qamog‘ida ikki yildan beri tutqunlikda bo‘lgan ikki amerikalik ozod etildi. Josh Fattal va Sheyn Bauer Tehrondan Omanga yetib keldi va yaqinlari bilan yuz ko‘rishdi. Ularning ozodlikka chiqqani haqida dastlab chorshanba kuni Eron rasmiy agentligi xabar qildi. AQSh Prezidenti Barak Obama bu voqea barcha amerikaliklar uchun xushxabar ekanini bayon qildi.

Ikki yildan beri Eronda tutqunlikda bo‘lgan 28 yoshli Josh Fattal va 29 yoshli Sheyn Bauerlarni Oman poytaxti Muskatda ularning yaqinlari kutib oldi. Yigitlarning yaqinlari uchun bu hayotlarining eng baxtli kunlaridan biri bo‘ldi.

Fattalning akasi Aleks matbuotga yigitlarni “sog‘, kayfiyatlari chog‘ va irodasi sinmagan”, deya ta‘riflab berdi.

Prezident Barak Obama va Davlat kotibi Hillari Klinton alohida bayonotlar e‘lon qilib, ikkovlonning ozod etilishini qutladilar.

Obama “yigitlarning anchadan beri kutilgan qaytishlarini ularning yaqinlari bilan birgalikda barcha amerikaliklar bayram qilmoqda”, deya ta‘kidladi.

Ikkala rahbar ham Oman, Iroq va Shvyeysariya hukumatlariga yigitlarning ozod etilishida ko‘maklashganlari uchun minnatdorchilik bildirdi.

Fattal va Bauer Tehrondan mahalliy vaqt bilan yarim tunga yaqin jo‘nab ketdi.

Eronda josuslikda ayblanib, o‘tgan oyda sakkiz yilga ozodlikdan mahrum qilingan amerikaliklarning ozod etilgani haqida dastlab Eronning IRNA rasmiy agentligi xabar qildi.

Yigitlarni Tehronning Mehrobod aeroportidan jo‘natib yuborar ekan, Shvyeysariyaning Erondagi elchisi Liviya Lyu Agosti o‘z quvonchi bilan o‘rtoqlashdi:

- Ular hozir jo‘nab ketishayapti va men bundan juda-juda xursandman. Ular bu damlarni uzoq kutishdi va buning uchun biz katta ishni amalga oshirdik. Men buni amalga oshirishda ko‘maklashgan barcha odamlar, xususan, Oman vakillari va, albatta, iroqliklarga minnatdorchilik bildirmoqchiman, - dedi Shvyeysariya elchisi.

Amerikaliklarning advokati Mas‘ud Shafaiyning ma‘lum qilishicha, chorshanba kuni Eron adliya idorasi ikkovlonning 1 million AQSh dollari miqdoridagi tovon puli evaziga ozod etilishini ma‘qullagan.

Eron bilan Qo‘shma Shtatlar o‘rtasida diplomatik aloqalar bo‘lmagani bois pul Oman orqali o‘tkazilgan. 1979 yildagi Islomiy Inqilobdan keyin Vashington va Tehron o‘rtasidagi aloqalar uzilgach, AQShning Erondagi manfaatlari uchun Shvyeysariya vakillik qiladi.

Bauer va Fattal yana bir sheriklari AQSh fuqarosi Sara Shourd bilan birgalikda 2009 yilning iyul oyida Eron-Iroq chegarasidagi tog‘larda sayyohlik qilib yurganlarida hibsga olingan edilar. Shourd 2010 yilning sentabrida Oman vositachiligidagi muzokaralar tufayli, sog‘lig‘i yomonlashgani vaji bilan 500 ming AQSh dollari miqdoridagi garov puli evaziga ozod etilgan edi.

Amerikaliklar Eron chegarasini adashib kesib o‘tganlarini aytib keladi. Lekin o‘tgan oy Tehronda yakunlangan sudda Fattal bilan Bauer josuslik va chegarani noqonuni tarzda kesib o‘tganlikda aybdor, deb topildi va sakkiz yildanga ozodlikdan mahrum qilindi.

O‘tgan hafta prezident Mahmud Ahmadiynajot AQSh fuqarolari ozod etilishini e‘lon qilgach, vaziyat yangicha rivojlana boshladi.

Kuzatuvchilar Ahmadiynajot qarorini o‘zining BMT Bosh assambleyasidagi ishtirokidan avval xalqaro maydondagi obro‘sini yaxshilash urinishi o‘laroq baholadilar.

Iroq rasmiylari amerikalik sayyohlarning ozod etilishida Iroq prezidenti Jalol Talaboniy ko‘maklashganini aytmoqda.

O‘tgan hafta Eron adliya idorasi Ahmadiynajotning bayonotini inkor qilib, amerikaliklarni ozod etilishi masalasi hali uzil-kesil hal etilmaganini ta‘kidladi. Lekin chorshanba kuni mazkur idora Bauer bilan Fattalni tovon puli evaziga ozod etish qarorini chiqardi.

AQSh hukumati Bauer, Fattal va Shourdlarning josus ekaniga oid iddaolarni rad etib keladi.
XS
SM
MD
LG