Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:16

Hokimlar xalq bilan ochiq muloqotga kirishdi...mi?


Shu paytgacha televizorda aholi bilan eng asosiy hokim muloqot qilib kelgan.
Shu paytgacha televizorda aholi bilan eng asosiy hokim muloqot qilib kelgan.
O‘zbekiston viloyatlari hokimlari mahalliy televideniyelar orqali aholi bilan muloqot qilishga kirishdi. Jizzax va Xorazm viloyatlari hokimlarining aholi bilan tele-muloqotlaridan so‘ng, Samarqand viloyati hokimi ham 8 noyabr kuni kechqurun ikki soatlik bevosita muloqot o‘tkazishni va‘da qildi.

O‘zbekiston mahalliy televideniyelarida viloyat hokimining aholi bilan ochiq muloqotga kirishishi ilk bor kuzatilmoqda.

Jizzax viloyati hokimi Sayfiddin Umarov 5 noyabr kuni kechqurun mahalliy televideniye orqali bir yarim soat davomida jizzaxliklar savollariga javob berdi.

Jizzaxlik inson huquqi faoli Saida Qurbonovaning aytishicha, hokimga asosan ijtimoiy muammolar xususida savollar berilgan:

- Hokim har sohaning mas‘ul xodimlari bilan bu muloqotda ishtirok etdi. Aholidan shunday savol tushdi: “Biz plastik kartochkaga oziq-ovqatni 15-20 foiz qimmatga olyapmiz. Buni tartibga solish iloji bormi?” dedi. Shuningdek, gaz, elektr energiyasi muammolari haqida ham savollar berildi. Hokim buni tartibga olamiz, deb va‘da berdi,- deydi Saida Qurbonova.

Uning aytishicha, aholi bergan savollar studiyada telefonda o‘tirgan qizlar tomonidan yozib olinib, hokimga berlgan. Biroq hech kimga telefon orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri savol berish imkoni berilmagan.

Samarqand shahrida istiqomat qiluvchi Sharof Obidov viloyat hokimi bilan 8 noyabr kechqurun bo‘lishi e‘lon qilingan muloqotni orziqib kutayotganini aytadi:

- Beradigan savollarim ko‘p, hokimga. "Nasaf" futbol jamoasi Osiyo kubogini qo‘lga kiritgan o‘yinni svet yo‘qligi uchun ko‘rolmay qolgan edik, endi O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘yinini ham ko‘rolmaymizmi, deb so‘ramoqchiman. Biroq, bilaman bu savolimni unga yetkazishmaydi. Chunki, hokimlar bu muammolarni juda yaxshi biladi, biroq uni hal qilmagan va qilolmaydi ham,- deydi Sharof Obidov.

Samarqandlik pensioner o‘qituvchi Bobomurod Mavlonov hokimlar hech qachon o‘zlari bunday tashabbus bilan chiqmagan bo‘lar edi, deydi. Uning fikricha, bunday topshiriq ularga xalq orasida kuchayib borayotgan norozilikni sal bo‘lsa ham pasaytirish maqsadida yuoqridan tushirilgan bo‘lishi aniq.

- Aslida, hokimlarga noqulay savollar o‘tkazilmaydi. Bu savollar avval chig‘iriqdan o‘tkazilib, keyin hokimga uzatiladi. Hokimlarku mayli, shu paytgacha prezident ham biror marta xalq bilan ochiq muloqotga kirishmagan. Prezident bilan xalq o‘rtasidagi ko‘prik qulab tushganiga ancha yil bo‘lgan, o‘rtada bir jarlik paydo bo‘lgan. Bu urinishlar esa ana shu ko‘prikni qayta tiklashga urinish. Lekin baribir foydasi yo‘q. Chunki hokimlar va‘da bergani bilan birorta muammoni hal qila olmaydi,- deydi Bobomurod Mavlonov.

Samarqand shahrida istiqomat qiladigan 75 yoshli Shavkat bobo bunday muloqotlar "yuqori" ko‘rsatmasi asosida ishlab chiqilgan maxsus stsenariy asosida tashkil qilinishiga shubha yo‘q:

- Aslida bu savollar avval yozib olinadi-da, keyin hokim stoliga qo‘yiladi. Hokim esa istagan savoliga javob beradi. Bu maxsus stsenariyda, predvaritelnaya podgotovka, deydi buni. Eski uslub. Hozirgi sharoitda hokimning qaysi masalani hal qilishga kuchi yetsa qiladi, bo‘lmasa qilmaydi, chunki aksariyat va‘dalar bajarilmayapti-da,- deydi Shavkat bobo.

Xo‘sh, nega o‘tgan 20 yil davomida biror marta ham mahalliy televideniyelar orqali xalqning dardini tinglamagan mahalliy hokimlar bugun birin-ketin aholi bilan muloqot qilishga kirishdi? Nega ular birdaniga xalqning dardini tinglagisi kelib qoldi?

Bu savollarga javob berar ekan, “Ezgulik” inson huquqlari jamiyatining faoli Abdurahmon Tashanov shunday deydi:

- Meni o‘ylashimcha, keyingi paytda arab davlatlaridan bo‘lgan xalq isyonlari korruptsiya darajasi yuqori bo‘lgan mamlakatlarga o‘ziga xos saboq berdi. Jumladan, O‘zbekistonda ham bir tomondan xavfsizlik choralarini kuchaytirish boshlandi, ikkinchi tomondan, ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy hayotda xalqqa yaqinlashish tendentsiyasi boshlandi.

Lekin men buni to‘g‘ridan-to‘g‘ri stixiyali jarayon deb ayta olmayman. Sababi, hokimlarning o‘zlarida xalq bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilishga, odamlar bilan yaqindan ishlashga na xohish bor va na imkoniyat.Demak bu ko‘proq yuqoridan berilgan ko‘rsatma va tavsiyaga o‘xshayapti, - deydi “Ezgulik” inson huquqi faoli Abdurahmon Tashanov.
XS
SM
MD
LG