Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:34

Rus diplomati: Moskva va Dushanbe bahsi bitdi


Rossiyaning Tojikistondagi elchisi Yuriy Popov yaqin ora tojik migrantlari bilan bog‘liq muammo hal etilajagini ishonishini aytadi.
Rossiyaning Tojikistondagi elchisi Yuriy Popov yaqin ora tojik migrantlari bilan bog‘liq muammo hal etilajagini ishonishini aytadi.
Rossiyaning Dushanbedagi elchisi Yuriy Popov rus uchuvchilarining ozod qilinishi ikki davlat o‘rtasidagi janjalga yakun yasaganini ta‘kidladi.

Popovning bu bayonoti 23 noyabr kuni Dushanbe shahrida o‘tkazilgan xos matbuot anjumanida yangradi.

- Sud hay‘ati xatosi bilan uzoq yillarga qamoq jazosi olgan fuqaromizning ozod qilinishi ortidan ikkita asosiy maqsad va ikkita vazifa o‘z yechimini topdi. Endilikda biz ikkita bir-biriga birodar va ittifoqdosh davlatlarning aloqalaridagi istiqbollarga umid qilish imkoniyatiga ega bo‘ldik, - dedi kechagi tadbirda so‘zlagan Rossiya elchisi Yuriy Popov.

“Mehnat muhojirlariga oid muammo hal qilinadi”


Rossiya rasmiysi tojikistonlik mehnat muhojirlari bilan bog‘liq mamlakatidagi vaziyat ayrim amaldorlarning kaltafahmligi sababli keskinlashganini ochiqchasiga e‘tirof etdi.

- Afsuski, uchuvchilar ishi bizning Tojikiston bilan aloqalarimizdagi ayrim tushunmovchiliklarga sabab bo‘ldi. Shunday tushunmovchiliklardan biri Rossiyada ishlayotgan tojikistonlik migrantlar bilan bog‘liq vaziyatdir. Jamoatchiligimizning uchuvchilar qamalishi bilan bog‘liq chiqishlarini televizordan ko‘rgan joylardagi militsionerlar bu masalaga hissiyot bilan yondoshgan va hatto ularning hujjatlarini yirtib tashlagan. Bunday epizodlarga oid ma‘lumotlarga egamiz, - der ekan Yuriy Popov bu tushunmovchiliklar juda qisqa vaqt ichida bartaraf qilinishiga ishontirdi.

Rossiyalik diplomat Popov so‘zi davomida yurtiga deportatsiya qilingan tojikistonlik mehnat muhojirlariga oid ma‘lumotlar haddan tashqari oshirib ko‘rsatilganini qo‘shimcha qildi. Undagi ma‘lumotlarga ko‘ra, so‘nggi haftada 67 nafar tojikistonlik deportatsiya qilinganki, bu o‘tgan yilning shu vaqtiga solishtirgandi ancha kamdir.

"Rossiya kuchli ekanini angladim"


Ayni paytda 22 noyabr kuni Xatlon viloyat mahkamasi qaroriga binoan ikki yilu olti oyga kesilgan, ammo amnistiyaga tushgan Rossiya fuqarosi, “Rolkan” shirkati uchuvchisi Vladimir Sadovnichiy ozodlikka chiqishida Rossiya hukumatining ta‘siri katta bo‘lganini ta‘kidladi.

- Birinchi galda mening ortimdan turgan hukumatimizga minnatdorchilik bildiraman. Rossiya - bu kuch ekanini anglab yetdim. U meni juda mushkul vaziyatdan chiqishimga yordam berdi. Mening taqdirimga befarq bo‘lmagan prezidentmiz va Rossiya ommaviy axborot vositalariga ham minnatdorchiligimni bildiraman. Agar bu yordamlar bo‘lmaganida kelgusi o‘n yil bu yerlarda qolib ketishimiz aniq edi, - dedi jurnalistlar uchun o‘tkazilgan matbuot anjumanida Vladimir Sadovnichiy.

