Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 15:38

MXX: Afg‘oniston-Pokiston chegarasida O‘IHning 2000 jangarisi bor


O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati Afg‘oniston-Pokiston chegarasida O‘zbekiston islomiy harakatining 2000 jangarisi borligini ta‘kidlamoqda.

Centralasiaonline.com sayti O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatining terrorizmga qarshi kurash bo‘limi xodimi ekani aytilayotgan S. Xotibga tayangan holda xabar qilishicha, ayni paytda Afg‘oniston bilan Pokiston chegarasiga yaqin mintaqalarda O‘zbekiston Islomiy harakatining 2000 nafar janggarisi faoliyat olib bormoqda.

“Bizning ma‘lumotimiz bo‘yicha Pokiston-Afg‘oniston chegarasida taxminan 2000 jangari bor, lekin ular soni bundan ancha kam bo‘lishi mumkin”, deydi O‘zbekiston MXX xodimi.

S. Xotib ayni paytda O‘zbekiston hududida O‘IH faol harakat olib borayotganini ham ta‘kidladi.

“Hozirda O‘IH faollari MDH davlatlaridan o‘zlariga yangi a‘zolarni jalb qilishni davom ettirmoqda. Ular Rossiya, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Tojikiston va Qozog‘istonda juda faol faoliyat olib borishmoqda”, deya iqtibos keltiradi Centralasiaonline MXX xodimidan.

Joriy yilning noyabrida O‘zbekiston islomiy harakati 2011 yilda o‘ldirilgani e‘tirof etilgan 87 janggarining ro‘yxatini e‘lon qilgan edi.

O‘zbekiston maxsus xizmati xodimi ushbu ro‘yxat O‘IH kuchsizlanayotganidan dalolat deb hisoblaydi.

“O‘zbekiston hukumatini ag‘darishga yo‘naltirilgan va shariat hukumati tuzish yo‘lida faoliyat boshlagan O‘IH bugungi kunda tirik qolish uchun moslashishga majbur bo‘lmoqda”, deydi MXX xodimi.

O‘z navbatida Centralasiaonline saytiga bergan intervyusida o‘zbek MXX xodimi O‘IHga qarshi mintaqaviy kurashni davom ettirish zarur deb hisoblaydi.

"O‘zbekiston davlat siyosati xavfsizlik doimiy bo‘lishi va chegara bilmasligi shart degan nuqtai nazarga asoslangani"ni aytgan MXX xodimi "O‘zbekiston mintaqadagi barcha huquq-tartibot organlari bilan yaqin hamkorlikda" ekanini ta‘kidlaydi.

O‘zbekiston islomiy harakati e‘lon qilgan ro‘yxatdagi 87 janggari 2011 yil davomida Afg‘oniston va NATO uyushtirgan havo hujumlari, qolaversa, ularga qarshi suiqasd amaliyotlari davomida o‘lganlarini ta‘kidlagan edi.

O‘sha paytda O‘IH e‘lon qilgan bayonotga ko‘ra, Afg‘oniston va Pokistondagi harbiy amaliyotlar davomida o‘ldirilgan 87 janggarining 64 tasi afg‘onistonlik, 10 nafari tojikistonlik, 6 tasi qirg‘izistonlik, to‘rt nafari o‘zbekistonlikdir. Ro‘yxatga ko‘ra, o‘lganlar orasida bittadan tataristonlik, germaniyalik va pokistonlik janggari bor.

Centralasiaonline.com saytiga ko‘ra, O‘IH e‘lon qilgan ushbu ro‘yxatni mintaqa davlatlari huquq-tartibot tizimlari jiddiy o‘rganmoqda.

Tojikiston Milliy xavfsizlik qo‘mitasining matbuot kotibi Nozirjon Bo‘riyevning Centralasiaonline saytiga aytishicha, halok bo‘lgan janggarilar ro‘yxati maxsus e‘tiborda bo‘lib, ro‘yxatdagi shaxslar bilan aloqada bo‘lganlar bo‘yicha tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

O‘zbekiston MXXsining tahlilchisi Karim Choriyevning Centralasiaonline.com saytiga bergan interyusida aytilishicha, “O‘IH so‘nggi yillarda boshqa janggari guruhlarga nisbatan o‘z nufuzini yo‘qotib bormoqda”.

Karim Choriyev bunga “O‘IHning bankni tunashi va Pokiston nazorat-o‘tish punktiga qilgan hujumini” misol tarzida keltiradi.

“O‘IHning mahalliy qabilalar orasida obro‘si yomonligi va ular bilan kelishmovchilikda” ekanini ta‘kidlagan Karim Choriyev O‘IH o‘ldirilgan 87 janggarining ro‘yxatini e‘lon qilish orqali “Al-Qoyda va boshqa moliyaviy rahnamolari oldida o‘z nufuzini ko‘targan”ini qo‘shimcha qiladi.
XS
SM
MD
LG