Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 16:07

O'zbekiston suratchi nigohida: Aleksey Protchenkov


Aleksey Protchenkov
Aleksey Protchenkov
Hech kimga sir emas O'zbekiston o'zining boy madaniy va tarixiy merosi bilan ko'plab professional suratchilar diqqatini o'ziga jalb etadi. Bugun internetning keng sayhonida O'zbekistonning ajoyib manzaralari aks etgan sifatli suratlarni ko'rsang ajablanmaysan kishi.

Uzoq yurtlardan mamlakatimizga tez-tez tashrif buyurib, bu yerda professional suratlarni olishga qiziqadigan suratchilardan biri rossiyalik Aleksey Protchenkovdir. Uning yaqinda Toshkent yaqinidagi paxta dalalarida olgan suratlar to'plami bir qator bahs va munozalarga sabab bo'lgan edi.

Yosh to’lqin: Aleksey, blogingizdagi postlarga ko’ra, siz O’zbekistonga tez-tez kelib turar ekansiz. Ish bo’yichami yoki suratchi turist qatorimi?

- Men Rossiyada yashayman. Lekin O’zbekistonga tez-tez borib turishimga sabab mening professional faoliyatimda. Chunki ayni damda men GM-Uzbekistan qo’shma korxonasida kompyuterlar bo’yicha mutaxassis sifatida ishlayman. Shu sabab ham O’zbekistonga borib turaman. Suratchilik esa men uchun xobbidir.

Yosh to’lqin: O’zbekistonga ilk bor qachon kelgansiz?

- Adashmasam, 2009 yilning dekabr oyida bo’lsa kerak.

Yosh to’lqin: O’zbekistonga birinchi bor kelishingizdan oldin sizda bu mamlakat haqida qanday tushunchalar bor edi? Kelganingizda shu tushunchalar o’z tasdig’ini topdimi?

- Ko’p tasavvurlarim to’g’ri chiqdi. Boshida ayrim narsalar meni ajablantirdi, albatta. Ozgina vaqt o’tib esa ko’p narsani tushuna boshladim. Lekin men O'zbekistonda odamlarning bu qadar o’zgachaligini, rossiyaliklardan farqi ancha kattaligini, bu qadar mehmondo’st bo’lishini kutmagan edim, to’g’risi.

Yosh to’lqin: Siz o’z blogingizda “O’zbekistonga tashrif buyurmoqchi bo’lgan rossiyaliklarga qo’llanma”ni chop etdingiz. Qollanmadagi birinchi punktlaridan birida samolyot gastarbayterlar bilan liq to’la bo’lishi va ko’p hollarda ular aeroportda navbatga turish qoidasini bilmasligi haqida aytiladi…

- Ha, boshida bunday hodisa har doim takrorlanar edi. Aytkanimday, agar navbatni boshiga turib olmasang, seni navbatni ohiriga siqib chiqarishadi. Bir necha bor shunday bo’lganidan so’ng men ham bunga moslasha boshladim. (Aleksey blogida yozishicha, u aeroport hodimlaridan uni navbatsiz o’tkazib yuborishni oldindan iltimos qiladi.) Hozir ham aeroportlardagi vaziyat huddi shunday. Chunki juda ko’p o’zbekistonlik mehmat muhojirlari Rossiyaga borib ishlashadi-da. Yaqinda men bir qiziq voqea guvohi bo’ldim. O’zbekistonlik mehnat muhojiri aeroportdagi xojatxonada vodoprovod kranini ishlata olmayotgan edi. Kran esa oddiy edi. Men albatta unga kranni qanday ishlatish kerak ekanini ko’rsatdim. Bundan ko’rinib turibdiki, mehnat muhojirlarining ko’pchiligi aeroportlarga kam keladi. Binobarin, ular aeroportdagi navbatda turish qoidasini ham bilishmaydi.

