Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 19:52

O‘zbekiston O‘shga beriladigan gaz miqdorini qisqartirdi


Ayni paytda Qozog‘iston ham Bishkekka beriladigan gaz miqdorini kamaytirganini bildirdi.

Rasmiy Toshkent 2011 yilning sentyabrida Qirg‘izistonga beriladigan gaz narxini 220 dollardan 278 dollarga ko‘tarib yuborgach, qirg‘iz hukumati O‘zbekistondan olinadigan gaz miqdorini ham kamaytirgan va Qozog‘iston bilan 195 dollardan gaz sotib olishga kelishgan edi.

Qozog‘istondan olinadigan gaz bilan Qirg‘iziston shimolidagi Bishkek shahri va 4 ta viloyat ta‘minlangan. Qozoq gazini Qirg‘iziston janubidagi viloyatlarga yetkazib berish uchun texnik imkoniyat yo‘qligi sabab O‘sh, Jalolobod va Botken viloyatlariga qimmat narxdagi O‘zbekiston gazi sotib olingan.

Ammo 11 noyabrda “Qirg‘izgaz” shirkati Qozog‘iston ham, O‘zbekiston ham bir vaqtning o‘zida Qirg‘izistonga gaz berilishi qisqartirilganini e‘lon qilgan.

- Gaz yetishmasligi sababli Bishkek issiqlik markazi to‘la quvvatda ishlay olmay, poytaxt issiq suvsiz qoldi. Ammo hukumat shaharni issik suvsiz qoldirmaslik uchun issiqlik markazini shoshilinch ravishda zahiradagi mazut bilan ta‘minladi. O‘zbekiston va Qozog‘iston tomoni esa, gaz berilishi qisqartirilganini texnik sabablar bilan izohlamoqda, -dedi “Qirg‘izgaz” shirkati rasmiysi Jaynagul Maksimova.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston va Qozog‘iston Qirg‘izistonga soatiga 51 ming kub metr gaz berishga shartlashgan. Ayni paytda esa faqat 41 ming kub metr gaz berilmoqda.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, Qirg‘izistonning janubiy hududlari uchun o‘zbek gazi bugungi kunda 304 dollardan, respublikaning shimoliy hududlari uchun qozoq gazi 195 dollardan sotib olinmoqda. Aytib o‘tish lozimki, Qozog‘iston Qirg‘izistonga 195 dollardan o‘z gazini emas, O‘zbekistondan sotib olayotgan gazining bir qismini sotayapti. Tahlilchilarga ko‘ra, Qozog‘iston O‘zbekistondan olayotgan gazini Qirg‘izistonga arzon narxda sotishi Toshkent manfaatlariga zid keladi. Ikkinchidan esa, Qozog‘iston ham gazni arzon bahoda Qirg‘izistonga sotib iqtisodiy zarar tortmoqda. Tahlilchilar gaz berilishining qisqartirilishi mana shu sabablarga bog‘liq, deb hisoblaydilar.

- Gapning indallosini aytganda, “Kaztransgaz” gazni 195 dollardan berib, katta ziyon tortdi. Endi qirg‘iz hukumati yana qayta gazni to‘g‘ridan –to‘g‘ri O‘zbekistondan sotib olish bo‘yicha shartnoma imzolashga majbur bo‘ladi. Aslida Qozog‘iston tomoni Qirg‘izistonda 30 oktyabrda o‘tgan prezidentlik saylovida prezidentlikka nomzod Almazbek Atambayevni siyosiy jihatdan qo‘llash maqsadidagina gazni arzon narxda sotishga rozi bo‘lgani sezilib qoldi, -deydi energetika sohasi bo‘yicha ekspert Rasul Umbetaliyev.

Ayni paytda “Qirg‘izgaz” shirkati rasmiylari ham Qozog‘iston gaz berishni ko‘paytirishidan umid qilmasligini va shuning uchun O‘zbekistondan 4 million kubometr qo‘shimcha gaz sotib olinishini ma‘lum qildi. Qozog‘iston Qirg‘izistonga beriladigan gazni ozaytirish bilan bir qatorda, Markaziy Osiyo yagona elektr tarmog‘idan chiqshi mumkinligini ham bildirmoqda. Bu esa qish mavsumida Qirg‘izistonda elektr ta‘minotida uzilishlar sodir etilishiga sabab bo‘lishi mumkin.
XS
SM
MD
LG