Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:54

Vatslav Havel, Muhammad Solih va 42 million dollarlik qaror


Erk partiyasi lideri Muhammad Solih o‘z vaqtida Vatslav Havel O‘zbekiston bilan 42 mln. dollarlik kelishuvdan voz kechib, uni ozod qilganini xotirladi.

18 dekabr kuni 75 yoshida olamdan o‘tgan taniqli chex dissidenti va siyosatchisi, Chexiya respublikasi sobiq prezidenti Vatslav Havelni xotirlagan Erk partiyasi lideri Muhammad Solih shu vaqtga qadar matbuot diqqatidan chetda qolgan, deya bir voqeani esladi.

2001 yil noyabrida Muhammad Solih rasmiy Toshkent talabi bilan Pragada qamoqqa olingan va chex mahkamasi Toshkent iddaolarini asossiz deb topib, Solihni ozod qilgan edi.

Muhammad Solihga ko‘ra, o‘sha kezda bu qaror bir vaqtlar sobiq sovet tuzumidan voz kechgan va iqtisodi asta-sekinlik bilan rivojlanayotgan Chexiyaning prezident Vatslav Havel yetakchiligidagi rahbariyati uchun 42 million dollarga tushgan.

- O‘sha paytda O‘zbekiston va Chexiya o‘rtasidagi iqtisodiy kelishuvlar bo‘yicha O‘zbekiston Chexiyadan arzon tramvaylar sotib olish iholasini imzolagan edi. O‘sha ihola, ya‘ni tenderning bahosi, menimcha 42 million dollar atrofida edi. Men buni qamoqdan chiqqandan keyin eshitgan edim, - deya xotirlaydi Muhammad Solih.

Unga ko‘ra, o‘sha kezda davlatning ko‘pchilik amaldor va siyosatchilari bosimlariga qaramay Vatslav Havel bu kelishuvdan voz kechgan.

- Vatslav Havel tramvaylardan voz kechib, o‘z e‘tiqodi , qalbi va yuksak e‘tiqodi nimani buyursa, shuni bajarib bizni ozod qilgan edi. Havelning xarakteri bugungi modern dunyoda juda ham kam uchraydigan xarakter edi. Uning hayoti siyosatchining e‘tiqodi haqida ham biz uchun buyuk bir o‘rnakdir, - deydi Erk partiyasi lideri, O‘zbekiston Xalq harakati rahbari Muhammad Solih.

Chexoslovakiyada kommunistik tuzumni tugatishda asosiy rol o‘ynagan taniqli siyosatchi va dissident Vatslav Havelning og‘ir xastalikdan 75 yoshida vaqot etgani 18 dekabr Shimoliy Bohemiyada joylashgan Havel idorasi tomonidan e‘lon qildi.

Havel ikki davlat - sobiq Chexoslovakiya va Chexiya Respublikasi - prezidenti, taniqli dramaturg, dissident, Sovet imperiyasi intihosi davrining yorqin siyosatchilaridan biri bo‘lib tarixda qoldi.

Vatslav Havel 1989 yilda Chexoslovakiyada kommunistik rejimni qulatgan “Baxmal inqilobi”ga boshchilik qilgan.

Shundan so‘ng u Chexoslavakiyaning demokratik yo‘l orqali saylangan birinchi prezidenti bo‘lgan.

Quyida Muhammad Solih bilan qisqagina suhbatni to‘liq tinglashingiz mumkin.

XS
SM
MD
LG