Yosh to’lqin: Sizningcha bu voqea o’zbekistonlik mehnat muhojirlarining aksari Rossiyada aslida qanday hayot kechirishidan, ya’ni sivilizatsiyaning so’nggi mevalaridan uzoqda yashashidan dalolat emasmi?

- Ha, huddi shunday.

Yosh to’lqin: Aleksey, siz O’zbekistonda juda ko’p qiziqarli suratlar seriyalarini olgansiz va ularni o’z blogingizda chop etgansiz. Sizga O’zbekistonda nimani suratga olish ko’proq yoqadi?

- Meni oddiy odamlarning hayoti ko’proq qiziqtiradi. Ularning kundalik hayoti, yashashi. Masalan, ularning pul topish uchun nima bilan shug’ullanishi, odamlarning non yopishi, paxta terishi. Agar blogimga kirsangiz, u yerda men Samarqand yaqinidagi qishloqdagi odamlarning kundalik hayoti, turmushi va tirikchiligi haqida kichkinagina foto-reportaj yasaganman. Shu qishloq misolida aytadigan bo’lsam, u yerdagi odamlarning yashash sharoitlarini ko’rib, albatta nega ularni aeroportdagi tualetdan foydalana olmasligini tushunaman. Chunki bunday narsalar ularning kundalik hayotida yo’q va shuning uchun ularga buni bilish kerak emas.

Yosh to’lqin: Odamlarning shaxsiy hayotini suratga olish qiyin emasmi?

- Albatta men biror bir shaxsiy joyni, deylik uyning ichini yoki odamlarning kundalik turmushini suratga olishdan oldin ulardan ruxsat so’rayman. O’zbekistonda deyarli hamma bunga rozi bo’ladi. Menimcha bu o’zbekistonliklarga hos samimiylik va mehmondo’stlikning bir ko’rinishi bo’lsa kerak.

Aleksey Protchenkovning O'zbekistonda olgan suratlaridan:


Yosh to’lqin: Aleksey, o’zbekcha taomlar haqida nima deya olasiz?

- O’zbeklarning taomlari juda mazali, lekin yog’li bo’ladi. Shu sabab ham boshida bir necha kun mazza qilib yeyman. Keyin esa o’zimizning bo’rshimizni sog’inib qolaman. Lekin tushlik qilgani biz o’zbekistonlik hamkasblarim bilan birga har doim choyxonaga boramiz. U yerdagi taomlar menga juda ham yoqadi.

Yosh to’lqin: Aleksey, siz yaqinda o’z blogingizda Toshkent shahriga yaqin paxta dalalaridagi terimchilar suratlarini chop etdingiz. Dalada erkaklar va ayollar bilan birga yosh bolalar ham paxta terayotgani suratga olingan. Siz suratlarni sharxlar ekansiz, bolalarni kattalarga yordam berishini va dalalarda ular ikki haftacha vaqt mobaynida ishlashini aytib o’tgansiz. Shu suratlarga o’quvchilar tarafidan qoldirilgan sharxlarda ayrimlar sizning gaplaringizga qo’shilgan bo’lsa, ko’pchilik sizni soddalikda va dalalardagu asl voqelikni tushunmaganlikda ayblamoqda...

- Bilasizmi, birinchidan men bu suratlarni xolis nuqtai nazardan olishni o’zimga maqsad qilgan edim. Mening bu suratlarim qator internet saytlarida paxta dalalaridagi bolalar mehnati haqida yozilgan maqolalrga sabab bo’ldi. Bu endi ko’pchilikga tanish mavzu. Mening asl maqsadim esa xolis ravishda dalaga borib, u yerdagi odamlarni suratga olish, ular bilan suhbatlashish edi. Men ularning hol-ahvolini, tergan paxtasiga necha pul olayotganini va shu kabi oddiy savollarni so’radim. Bilasizmi, ular bergan javoblarda hech qanday jinoyat unsuri yo’q edi. Men chindan ham u yerda hech qanday chidab bo’lmaydigan sharoitni guvohi bo’lmadim. Albatta bu juda og’ir mehnat. Men buni tushunaman. Terimchilar juda oz maosh olishadi. Lekin… men paxta dalasida hech qanday qo’rqinchli holat guvohi bo’lmadim. Suratlarimga kelgan sharhlarda meni pestitsidlarni ko’rmaganlikda ayblashgan edi. Balkim men kerakli dalaga bormagandirman. Balkim men kerakli vaqtda kelmagandirman. Lekin men ko’rgan va eshitganlarimni yozdim. Umuman olganda blogimda har doim ham xolis nuqtai nazardan turib, faqat o’zim ko’rgan-bilganlarimni yozishga harakat qilaman.

