Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:42

Bishkekda saylovdan chetlatilgan nomzodlar tarafdorlari mitingga chiqdi


Qirg‘iziston Markaziy saylov komissiyasi a‘zolari Oliy sud qaroridan keyin ayrim nomzodlar yiqqan imzolari yana bir karra tekshirib chiqilishini aytmoqdalar.
Qirg‘iziston Markaziy saylov komissiyasi a‘zolari Oliy sud qaroridan keyin ayrim nomzodlar yiqqan imzolari yana bir karra tekshirib chiqilishini aytmoqdalar.
Qirg‘iziston Oliy sudi Markaziy saylov komissiyasining prezidentlikka nomzod 8 kishini saylovdan chetlatish to‘g‘risidagi qarorini bekor qildi.

Qirg‘iziston qonunchiligiga binoan prezidentlikka nomzod 30 ming saylovchidan imzo yig‘ib, Markaziy saylov komissiyasiga topshirishi shart. Markaziy saylov komissiyasi 8 nomzod tomonidan topshirilgan imzolardan ko‘pi qalbaki ekanini da‘vo qilib, ularni saylovdan chetlatgan edi.

Biroq prezidentlikka nomzod Nariman Tuleyev 136 ming imzo topshirganini, ularning ichida haqiqiy imzolar 30 mingga yetmasligi haqidagi iddaolar kulgili ekanini bildirgan edi.

Saylovdan chetlatilgan 8 nomzod birinchi va ikkinchi instansiya sudlarida Markaziy saylov komissiyasi qarorini bekor qilishga erishdilar. Biroq Markaziy saylov komissiyasi nomzodlar to‘plagan imzolarni qayta tekshirish bahonasida ularni prezidentlikka nomzod sifatida rasman ro‘yxatga olishni yana uch kun orqaga surmoqda.

- Sud qarorida “bu nomzodlarni ro‘yxatga olinglar” degan band yo‘q. Sud qarorida Markaziy saylov komissiyasining avvalgi qarori noqonuniy ekani aytiladi, xolos. Shuning uchun imzolar qayta tekshirib chiqilmagunicha hech kim rasman nomzod sifatida ro‘yxatga olinmaydi, - dedi Markaziy saylov komissiyasi a‘zosi Jarqin Bapanova.

Ayni paytda Qirg‘iziston parlamenti ham prezidentlikka nomzodlardan 8 nafari saylovdan noqonuniy chetlashtirilgani va ularning saylanish huquqi qayta tiklanishi zarurligi haqida qaror qabul qilgan. Biroq Markaziy saylov komissiyasi bunga javoban “Qirg‘iziston parlamenti, deputatlar, davlat rahbarlari va hukumat idoralarining Markaziy saylov komissiyasi faoliyatiga aralashishgia haqi yo‘q” deya bayonot berdi.

Asnoda 4 oktabr kuni bir qator nomzodlarning tarafdorlari Markaziy saylov komissiyasi oldida miting o‘tkazdilar. Yuzga yaqin norozi qo‘llariga “Akayev va Bakiyev davridagidek saylov o‘tkazilishiga yo‘l qo‘ymaymiz” qabilidagi shiorlarni ko‘tarib olishgan edi. Mitingchilar “Markaziy saylov komissiyasi tarqatilsin, nomzodlar ro‘yxatga olinsin” deya hayqirdilar.

Miting tashkilotchisi bo‘lgan “ErK” partiyasi lideri Rais Alimqulov bu birinchi miting ekanini, agar ularning talablari bajarilmasa, mitingga boshqa partiyalar vakillari ham qo‘shilishini bildirdi:

- Bugungi tinch miting faqat boshlanishi, xolos. Kelajakda biz o‘z kuchlarimizni prezidentlik saylovidan chetlatilgan boshqa nomzodlar tarafdorlari bilan birlashtiramiz. Bizning aksiyamiz qonuniylik g‘alaba qilmagunicha davom etadi, - dedi Rais Alimqulov.

Ayni paytda “ErK” partiyasi qo‘llayotgan nomzod Tursunboy Bakir uuli o‘zi va saylovdan chetlatilgan boshqa olti nafar nomzod Markaziy saylov komissiyasini sud hukmini bajarishdan bosh tortayotganlikda ayblab, Bosh prokuraturaga ariza topshirilganini bildirdi.

Qirg‘izistonda prezidentlik saylovi 30 oktabrda o‘tadi. Prezidentlikka nomzod qatori rasman 20 odam ro‘yxatga olingan. Agar Oliy sudning 8 nomzodga nisbatan chiqargan qarori bajarilsa, unda prezidentlikka talabgorlar soni yanada ko‘payishi mumkin.
XS
SM
MD
LG