Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:06

AQShda Elyor G‘aniyev piketlar bilan qarshi olindi


Amerikalik huquq faollari va o‘zbek muxolifati a‘zolari Vashingtonda O‘zbekiston-Amerika biznes forumi o‘tayotgan bino oldida namoyish o‘tkazdi.

28 sentabr kuni AQShdagi “Xalqaro ishchilar huquqlari uyushmasi”, “Xalqaro o‘qituvchilar federatsiyasi” va O‘zbekiston Xalq Xarakatining AQSh bo‘limi faollari Vashingtonda ish boshlagan O‘zbekiston-Amerika biznes forumi o‘tkazilayotgan bino oldida piket o‘tkazdi.

O‘zbekiston Xalq Xarakatining AQSh bo‘limi rahbari Islomiddin Dolimovga ko‘ra, ushbu piket "O‘zbekistonda majburiy bolalar mehnati va inson huquqlarining ommaviy buzilishi bas qilinsin!" degan shior ostida o‘tdi.

Piketda AQShdagi “Xalqaro ishchilar huquqlari uyushmasi” faollari ham ishtirok etdi.
- Biz bolalar mehnati qoralangan bir qancha shiorlar yozilgan plakatlar bilan kelganmiz. Bizdan tashqari piketda qatnashayotgan ikkita tashkilot vakillari ham juda ko‘plab plakatlar ko‘tarib olgan. Bu plakatlardagi shiorlar ham, asosan, bolalar mehnati, qamoqxonalardagi qiynoqlar, umuman, O‘zbekistondagi inson huquqlari mavzusida. Biz plakatlarni ko‘tarib ko‘chada aylanayapmiz,- dedi Islomiddin Dolimov.

“Xalqaro ishchilar huquqlari uyushmasi” piket oldidan bayonot e‘lon qilib, barchani piketga qo‘shilishga da‘vat qildi.

"O‘zbekiston inson huquqlari ommaviy ravishda buzilayotgan hamda bolalar, talabalar va fuqarolarni paxta dalalarida majburiy mehnatga jalb qiluvchi davlat sifatida o‘ta xunuk shuhratga ega. Har yili O‘zbekiston hukumati butun mamlakatdagi maktablardan ikki millionga yaqin bolalarni paxta dalalariga safarbar qilib, ularni paxta terishga majburlaydi"¸ deyiladi tashkilot baënotida.

Vashingtondagi piket ishtirokchilari O‘zbekistondagi bolalar mehnatini qoraladilar.
Piket tashkilotchilarining Ozodlikka bildirishicha, piketda ellikdan ziyod odam ishtirok etgan.

Forum Amerika-O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan tashkillashtirilib, unda Bosh vazir o‘rinbosari, O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Elyor G‘aniyevning ishtirok etishi kutilgan edi. Norozilar E. G‘aniyevning tadbir boshlanishiga kelmaganini aytgan bo‘lsa-da, forum ishtirokchilaridan birining Ozodlikka aytishicha, O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri anjumnning boshidan oxirigacha ishtirok etgan. Vazir G‘aniyev O‘zbekistondagi biznes muhitii haqida ma‘ruza qildi, dedi Ozodlikka tadbir ishtirokchisi.

Tadbirda shuningdek, AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha yordamchisi Richard Bleyk ham ishtirok etib, forum ishtirokchilarini qutlagani aytilmoqda.

AQShdagi faollar 8-15 sentabr kunlari Nyu Yorkda bo‘lib o‘tgan Moda haftaligida O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga qarashli Guli brendi liboslari tomoshasining ko‘rsatilishiga qarshi qator norozilik tadbirlari uyushtirgan edilar.

Mazkur piketlar va AQSh matbuotidagi keskin chiqishlar ortidan Moda haftaligi tashkilotchilari Gulnora Karimova tomoshasini bekor qilgan va Guli brendi liboslari ko‘rgazmasi xususiy restoranda imi-jimida o‘tkazilgan edi.
XS
SM
MD
LG