Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 15:26

Qirg‘iz rasmiylari ehtimoliy mojarodan ogohlantirmoqda


Mahalliy huquq-tartibot idoralari mas‘ullari O‘shdagi vaziyatni "tarang-barqaror" ekanini urg‘ulamoqdalar.
Mahalliy huquq-tartibot idoralari mas‘ullari O‘shdagi vaziyatni "tarang-barqaror" ekanini urg‘ulamoqdalar.
Shu yilning 30 oktabr kuniga belgilangan prezidentlik saylovi arafasida O‘shda millatlararo munosabatlar yomonlashishi mumkin.

Bu borada O‘sh viloyat ichki ishlar boshqarmasi rasmiysi Jaqip Zulpuyev ma‘lum qildi.

O‘sh viloyat ichki ishlar boshqarmasi 10-bo‘limi rahbari Jaqip Zulpuyevga ko‘ra, bugungi kunda O‘shda millatlararo munosabatlarni izdan chiqaruvchi ko‘zga ko‘rinmagan omillar mavjud:

- Hozir vaziyat tarang-barqaror. Ko‘zga ko‘rinmagan faktorlar juda ko‘p. Eng yomoni, buzg‘unchi unsurlar yer masalasini ham millatlararo mojaroga aylantirib yuborishi mumkin. Ikki millat vakili o‘rtasidagi oddiy maishiy urush-talashni xam kattaytirib yuborishi mumkin. Shunday faktorlar ko‘p va hozir shulardan foydalanishga eng qulay vaziyat bo‘lib qoldi, - der ekan Jaqip Zulpuyev saylov arafasida ayrim nomzodlar o‘z manfaati uchun bu vaziyatdan foydalanishi ehtimoldan holi emasligini qo‘shimcha qilidi.

Jaqip Zulpuyevga ko‘ra, kuch tizimi xodimlari tomonidan joy-joylarda millatlararo va diniy konfessiyalar o‘rtasida mojarolarning oldini olish maqsadida tushuntirish ishlari ham olib boriladi.

Ayrim mahalliy huquq himoyachilari esa rasmiylarning bu kabi bayonotlarini kuch tizimi xodimlarining vaziyatdan foydalanib, pul ishlab olish harakati sifatida baholashmoqda:

O‘shlik huquq faoli Alima Sharipovaga ko‘ra, o‘tkazilgan monitoringlar natijasida O‘shda mish-mishlar militsiya tomonidan tarqatilishi ham aniqlangan:

- Organ xodimlarining o‘z manfaati bor, deb o‘ylayman. 2010 yilni olsak, O‘shdagi regionalniy informatsiya markaziga to‘g‘ri, ob‘ektiv tarzda yetkazilmagan. Buni hududdagi vaziyatni siyosiy o‘yinga aylantirish, deb tushunaman. “O‘shda vaziyat yana og‘ir ekan”, “Odamlarning munosabati yaxshilanmabdi” deyishning moliyaviy tomoni ham bor. Militsiya ham favqulodda holatlarda ishlasa, ularga ham pul tushadi. O‘tgan yili ham doimiy ravishda mish-mish gaplar ko‘paygan, biz monitoring ham o‘tkazganmiz, mish-mish gaplar ko‘pincha militsiya tomonidan ham tarqatilgan, - deydi o‘shlik huquq faoli Alima Sharipova.

O‘sh shahar o‘zbek milliy-madaniy markazi rahbari Rashidxon Xo‘jayev fikricha, O‘shda millatlararo munosabatlar yomonlashishi borasida xavotirga o‘rin yo‘q. Unga ko‘ra, so‘nggi paytlarda O‘shda o‘zbek-qirg‘iz millati orasida maishiy kelishmovchiliklar ham ozaygan:

- Operativ ma‘lumotlar qanday ekanini men bilmayman. Lekin umumiy vaziyat yaxshi. Melisalar o‘zini ishini qilib, yana odamlarni olib chiqib ketib, Rossiyadan kelgan bolalar fuqaroligi Rossiyaniki bo‘lsa ham ulardan pul olib, ta‘magirligini qilayapti baribir. Shaharda umumiy vaziyat yaxshi, odamlarning kayfiyati yaxshi.

Ozodlik: Oddiy xalq orasida maishiy kelishmovchilik ko‘pmi-ozmi?

- Maishiy kelishmovchiliklar deyarli yo‘q. Birovni birov bilan ko‘p ham ishi bo‘lmayapti hozir. Odamlar bozorini qilib, tirikchiligini qilib yuribdi, - deydi Rashidxon Xo‘jayev.

Unga ko‘ra, shunday bo‘lsa ham kunora xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirokida joy-joylarda odamlarni millatlararo do‘stlik va inoqlikka chaqiruvchi tadbirlar olib borilmoqda.
XS
SM
MD
LG