Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:43

O‘zbekistonda sariq taksilar davri boshlandi


O‘zbekiston hukumatining “Liniyadagi taksilar faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 18 mayda qabul qilgan qarori 1 yanvardan kuchga kirdi.

Bundan oldin O‘zbekistonning 20 yillik tarixida taksilar rangi maromga solinmagan edi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Liniyadagi taksilar faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 18 mayda qaror qabul qilgan edi.

1 yanvardan kuchga kirgan qaror O‘zbekistonning barcha viloyatlaridagi taksilar sariq rangda, Toshkentda esa qaymoq rangda bo‘lishini taqozo qiladi.

Sariq va qaymoq rangli mashinadan tashqari haydovchisi faoliyat uchun litsenziyaga ega bo‘lishi va yo‘lga chiqish oldidan vrach ko‘rigidan o‘tgan bo‘lishi kerak.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining “Liniyadagi taksilar faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori talabini bajarmagan taksichilar eng kam ish haqining 20 dan 100 barobari (480-2400 AQSh dollari) miqdorida jarimaga tortiladi.

Vazirlar Mahkamasining qarorida O‘zbekiston shahar-qishloqlarida aholiga transport xizmati ko‘rsatadigan yengil mashinalarning umumiy rangidan tortib, peshonasidagi chiroq rangigacha belgilab berilgan.

O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi vakilining ozodlikka bildirishicha, bu qarorning ijro etilishi surunkali reydlar vositasida ta‘minlanadi.

Mulozimga ko‘ra maxsus ruxsatsiz kirakashlik qilganlar, nafaqat jarimaga tortilishi, balki mashinalari ham olib qo‘yilishi mumkin.

Ayni paytda Toshkent ko‘chalaridagi litsenziyasiz kirakashlar birinchi va ikkinchi yanvar kunlari biror bir nazoratchi tarafidan to‘xtatilmaganini aytishmoqda.

45 yashar toshkentlik Abdurashid 1998 yildan beri kirakashlik qilishini aytadi:

- O‘zim ilmiy xodim bo‘lib ishlayman. Fan nomzodiman. O‘z sohamda yetuk mutaxassisman. Lekin akademiya bergan oylik yetmaydi. Avvaliga Tiko mashinasida, keyin esa, Neksiyada kirakashlik qildim. Ertalab ishga borguncha va kechqurun ishdan keyin kira qilaman.

Abdurashid aka yangi yilning ilk kunlarida ham bemalol kira qilganini aytadi:

- Dushanba dam olish kuni bo‘lgani uchun hali nazoratchilar chiqqani yo‘qdir, lekin agar men kirakashlik qilmasam, akademiya maoshiga qarab qolsam moddiy ahvolim ëmon bo‘ladi, deydi u.

Abdurashid o‘z Neksiyasini qaymoq rangga bo‘yatmoqchi emas. Uning akademiyadagi ishidan ketib professional taksichilik qilish niyati ham yo‘q. Kirakashlik Abdurashid uchun qo‘shimcha daromad manbayi.

Toshkentdagi xususiy taksi shirkati vakili Abduvosit aka shaharda faqat litsenziyali taksichilar yurishini istaydi:

- Biz shuncha harajat qilib, mashinalarni qaymoq ranglarga bo‘yab, to‘lovlarni to‘lab ko‘chaga chiqsagu, mijozlarni birovlar ilib ketsa noinsoflik emasmi. Hozir ko‘chada hamma taksichi bo‘lib olgan. Boshingni qashlayman deb qo‘lingni ko‘tarsang, zuv etib to‘rtta mashina to‘xtaydi, deydi xususiy taksopark egasi.

Abduvosit aka nazarida faqat qattiq nazorat tizimi bilangina ruxsatsiz kirakashlardan qutulish mumkin.

Ruxsatsiz kirakashlik bo‘yicha “stajga”ega Abdurashid aka esa o‘zining qo‘shimcha ishidan voz kechmoqchi emas:

- Qonun meni, oilamga bir burda non topib turganim bu qo‘shimcha ishdan mahrum qilsa ham, men baribir yo‘lini topib kirakashlik qilaveraman. Mijozlarim soliqchi va militsiyani ëmon ko‘rishadi. Agar tekshirishsa, mijozlar bilan kelishib, birini tog‘am, birini opam deb aytib yuraveraman, deydi 1 yanvardan "qonundan tashqari taksichi"ga aylangan toshkentlik Abdurashid aka.

O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligiga ko‘ra, Toshkent shahrida aholiga taksi xizmati ko‘rsatuvchi 100 dan ziyod shirkat bor va ular ixtiyorida 1200 tadan ortiq avtomashina mavjud.

O‘zbekiston poytaxtidagi hususiy taksichilarning aniq soni noma‘lum. O‘zbekiston soliq qo‘mitasi tahlil bo‘limi hujjatlariga ko‘ra, Toshkentda 35 ming nolegal taksichi-kirakash bor.
XS
SM
MD
LG