Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 20:57

Muhojirga muzey kerakmi?


Yaqin orada markaziy-osiyolik mardikorlar Tretyakov Gallereyasi kunba-shundalari bo‘lib qolsa, ajabmas.
Yaqin orada markaziy-osiyolik mardikorlar Tretyakov Gallereyasi kunba-shundalari bo‘lib qolsa, ajabmas.
Moskva shahar Madaniyat departamenti xorijlik mehnat muhojirlariga mo‘ljallangan “Migrantlar uchun muzeylar” dasturini joriy qilishni rejalashtirmoqda. Dastur migrantlarni poytaxt hayotiga moslashtirish va “madaniylashtirish”ga qaratilgani aytilmoqda.

Migrantlar muzeylarda tarbiyalanadi

Rossiya poytaxti amaldorlari gastarbayterlarni Moskva hayotiga moslashtirishning "ajoyib uslubi"ni ishlab chiqqanini aytmoqda. Moskva Madaniyat departamenti ishlab chiqqan dasturga ko‘ra, quruvchi va haydovchi, farrosh va aravakashlar shahar muzeylariga ekskursiyaga olib boriladi.

Bir oy avval Madaniyat departamenti rahbari etib tayinlangan Sergey Kapkovning jurnalistlarga aytishicha, mazkur loyiha Federal migratsiya xizmati bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.

“Moskvaga mehnat qilgani kelayotganlarga oz bo‘lsada ma‘lumot beramiz va poytaxtimiz qadriyatlari, umuminsoniy tamoyillarni namoyish etib boramiz”, dedi Moskva meriyasi rasmiysi.

Kapkovning "Komsomolьskaya Pravda" gazetasida keltirilgan so‘zlariga ko‘ra, hozirda Moskva diasporalari bilan milliy va diniy masalalarda tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Chunonchi, uning so‘zlariga ko‘ra, Moskvaning “ishchi mehmonlariga” o‘z milliy va diniy marakalarini “mo‘‘tadil, dabdabasiz va moskvacha” shaklda olib borilishi uqtirilmoqda.

“Bu rahbarimizning shaxsiy tashabbusi!”

Ozodlik muxbiri “Mehnat muhojirlarining Rossiya poytaxti muzeylariga safarlari qay tarzda amalga oshiriladi” degan savol bilan Moskva Madaniyat departamentiga murojaat qildi.

Madaniyat departamenti Axborot bo‘limi boshlig‘i Irina Averkina dastur hozircha mukammal emasligini tan olib, mavzu hususida izoh bera olmasligini ta‘kidladi.

- Bu haqda bizda rasman biror ma‘lumot bera olmaymiz, chunki dastur ustida ish olib borilmoqda. O‘ylashimcha, yaqin kelajakda, balkim keyingi yilga haqiqatan shunday rejani amalga oshirarmiz,- dedi Irina Averkina.

Moskva Madaniyat departamentining muzeylar bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i Sergey Yanyushkin Ozodlik bilan suhbatda “Migrantlar uchun muzeylar” dasturini o‘z rahbari Sergey Kapkovning shaxsiy tashabbusi ekanini ma‘lum qildi.

- Biz hamma uchun bepul “Muzeylar kuni”ni tashkil etishni rejalashtirmoqdamiz. Farqi yo‘q – migrantmi, yo boshqami – kirish hamma uchun bepul bo‘ladi. Shuning uchun, nima sababdan aynan migrantlar haqida gapirilganini o‘zim ham bilmayman. Ajratish uchun asos yo‘q: moskvaliklar, mehmonlar muayyan kunlarda bepul hech qanday hujjatlarsiz muzeylarga kiritiladi,- deydi Moskva hokimiyatining Muzeylar bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i Sergey Yanyushkin.


Rossiyaga kelib ishlayotgan millionlagan mehnat muhojirlarining madaniy bilimi pastligi "Nasha Rasha" teleserialida ham ko'tarilgan va katta bahslarga sabab bo'lgan edi.


Moskva meriyasi rasmiylari Sergey Kapkovning tashabbusini qo‘llab-quvvatlamayotganini, shu tariqa yumshoq qilib bildirayotgan bo‘lsa, Internetda Madaniyat departamenti boshlig‘ining fikrlariga keskinroq munosabat bildirilmoqda.

“Migrantlar kimning hisobiga muzeylarga boradi?”, “Gastarbayterlar muzeylarda yursa, kim ishlaydi?”, “Biz ularni chaqirganimiz yo‘q!”, “Maymunlarga madaniyat o‘rgatib bo‘ladimi?!” qabilidagi sharhlar orqali moskvaliklar bu xabarga nisbatan o‘z munosabatlarini bildirmoqda.

