Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 10:41

Bishkekdagi harbiy qismdan 15 askar qochdi


Oddiy askarlar o‘zlarining xo‘rlanganlarini aytishmoqda.
Oddiy askarlar o‘zlarining xo‘rlanganlarini aytishmoqda.
Bishkekdagi harbiy qismlardan biridan qochgan 15 oddiy askar bir kundan keyin o‘z ixtiyorlari bilan Harbiy prokuraturaga kelishdi.

Qirg‘iziston Mudofaa vazirligidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, Bishkek shahrida joylashgan 41069 - harbiy qismda xizmat o‘tayotgan 15 oddiy askar 7 dekabrdan 8 dekabrga o‘tar kechasi qochib ketgan. Mazkur harbiy qismda jami 31 askar xizmat o‘taydi. Ularning 15 nafari shu yilning yoz oyida xizmatga chaqirilgan yana 16 askarning xizmatga kelganiga bir oy bo‘lgan.

Qochib ketgan askarlardan birining onasi Anara Abdraxmanovaning aytishicha, qochgan askarlar ofitserlar tomonidan tinimsiz xo‘rlangan:

- O‘g‘lim telefon qilib: “Ona, men bularning xo‘rlashiga chidolmayman”, dedi. Bolam har ikki oyda gospitalga yotadi. U yerdan chiqanidan keyin bolamni kamsitishib, sochini “T” shaklida olib tashlashibdi. “Besh kundan beri meni qiynab, naryadga qo‘yishayapti. Har oyda bizga beriluvchi 300 so‘m maoshni bermasdan, rahbarimiz bosh bo‘lib aroq ichib olib uyidagi muammolarini aytib, alamini bizdan olayapti. “Maladoylarni” o‘zlari kaltaklab, keyin bizga to‘ngab masxaralashayapti. Men shuning uchun qochib ketdim, boshimga, qulog‘imga tepib kaltaklashdi”, dedi o‘g‘lim, - deydi Anara Abdraxmanova.

Mudofaa vazirligi tarbiyaviy ishlar bo‘yicha boshqarmasi rahbari Ernis Elamanov esa bu iddaolarni rad etadi. Unga ko‘ra, askarlar o‘zlaridan keyin xizmatga kelgan boshqa askarlarni kaltaklashgan, bu voqea yuzasidan xizmat tekshiruvlari olib borilmoqda:

- Bu 15 bolaning hammasi Chuy viloyatidan xizmatga chaqirilgan. Ular xizmatga yangi kelgan askarlarni xo‘rlab, kaltaklab, telefon raqamlari hisobiga pul soldirib yurishgan. Bundan rahbariyat xabardor bo‘lib, tekshiruv boshlaganidan keyin askarlar “Prokuratura tomonidan ish qo‘zg‘almasin. Biz qutulib qolaylik”, deb 8 dekabr kuni qochib ketishgan. Hozir Mudofa vazirligi xizmat tekshiruvini boshladi. Shunga asosan har biri o‘z aybiga yarasha jazosini oladi, - dedi Ernis Elamanov.

Qochib ketgan askarlar ota-onalari iltimosi bilan 9 dekabr kuni kechqurun Xarbiy prokuratura oldiga kelishdi. Ulardan biri Ozodlik radiosiga ofitserlarning xo‘rlashiga chidolmay qochib ketganini aytdi:

- “Maladoylarni” ko‘kartirib kaltaklashib, bu ishni bizga yuklash uchun bizga tushuntirish xati yozdirishayapti. Bizga kun bermay, jonimizdan to‘ydirishdi. Xizmatni tugatishimizga to‘r oy qolganda nimaga qochamiz? Kun bermay qo‘yishganidan keyin qochdik. Ichib olib kuniga urishadi. Bu haqda ota-onalarimizga ham ayta olmasdik, harbiy qismdan chiqarishmas edi, - dedi qochib ketgan askarlardan biri.

Mazkur holatni Mudofa vazirligining Kuzatuv kengashi ham nazoratiga olgan. Kengash raisining o‘rinbosari Uulqan Baygubatova askarlarning qochib ketgani hayratlanarli ekanini aytadi:

- Askarlar asosan 2-3 oy xizmatdan so‘ng qochib ketishi mumkin, lekin bular xizmatga kelganiga 6-8 oy bo‘lganida qochib ketganini biz ham tushunmayapmiz. Hozir Harbiy prokuratura tekshiruv olib borayapti, tekshiruv natijalari chiqqandan keyin to‘laroq ma‘lumot bersak yaxshi bo‘ladi,- dedi Uulqan Baygubatova.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, harbiy qismdan qochgan bolalar 10 dekabr kuni Harbiy prokuraturada ko‘rsatma berishgan. Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi ochilgan-ochilmagani aniq emas. Biroq prokuraturaga qochgan bolalarning ota-onalari tomonidan ariza berilgan.

Qirg‘izistonda bunday holat birinchi marotaba kuzatilmagan. Shu yil kuzida Baliqchi shahrida ham askarlar harbiy qismdan qochgan. Mudofaa vazirligining ma‘lum qilishcha, mazkur holat yuzasidan Baliqchi shahar prokuraturasi tergov olib borgan.
XS
SM
MD
LG