“Rolkan” shirkati uchuvchilari rossiyalik Vladimir Sadovnichiy va Estoniya fuqarosi Aleksey Rudenkoni shu yilning 12 martida chegarani noqonuniy kesib o‘tganlik, kontrabanda va xalqaro parvoz me‘yorlarini buzganlik aybi bilan Qo‘rg‘ontepa shahrida xavfsizlik xodimlari tomonidan hibsga olingan edi.

8 noyabr kuni Qo‘rg‘ontepa sudi rus uchuvchilarining har birini 8,5 yildanga ozodlikdan mahrum etgandi.

Sadovnichiy o‘zi va sherigi Rudenkoning qamalishiga iqtisodiy omillar sabab bo‘lganini va u tomonlar bahsi ortidan siyosiylashganini aytdi. Uning gapiga ishonadigan bo‘lsak, Tojikiston Milliy xavfsizlik mas‘ullari “Rolkan” shirkatiga tegishli AN -24 rusumli ikkita uchoqqa egalik qilish maqsadida uchuvchilarni hibsga olgan.

Ayni paytda Tojikiston tomoni uchuvchilar respublika hududida jinoyat sodir etganlarini, ammo Rossiya Tojikistonning strategik sherigi ekanini nazarga olgan holda, ular jazosi yengillashtirilganini ta‘kidlamoqda.

Mehnat muhojirlari hamon ovlanmoqda


Ayni paytda Rossiya ommaviy axborot vositalari uchuvchilarning ozod qilinishi tojikistonlik mehnat muhojirlarining deportatsiya qilinishi jarayoniga ta‘sir qilmasligini yozadilar. Interfaks axborot agentligining Rossiya Federal xizmatidagi manbaga tayanib yozishicha, Rossiya hududiga noqonuniy kirgan xorijiy fuqarolarga nisbatan mahkama qarori o‘zgartirilmaydi. Ya‘ni ishlash uchun ruxsatnomasi bo‘lmagan mehnat muhojirlarining barchasi Rossiyadan chiqarib yuboriladi.

Asnoda Rossiyadagi tojikistonlik mehnat muhojirlarining “Etmos” tashkiloti rahbari Karimjon Yorov shu kunlarda metro, vokzal va bozorlarda tojikistonlik mardikorlarni ovlash davom etayotganini bildirdi. Ozodlikka gapirgan Yorov, shuningdek, avvalroq nohaq hibsga olingani tasdiqlangan mehnat muhojirlari hozirgacha hibsda qolayotganini aytdi.

- Federal migratsiya xizmati mas‘ullari hujjatlari qonunga muvofiq bo‘lgan yurtdoshlarimizga sudga ariza yozishlarini va agar sud ularni oqlasa, avvalgi ish joylariga qaytishi mumkinligini aytgan, - deydi “Etmos” tashkilot rahbari Karimjon Yorov.

Mardikorlar Rossiyaning asosiy pishangi


Rossiyalik ayrim tahlilchilar tojikistonlik mehnat muhojirlarini ovlash jarayoni “Rolkan” shirkatiga tegishli ikkita samolyot qaytarilmaguncha davom etishi mumkin, deya mulohaza bildirmoqda.

Ammo tahlilchi Artem Ulunyan bu bilan muammo hal bo‘lishiga ishonmasligini aytadi.

- Moskva anchadan buyon o‘z ixtiyorida bo‘lgan bu pishangni hali ko‘p yillar ishga solishiga shubham yo‘q. Va undan nafaqat Tojikistonga nisbatan, balki fuqarolarining katta qismi Rossiyada kun ko‘rayotgan mintaqaning boshqa respublikalari uchun ham foydalanadi. Ya‘ni bu mavzu Rossiyaning Markaziy Osiyodagi siyosatiga bevosita bog‘liqdir, - deya mulohaza bildiradi rossiyalik tahlilchi Ulunyan.

Rossiya Federal migratsiya xizmati raisi Konstantin Ramadanovskiy ayni paytda mamlakatida 1700 mardikor vaqtincha saqlash izolyatorlarida saqlanayotganini, shundan 500 nafari Tojikiston fuqarolari, qolganlari esa O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Moldaviya fuqarolari ekanini bildirgan.
XS
SM
MD
LG