Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:25

Litvada o‘zbekistonlik qochqin asari chop etiladi


Yevgeniy Dyakonovning ZONA.UZ blogi.
Yevgeniy Dyakonovning ZONA.UZ blogi.
Litvada o‘zbekistonlik siyosiy qochqin Yevgeniy Dyakonovning “ZONA.UZ”, deb nomlangan kitobi chop etilishga tayyorlanmoqda. Muallifning bu kitobda O‘zbekiston turmasida mahbus sifatida boshidan kechirganlari tasvirlagan.

Litvaning “Alma litera” Nashriyot uyi o‘zbekistonlik mustaqil jurnalist, Norvegiyada siyosiy boshpana olgan Yevgeniy Dyakonovning O‘zbekiston qamoqlaridagi vaziyatni tasvirlovchi “ZONA.UZ” badiiy-publitsistik asarini rus va keyinchalik litva tilida chop etish niyatida ekanini ma‘lum qildi.

O‘zining “ZONA.UZ” asari haqida Ozodlik muxbiriga gapirib bergan O‘zbek-Norveg madaniy markazi vitse-prezidenti Yevgeniy Dyakonov kitobda 10 yil avval ro‘y bergan voqealar haqida bo‘lsa-da, O‘zbekiston qamoq tizimida bugun ham ahvol o‘zgarishsiz qolayotgani bois, mavzu dolzarbligicha qolmoqda, deydi.

- Yevropada O‘zbekiston turmalaridagi vaziyat to‘g‘risidagi ma‘lumot deyarli yo‘q. Bu haqda yozilgan oxirgi asar Oleg Yakubovning “Bo‘rilar to‘dasi” asari edi. Shu sababli men bu haqda o‘z ko‘rgan-kechirganlarimni gapirib berishim kerak, deb o‘ylayman. Odamlar bu muammo haqida eshitishlari kerak va nihoyat O‘zbekiston turmalaridagi bunday holat tugatilishi zarur, deydi Yevgeniy Dyakonov.

Jurnalistning so‘zlariga ko‘ra, u Shvetsiyada qochqinlik maqomini olganidan beri o‘z asarini chop ettirishga urinib kelgan. Biroq Germaniya, Buyuk Britaniya va Yevropaning boshqa qator nashriyotchilari bu asarga qiziqish bildirmagan.

“Xotiralarimni o‘qib hozir o‘zim ham bu voqealarga ishongim kelmaydi”, deya davom etadi Yevgeniy Dyakonov.

- Men 1997 yilda ichki ishlar vazirligining korruptsiya, reket va terrorchilikka qarshi kurash bosh boshqarmasi tomonidan Toshkentda hibsga olinganman. Jami turmada 383 kun yoki 13 oy o‘tirib chiqqanman. Lekin bir yildan ortiqroq o‘sha yerda o‘tkazgan umrim bugungi kungacha ham eng dahshatli tushlarimga kirib chiqadi, vaholanki men afg‘on urushidan o‘tgan harbiy odamman. Men u yerdan tirik chiqaman deb o‘ylamagan edim. “ZONA.UZ” xotiralari Serj Ivakov nomli mahbus nomidan bayon etiladi. Xotiralarimda men, masalan, 1997 yilda Qorovulbozordagi 25-zonadagi mahbuslar g‘alayoninining ayovsiz bostirilishini tasvirlaganman. O‘sha to‘polondan 25-30 kishigina tirik chiqqan, qolganlarni suvarak kabi qirib tashlashgan, deya eslaydi Yevgeniy Dyakonov.

Mustaqil jurnalistning fikricha, O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi qamoq tizimi Stalin davri tizimi kabidir.

"Cherchillning turmalar to‘g‘risida bildirgan ajoyib bir fikri bor", deya davom etadi Dyakonov.

- U “Menga turmalaringizni ko‘rsatsangiz, qanday davlat ekaningizni aytib beraman”, degan. Har qanday turma tizimi u yoki bu davlat tizimining aksidir. Men ham oldin O‘zbekiston turmalarida bo‘layotgan voqealardan rahbariyatimizning xabari yo‘q, deb hisoblardim. Ishoning, qamoqxonalardagi bedodliklar davlat rahbariyati xabarisiz amalga oshmaydi, ko‘p hollarda bunday vaziyat yuqoridan tushirilgan buyruq asosida amalga oshadi. Shu bois, dunyo O‘zbekistonda bo‘layotgan voqealardan xabardor bo‘lishi kerak, deydi Ozodlikka Yevgeniy Dyakonov.

"ZONA.UZ" kitobini chop etishga qiziqish bildirayotgan Litvadagi “Alma litera” nashriyotning bosh direktori Chyogintas Songaila Ozodlik bilan suhbatda Dyakonov professional yozuvchi bo‘lmagani bois, qo‘lyozmani chop eitshga tayyorlash uchun jiddiy tahrir kerak bo‘ladi deydi.

- Kitobning rus tilidagi nusxasiga dastlab jiddiy ishlov berilishi kerak. Undan keyin biz uni litva tiliga o‘girib chop etamiz. Gap shundaki, biz hozircha kitoblarni rus tilida nashr etmaymiz, lekin Dyakonovning asariga buyurtma yetarli bo‘lsa uni rus tilida ham chop etishga tayyormiz. Bu asar bizning katta yoshdagi, ya‘ni Sovet davri tuzumini ko‘rganlar uchun qiziqarli bo‘lishi mumkin. Qolaversa, O‘zbekiston yopiq mamlakat bo‘lganligi sababli u yerda nima bo‘layotgani jamoatchilik uchun ham qiziq bo‘ladi, deb o‘ylayman, - deydi “Alma litera” nashriyoti egasi Chyogintas Songaila.

Songaila agarda “ZONA.UZ” internet blog shaklidan to‘laqonli asar shakliga ko‘chsa, 4-6 oy ichida Litvada nashrdan chiqarilishi mumkinligini aytadi. U bu asar muallifning o‘z boshidan kechinmalari ekanini hisobga olib, keng jamoatchilikda qiziq uyg‘otishi ehtimoli yuqoridir, deya qo‘shimcha qildi.

Ozodlik mahbuslarga noinsoniy, shafqatsiz muomala O‘zbekiston qamoqxonalarida odatiy holatga aylangani borasida ko‘p marotaba xabar bergan.

Markazi Parijda joylashgan Inson huquqlari Xalqaro Federatsiyasi (FIDH) O‘zbekistondagi inson huquqlari vaziyatiga e‘tibor qaratish maqsadida “O‘zbekiston nomli qamoqxona” deb atalgan yangi veb-sahifa ochdi.

Bir necha yil mobaynida BMT idoralarida ayni masala yuzasidan hisobot bergan O‘zbekiston rasmiylari qiynoqlarni bartaraf etish, inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatni yaxshilash maqsadida ko‘p ishlar amalga oshirilgani haqida gapirganlar.

Ammo inson huquqlari faollari va qator xalqaro tashkilotlar vaziyatning hamon o‘zgarishsiz qolayotganini aytib kelishadi.
XS
SM
MD
LG