Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 21:10

Ayoz tojikistonliklar holini tang qildi


19-20 dekabr kunlari Tojikistonning deyarli barcha hududlarida yoqqan qalin qor ortidan ob-havo keskin sovib ketdi.

Elektr energiyasi va tabiiy gaz taqchilligi hamda yonilg‘i narxining oshib ketishi sababli mamlakat aholisi nochor ahvolda qolayotir.

Tojikistonda birinchi qor noyabr oyida yoqqan edi. Ammo kechagi qorni tojikistonliklarning ko‘pchiligi so‘nggi o‘n yilda ham ko‘rmaganini aytmoqda. Tojikiston Ob-havoni kuzatish markazi ma‘ulumotlariga ko‘ra, havo harorati shu kunlarda kunduz - 5 daraja va tunda esa - 12 darajagacha tushayapti.

Tojikistonning barcha tuman va qishloqlarida shu yilning oktyabr oyi boshlarida elektr ta‘minotiga cheklov o‘rnatilgan edi. Tabiiy gaz esa aholiga yil boshidan buyon berilmaydi. O‘zbekistondan sotib olinayotgan tabiiy gaz narxining jahon bozori narxida sotilayotgani sababli, tojik rasmiylarining ta‘kidicha, aholi ehtiyoji uchun zarur tabiiy gazni sotib olish imkonsizdir.

Elektr taqchilligi, tabiiy gaz yo‘qligi va yonilg‘i narxlarining oshib ketishi barobarida Tojikiston iqlimiga mos bo‘lmagan bugungi ob-havo aksariyat tojikistonliklarni nochor ahvolga solib qo‘ygani kuzatiladi.

- Ahvolimiz abgor, svet yo‘q. Pechkaga to‘rtta tezak solamiz, uylar sal isiydi, tashqariga chiqolmay o‘tiribmiz. Boshqa ilojimiz yo‘q, - deydi yetmishni qoragan Xosiyat Rahimova.

Rudakiy tumanida istiqomat qiluvchi bu momoning aytishicha, qishloq joylarda ko‘mir va o‘tinning narxi oshib ketgani sababli ko‘pchilik oilalar uni sotib olish imkoniga ega emas. Natijada, “10-15 kishidan iborat oila a‘zolari pechka o‘rnatilgan bitta uyda jon saqlayapti”, deydi suhbatdoshimiz.

Tojikistonda havo haroratining pasayib ketishi tufayli yuzaga kelgan vaziyat ta‘lim muassasalari faoliyatiga ham salbiy ta‘sir ko‘rsatmoqda.

Vahdat tumanida yashovchi Salomat Abdunazarovaning gapiga ishonadigan bo‘lsak, shu kunlarda qishloq maktablarida deyarli dars o‘tilmayapti.

- Bolalar maktabga borayapti. Lekin bir soat ham dars o‘tmay javob berishayapti. Mana bugun barvaqt javob berishdi, kecha bundan ham ertaroq kelishgandi. Maktablarimizning sharoiti yo‘q. O‘qituvchilar bolalarimiz orqali bizdan yordam so‘rayapti, “ota-onalaringga aytinglar, maktabga ko‘mir, tezak, o‘tin yordam qilsin” deb. Endi “bolam sovuq qotmasin” deb, yordam berayapmiz, - der ekan Salomatxon hamma oilalar ham maktab ma‘muriyati talablarini qondirish imkoniga ega emasligini qo‘shimcha qildi.

Dekabr oyining kutilmagan sovuq havosi nafaqat qishloqda yashovchilar, balki shaharliklarning ham turmushini ancha qiyinlashtirib qo‘ydi. Ko‘p qavatli binolarda yashayotgan shaharliklar isitish tarmoqlarining umuman ishlamayotgani va uylarning nihoyat darajada sovuqligi bois uyda ham qalin kiyimlarda o‘tirishga majbur bo‘layotganini aytmoqdalar.

- Gaz yo‘qligi uchun svetlarimiz nagruzka bo‘lib, o‘chib qolayapti. Otopleniyalar umuman ishlamaydi. Uylar sovuq, issiq suv ham yo‘q, - deydi dushanbelik Asliya.

Suhbatdoshimiz Dushanbedagi jamoat transporti qatnovida uzilishlar bo‘layotganidan ham shikoyat qildi.

- Transport umuman qiyin bo‘lib qoldi. Soat sakkizda uydan chiqdim, soat o‘ngacha zo‘rg‘a ishxonaga yetib oldim. Hatto markaziy ko‘chalarda qor tozalanmagan. Menimcha, markaziy ko‘chalar hech bo‘lmaganda shu narsaga tayyor bo‘lishi kerak, - der ekan Asliyaxon ikki kun davomida Dushanbe shahrida avtobuslar soni keskin kamayib ketganini va taksi haqqi qimmatlaganini qo‘shimcha qildi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, shaharda avtobus va mikrobuslarning siyraklashishiga, birinchidan, shahar yo‘llarining tozalanmagani, boshqa tomondan, yonilg‘i narxining 1,5 baravarga oshib ketgani sabab bo‘lgan.

Asnoda Dushanbe shahar hokimligi mas‘ullari 19 va 20 dekabr kunlari taxminan 150 ta qor tozalovchi mashina shahar ko‘chalarida ishlaganini aytmoqda.

Har yili Tojikiston hukumati yig‘ilishida mahalliy hukumat rasmiylari o‘z hududini kuz va qishga tayyorlash borasida davlat rahbaridan maxsus topshiriq oladi.

Biroq, mustaqil tahlilchilarga ko‘ra, joylardagi rahbarlar faqat xo‘jako‘rsinga ishlayotgani va mavsum uchun davlat byudjetidan ajratilgan pullarni turli yo‘llar bilan o‘zlashtirayotgani sababli oddiy odamlar ayni qish chillasida o‘z muammosi bilan yuzma-yuz qolayotir.

Mustaqil tahlilchi Davlat Usmon fikricha, bugungi kunda Tojikistonda harorat pasayib ketgani tufayli favqulodda holat nishonalari kuzatilsa-da, iqtidordagi hukumat o‘z obro‘sini saqlab qolish maqsadida buni e‘tirof qilmayapti.
XS
SM
MD
LG