Yosh to’lqin: Aleksey, bilsangiz kerak, nufuzli nashrlar va xalqaro inson huquqlari tashkilotlari O’zbekiston paxta dalalarida bolalar mehnati ishlatilishi haqida bong urib kelishadi. Yaqinda esa O’zbekiston prezidenti to’ng’ich qizi Gulnora Karimovaning moda ko’rgazmasi aynan shu sabablar bilan Nyu Yorkdagi moda haftaligidan olingan edi. Siz o’z suratlaringiz bilan ushbu nashrlar va tashkilotlar dalillarining noto’g’riligini isbotladingizmi?

- Yo’q, men hech narsani isbotlaganim yo’q. Men ko’rgan narsalarimni bayon qildim. Bilasizmi, menimcha Gulnoraning ko’rgazmasini bekor qilgan tashkilotlarning bunga qandaydir bir boshqa sabablari bo’lsa kerak. Men esa nimani ko’rgan bo’lsam, shuni boshqalarga ham ko’rsatdim. Kimnidir himoya qilish yoki nimanidir isbotlash men uchun maqsad emas edi.

Yosh to’lqin: Siz o’z blogingizda paxta dalasida suratga olayotganingizda uchastkoviy militsiyachi kelib, sizdan suratga olmaslikni va olingan suratlarni o’chirib yuborishni talab qilgani haqida yozagan edingiz…

- Ha, militsiyachining aytishicha, unda paxta dalasini suratga olmaslik to’g’risida xokimning buyrug’i bor edi. Lekin, menimcha, unda bunday qilish uchun hech qanday qonuniy asos yo’q edi. Men esa bu yerda mehmon bo’lganim uchun o’z huquqimni talab qilib o’tirmadim. Aslida O’zbekistonda ko’p joylarni suratga olish man etilgan. Masalan hukumat binolarni, aeroport, metro. Men suratchi o’laroq bunday taqiqlarni umuman tushunmayman.

Yosh to’lqin: Alkesey, siz O’zbekistonga tez-tez kelib turasiz. Shu safarlaringiz davomida biror-bir qiziq voqea yuz berganmi?

- Ha, bo’lgan. Bu voqeaga ancha bo’ldi. Men unda Asaka shahridagi avtomobil zavodida ishlar edim. Uyim esa Andijon shahrida esa. Orasadigi masofa 10 kilometr atrofida bo’lsa kerak. Hullas bir kun men ishda kechgacha qolib ketdim va Andijonga ketadigan avtobusni o’tkazib yubordim. Vaqt ancha kech bo’lib qolgan edi. Katta yo’l yoqasida turib mashina ushlashga qaror qildim. 10 daqiqalardan so’ng bir Damas rusumli mashina to’xtadi. Ichida uch yosh yigit o’tirgan edi. Ulardan faqat bittasi rus tilini bilar ekan. Yo’lda ketayotib gaplashib qoldik. Ular mendan kim ekanligimni, qayerdan kelganimni so’rashdi. Peterburgdan ekanligimni va palovni yaxshi ko’rishimni bilishib, ular meni choyxonaga taklif etishdi. Choyxonada palovni yegandan so’ng yigitlar mendan bir tiyin ham olmasdan meni uyimgacha eltib qo’yishdi. Shunaqa gaplar.
XS
SM
MD
LG