Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:20

"AQSh O‘zbekistonga yordam dasturlarini qayta tiklamasin"


Inson huquqlari himoyasi bilan shug‘ullanuvchi guruhlar, turli shirkatlar, kasaba uyushmalar hamda sarmoyachilardan iborat 20 ta tashkilot AQSh Davlat kotibi Hillari Klintonga shunday talab bilan maktub yo‘lladi.

Maktubga imzo chekkan guruhlar orasida Xalqaro Amnistiya, Ozodlik uyi, Hyuman rayts uotch, Ochiq jamiyat instituti, Xalqaro bo‘hronlar guruhi, O‘zbekiston-Germaniya forumi, Markaziy Osiyoda inson huquqlari, Ishchilarning mehnat huquqlari xalqaro forumi kabi tashkilotlar bor.

Maktub mualliflari jahondagi eng repressiv mamlakatlardan biri bo‘lgan O‘zbekistonga yordam dasturlariga qo‘yilgan cheklov olib tashlanishi yuzasidan xavotir izhor etishdi.

21 sentabr kuni AQSh Senati qo‘mitasi O‘zbekistonga harbiy hamda moliyaviy yordamlar uchun yo‘l ochuvchi qonun loyihasini ma‘qullagan edi. Bu esa xalqaro tashkilotlar e‘tiroziga sabab bo‘ldi.

Ularga ko‘ra, Karimov hukumati inson huquqlari borasida biron ijobiy qadam qo‘ymasidan turib, bu kabi yordamning ma‘qullanishi "diktatorni taqdirlash"dan boshqa narsa emas.

“O‘zbekistonda fuqaroviy jamiyat faollari, mustaqil jurnalistlar va muxolifat a‘zolari qatag‘on qilinayotgan, so‘z va din erkinligi o‘ta abgor bo‘lgan, bolalar mehnati ko‘lamli tarzda suiiste‘mol etilayotgan bir paytda rasmiy Toshkent bilan oldi-berdilarni tiklash noo‘rin”, deb bildiriladi Hillari Klintonga yo‘llangan maktubda.

AQSh Senati qo‘mitasi ma‘qullagan qonun loyihasini hali mamlakat Kongressining quyi palatasi ham tasdiqlashi kerak. Lekin, Kongressga yaqin manbalarga ko‘ra, bunga to‘siq qo‘yilishi ehtimoli kam.

O‘zbekistonga inson huquqlari ahvolini yaxshilash sharti bilan 2004 yilda joriy etilgan cheklovlarni Qo‘shma Shtatlar muayyan sabablarga ko‘ra olib tashlamoqda.

Pokistondagi beqarorliklar sabab Vashington shu kunlarda Afg‘onistonga O‘zbekistondan o‘tuvchi Shimoliy ta‘minot yo‘liga qiziqish bildirmoqda.

2009 yildan buyon O‘zbekiston AQSh ta‘minot yuklarining Afg‘onistonga olib o‘tilishida muhim rol o‘ynab keladi.

- Qo‘shma Shtatlar Afg‘onistonga tranzit yo‘nalishlarni kengaytirishdan manfaatdor, lekin bu yo‘lda inson huquqlari qadriyatlarini qurbon qilmasligi kerak, - deb bildirgan Hyuman rayts uotch tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha rahbari Xyu Uilyamson.

AQSh 2002-2004 yillar oralig‘ida strategik harbiy hamkorlikka oid bitim doirasida O‘zbekistonga harbiy yordam berib kelgan.

Rasmiy Toshkent bu davr mobaynida AQShdan qariyb yarim milliard dollar yordam olishga muvaffaq bo‘lgan.

2004 yilda AQSh Kongressi O‘zbekistonda inson huquqlari ahvoli borasidagi xavotirlar ortidan bu davlatga ko‘mak berish uchun cheklov joriy etdi.

Bu cheklovni bekor etilishi uchun qo‘yilgan talablar esa inson huquqlari ahvolini yaxshilash, kuchli ochiq jamiyat va chinakam ko‘ppartiyaviy tizimni barpo etish, adolatli va erkin saylovlarni ta‘minlash, siyosiy plyuralizm, matbuot erkinligi uchun yo‘l ochish kabilar edi.

- O‘tgan yetti yil ichida O‘zbekiston hukumati bu yo‘nalishda hech ish qilgani yo‘q. Kuzatganimiz hol faqat repressiya va qattolliklar, xolos, - dedi Xyu Uilyamson.

Hyuman rayts uotch ma‘lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda kamida 13 nafar huquq faoli va bir qator jurnalist hamda muxolifat a‘zolari qamoqda azob chekmoqda. Ularning ayrimlari qamoqda qiynoq va tahqirlashlar bilan yuzma-yuz kelgan.

O‘zbekiston hukumati qator xalqaro nohukumat tashkilotlari, jumladan, Hyuman rayts uotchga ham mamlakat ichida faoliyat yuritishiga ruxsat bermay kelayotir.

Avvalroq O‘zbekiston xalq harakati AQSh O‘zbekistonga harbiy yordam ko‘rsatish uchun qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilishi Karimov hukumatini yangi qatag‘onlarga rag‘batlantirishi mumkin, degan xavotirli bayonot bilan chiqqandi.

“Amerikaga kerakli ekanini his eta boshlagan diktator Karimov rejim muxoliflari, xususan, dindorlarga nisbatan qatag‘onlarni kuchaytirib yubordi”, deyiladi bayonotda.

Huquq himoyachilariga ko‘ra, so‘nggi oy mobaynida o‘nlab namozxon noqonuniy diniy tashkilotlarga a‘zolik gumoni bilan hibsga olingan.

O‘zbekistondagi inson huquqlari vaziyatining ayanchliligi bois AQSh Kongressi 2004 yil oxirida bu mamlakatga, vaziyat yaxshilangunga qadar, har qanday harbiy-xavfsizlik ërdami berishni ta‘qiqlagan edi.
XS
SM
MD
LG