Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:59

Toshkentda kuniga 50 kishi biometrik pasport olmoqda


Fuqarolarga uch turda – fuqarolik pasporti, fuqaroligi yo‘q shaxslar uchun harakatlanish hujjati va diplomatik pasportlar berilmoqda.
Fuqarolarga uch turda – fuqarolik pasporti, fuqaroligi yo‘q shaxslar uchun harakatlanish hujjati va diplomatik pasportlar berilmoqda.
O‘zA muvaffaqiyatli borayotganini ta‘kidlagan bu jarayonning respublikada qachon joriy etilishi hanuz noma‘lum.

O‘zbekiston Axborot agentligi chop etgan xabar mazmuniga ko‘ra, Toshkent shahrining ikkita tumanida dastlabki sinov tariqasida boshlangan biometrik pasport berish jarayoni muvaffaqiyatli bormoqda va hozir shaharning Mirzo-Ulug‘bek hamda Yunusobod tumanlarida kuniga o‘rtacha 50 kishiga biometrik pasport tarqatilmoqda.

Rasmiy xabarda bu jarayonni tez orada Respublika Ichki ishlar vazirligining mamlakat bo‘ylab barcha Kirish, chiqish va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmalarida boshlanishi aytilgan.

Ammo, bu jarayonning aynan qachon boshlanishi haqida hanuz aniq ma‘lumot yo‘q.

Bundan biroz muqaddam O‘zbekiston IIV Kirish, chiqish va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi xodimi Ulug‘bek Toshmirzayev O‘zbekiston poytaxtida fuqarolarga yangi biometrik pasport berila boshlagani bu sinov tariqasida Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek va Yunusobod tumanlarida 10 noyabrdan boshlanganini aytgan edi.

- Bundan maqsad biometrik pasport beradigan butun boshli sistemani to‘liq o‘rganib chiqishdir. Bu sistema to‘liq ishga tushirilsa, yilning oxirigacha butun Toshkent shahri bo‘yicha pasport berila boshlanishi mumkin,- degan edi boshqarma xodimi Ozodlik muxbiri bilan mikrofonsiz suhbatda.

O‘zbekistonda prezident Islom Karimovning 2009 yil 23 iyunda imzolagan farmoni bilan 2015 yilning yakuniga qadar biometrik pasport tizimiga to‘liq o‘tish reja qilingan.

O‘zA agentligi bilan suhbatda O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Davlat personallashtirish markazi rahbari Abdusattor Matkarimov belgilangan muddat ichida vazifa ado etilishini urg‘ulagan va yana bir karra biometrik passport haqida batafsil ma‘lumot bergan.

“Bu hujjatlarning har biri uning egasi haqida shaxsiy biomterik parametrlar — raqamli fotosurati va barmoq izlari tushirilgan biografik ma‘lumotlarni o‘z ichiga olgan maxsus elektron chip bilan ta‘minlangan”, deya eslatadi, jumladan, O‘zA agentligiga so‘zlagan Davlat personallashtirish markazi rahbari Abdusattor Matkarimov.

Rasmiy ma‘lumotlarga qaraganda, tilga olingan biografik ma‘lumotlarni hozirlash uchun zarur zamonaviy texnik jihozlar bilan barcha pasport stollari ta‘minlangan. Ayni paytda bu uskunalar bilan ishlovchi davlat xodimlari uchun o‘quv mashg‘ulotlari davom etmoqda.

Amaldagi pasportlar masalasida Ozodlik savoliga javob bergan O‘zbekiston IIV mulozimi Ulug‘bek Toshmirzayevga ko‘ra, hozir fuqarolar qo‘liga berilgan pasportlar mavjud qonunga binoan 2015 yilning 31 dekabriga qadar amal qiladi.

Bu rasmiy ham mamlakatdan tashqarida yashayotgan o‘zbekistonliklarning pasport almashtirishida muammo bo‘lmasligini ham ta‘kidlaydi.

- Xorijda yurganlar xorijda konsullik ro‘yxatidan o‘tgan bo‘lsa, o‘sha yerning o‘zida almashtirish imkoni bor. Biz kelajakda O‘zbekistonning xorijdagi konsulliklarini biometrik pasport bera oladigan apparatlar bilan ta‘minlaymiz. Bu kelgusi yilga mo‘ljallangan,- degan edi O‘zbekiston IIV Kirish, chiqish va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi xodimi Ulug‘bek Toshmirzayev.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasi qaroriga ko‘ra, yangi biometrik pasport olayotgan fuqarolar eng kam ish haqining 50 foizi (31 ming 460 so‘m) miqdorida davlat solig‘i to‘laydi.

Yangi biometrik pasport berish ikki bosqichda amalga oshiriladi.

2011 yilga mo‘ljallangan birinchi bosqichda yangi pasport vazirlik va tashkilotlar xodimlariga beriladi.

Bundan tashqari yangi pasport berilishini so‘rab murojaat qilganlar hamda pasport almashtiradigan yoshga yetgan O‘zbekiston fuqarolariga ham biometrik pasport beriladi.

2012 – 2015 yillarga mo‘ljallangan ikkinchi bosqichda Respublikaning hamma fuqarolari qonunda belgilangan tartibda yangi biometrik pasport ola boshlaydilar.
XS
SM
MD
LG