Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 02:24

Andijonda paxta o‘g‘rilari sayyor tarzda sud qilindi


Andijonning qo‘shni Qirg‘iziston bilan chegara hududlarida paxtani qo‘shni davlatga sotish ishtiyoqi Qirg‘izistonda to‘lanadigan narxning yuqoriligi bilan izohlanmoqda.
Andijonning qo‘shni Qirg‘iziston bilan chegara hududlarida paxtani qo‘shni davlatga sotish ishtiyoqi Qirg‘izistonda to‘lanadigan narxning yuqoriligi bilan izohlanmoqda.
Izboskanlik ikki fuqaro paxtani Qirg‘izistonga sotishga uringan kezda qo‘lga olingani aytilmoqda.

Andijon viloyatining qo‘shni Qirg‘iziston bilan chegaradosh bo‘lgan Izboskan tumanining Yangizamon qishloq fuqarolik yig‘inida istiqomat qiladigan ikki fuqaro paxtani Qirg‘iziston tomoniga sotishga uringan kezda qo‘lga olingani aytilmoqda.

Izboskan tumani Jinoyat ishlari sudidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, 30 yoshlar atrofidagi Xurshidbek Abdujalolov o‘zi tergan paxtasini hamqishlog‘i Malika Ahmedovaga sotgan.

Bu ayol esa paxtani qo‘shni qirg‘izistonlik xaridorlarga sotishga uringan kezda chegarachilar tomonidan qo‘lga olingan.

- Ish 3 oktyabrda ko‘rib chiqilgan. Malika Ahmedovaga eng kam ish haqining 10, Xurshidbek Abdujalolovga besh barobari miqdorida jarima solindi, - dedi Izboskan tuman Jinoyat ishlari sudi xodimi Ozodlik bilan suhbatda.

Andijon viloyatining qo‘shni Qirg‘izistonga chegaradosh qismida paxtani chegaradan nariga o‘tkazib sotish urinishlari haqida avvalgi yillarda ham xabarlar bo‘lib turar edi.

Ammo, keyingi yillarda bunga qarshi kurash kuchaytirilgani bois bunday hollar biroz kamaygani aytilgan edi.

Jarimaga tortilgan fuqarolar istiqomat qiladigan hududdagi uchastka nozirlaridan biridan olingan ma‘lumotga ko‘ra, chegarachilar tomonidan ushlangan ikki fuqaro qishloq ahli o‘rtasida sayyor tarzda sud qilingan.

Uchastka noziridan olingan ma‘lumotga ko‘ra, bu yerda gap jami 60 kilogram atrofidagi paxta haqida bormoqda.

- Bu yigitdan 13-14 kilomi paxtani olgan bu Malika, degan opaxon. Keyin yana bir voyaga yetmagan boladan ham paxta olgan. Xullas, jami 60 kilo paxtani chegaradan olib o‘tishga uringan paytida qo‘lga olinganda, - dedi uchastka nozirlaridan biri Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda.

60 kilolik paxtani yetishtirgan fermer Yoqubjon Bo‘stonov esa voqea sodir bo‘lgan paytda paxta dalasida bo‘lmaganini aytdi.

U Ozodlik bilan suhbatining yozib olinishini va umuman, bu voqeaning ortiqcha shov-shuv qilinmasligini ham so‘rar ekan, jazolanganlar sayyor sudda – hamqishloqlarining oldida bu ishga muhtojligidan, bilmasdan qo‘l urganini aytgan hamda bundan pushaymon ekanini bildirgan.

Yoqubjon Bo‘stonovga ko‘ra, bunaqa paxta o‘g‘irligi uning xo‘jaligida avval sodir bo‘lmagan. Shunga qaramay, voqeadan so‘ng fermer o‘z suvchilari va ishchilaridan paxta dalasiga qo‘riqchi tayinlaganini aytdi.

Unga ko‘ra, qo‘riqchilar kunduzi terimchilar bilan qadamba qadam yuribdi. Tunlari esa paxta dalasini davraga olib, tongga qadar qo‘riqchilik qilmoqda.

Izboskan tumanidagi uchastka nozirlaridan yana biri hozir hamma birvarakayiga paxta terimiga jalb qilinganini aytar ekan, paxta o‘g‘irligi juda qattiq jazolanishidan ogohlantirdi.

Unga ko‘ra, Yangizamon qishlog‘ida sodir bo‘lgan voqeani o‘sha kuniyoq Andijon viloyat televideniyesi tasvirgan olgan. Sayyor sudni tasvirga olgan tele-radio jurnalistlari hamda gazeta muxbirlari voqeaning ikki qahramoni bilan alohida suhbatlar ham qurgan.

Biz bu qahramonlardan biri Malika Ahmedovani topdik va suhbatlashishga uringan kezda uning yaqinlari oila-a‘zolaridan biri vafot etgani bois suhbatlasha olmasligini bildirdi.

Andijon viloyatining Qirg‘izistonga chegara hududida yashaydigan aholi vakillarining kuzatuvlariga ko‘ra, buning boisi O‘zbekistonda terilgan paxtaning har kilosi uchun 150 so‘m, Qirg‘izistonda esa 500 so‘mdan haq to‘lanishidir.
XS
SM
MD
LG