Muhojirning muzeyga borishga vaqti yo‘q!

Rossiya Fanlar Akademiyasi Sotsiologiya instituti katta ilmiy xodimi, migratsiya masalalari bo‘yicha ekspert Igor Kuznetsov Ozodlik Radiosiga “muzeylarga migrantlarni olib borish bilan ularni mahalliy madaniyatni qabul qilishi yoki yurish-turishini o‘zgartirishi mumkinligiga ishonmayman”, deydi.

- Bu odamlar bu yerga ishlash va pul topishga keladi va, bilishimcha, ertalabdan kechgacha dam olish kunlarisiz mehnat qiladi. Shuning uchun muzeyma-muzey yurish uchun ularda na vaqti, na kuchi qoladi. Qolaversa, Moskva muzeylarida saqlanayotgan buyumlarning aksariyati xristian madaniyati qadriyatlaridir. Muhojirni Rossiya Islom madaniyati muzeyi qiziqtirishi mumkin, lekin afsus bunday muzeyning o‘zi yo‘q! Gap shundaki, bu yerda nafaqat migrantlarning Moskvaga integratsiyasi masalasi, balki moskvaliklar va rossiyaliklarning migrantlarga bo‘lgan munosabati masalasi ham ko‘tarilmog‘i kerak,- deydi jamiyatshunos Igor Kuznetsov.

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, migrantlarni “madaniylashtirish” kabi turli dasturlarni qabul qilishdan oldin hukumat a‘zolari buning oqibatlarini puxta o‘ylab chiqmoqlari zarur. Kuznetsov Moskva Madaniyat departamentining migrantlarni muzeylarga jalb qilishga oid tashabbusini qo‘shimcha daromad olish manbayi ekanini aytadi.

“Boshqa tomondan, Rossiyada avj olib borayotgan ksenofobiya kasalligi jamiyatda sodir bo‘layotgan qandaydir norozilik ko‘rinishi deb qaralishi tarafdoriman. Moskvada millatchilikning avj olayotgani o‘zidan-o‘zi paydo bo‘lgan hodisa emas”, deya davom etadi Igor Kuznetsov.

- Agarda biz Rossiyada Islom va Rus Pravoslav dinlarni haqida fikr yuritadigan bo‘lsak, ular biri-biriga yuz yillar davomida ideal tarzda moslashib ketgan. Rossiyaga kirib kelayotgan Islomning hozirgi ko‘rinishini jamiyatimiz qabul qila olmayapti. Ya‘ni Rossiyada ilgari mavjud bo‘lmagan mazhablar - masalan vahobiylik yoki salafiylik - bilan kelishmovchiliklarni bartaraf etish uchun yana yuzlab yillar kerak bo‘ladi. Axir bunday qaramaqarshilikdan Rossiya musulmonlari ham aziyat chekmoqda. Moskvada yashab mehnat qilayotgan muhojirlar o‘z yurtidan olib kelgan kichkinagina olamida yashamoqda, ularning moskvaliklar uchun haqoratli deyilayotgan ayrim urf-odatlari aslida ularning olamida odatiy hol. Men O‘zbekistonda ko‘p marotaba bo‘lganman va bilamanki, Moskvada, Rossiyada yuzaga kelayotgan tushunmovchiliklar u yerda paydo bo‘la olmaydi, chunki tolerantlik o‘zbeklar madaniyatining bir qismi. Bizga, moskvaliklarga shu hislat yetishmayapti. Lekin u yerda tarbiyalanib Moskvaga kelayotgan ajoyib tarbiyali o‘zbek yigit-qizlari shu madaniyatidan uzoqlashib qolayotganiga ham guvohman,- deydi Rossiya Fanlar Akademiyasi Sotsiologiya instituti katta ilmiy xodimi Igor Kuznetsov.

Suhbat so‘nggida u markaziy osiyolik muhojirlar uchun eng dolzarb masala - rus tilini o‘rganishdir, dedi.

Ayni paytda Rossiya Federal migratsiya xizmati rahbari Konstantin Romodanovskiy 2012 yildan boshlab horijlik mehnat muhojirlaridan rus tilidan maxsus imtihonlar olinishi joriy qilinishi mumkinligini ma‘lum qildi.

“Rossiyada mehnat qilayotgan 9 million horijlik muhojirdan 29 foizi - rus tilini bilmaydi”, - dedi FMS rahbari.
XS
SM
MD
LG