Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:31

O‘zbekiston issiqxonalari uch oydan buyon ishlamayapti


Qish mavsumida O‘zbekiston bozorlari odatda issiqxonalarda yetishtirilgan meva-sabzavotlar bilan to‘ldirilib kelgan.
Qish mavsumida O‘zbekiston bozorlari odatda issiqxonalarda yetishtirilgan meva-sabzavotlar bilan to‘ldirilib kelgan.
Gaz va elektr ta‘minotidagi cheklovlar bois mamlakatdagi aksar issiqxonalar oktyabr oyidan buyon ishlamayapti. Buning oqibatida esa, mamlakat bozorlarida meva-sabzavot narxining ko‘tarilishi kuzatilmoqda.

Yigirma yildan buyon Toshkent viloyatida pomidor va bodring yetishtirib kelgan "Qo‘yliq" issiqxonasi uch oydan buyon ishlamayapti.

Tashkilot xodimlaridan birining, ismini oshkor qilmaslik sharti bilan Ozodlikka aytishicha, kuzgi-qishki mavsumda tabiiy gaz va elektr energiyasining chegirilishi bois issiqxona o‘z faoliyatini vaqtinchalik to‘xtatishga majbur bo‘lgan.

- Issiqxonamiz gaz bilan edi. Hozir gaz yo‘q bizlarda. Ruxsat berilmagan. Hozircha yo‘q endi hosildorlik. Ishlamayapmiz, dedi suhbatdosh.

Zangiotadagi issiqxonalardan birining xodimi ham o‘zinin tanishtirishni istamadi. Bugungi kunda, deydi u, mamlakatdagi ko‘pchilik issiqxonalar ishsiz qolgan.

- Issiqxonamizda gaz yo‘q. Oktyabrdan beri quruq turibdi. Hozir vaqtinchalik gazni tejash bo‘yicha qarorni bajarish uchun gaz tarmog‘idan uzilganmiz. Hamma issiqxonalar uzilgan, bitta biz emas. Hozir maqtaydigan joyimiz yo‘q. Ahvolimiz og‘ir. Iltimos bilan aholiga gaz yetkazib berishni yaxshilash maqsadida deb aytilgan. Shu maqsadda issiqxonamiz hozir vaqtinchalik gazdan uzilgan, dedi Zangiota issiqxonasi xodimi.

Toshkent viloyat xokimligidagi manbaga ko‘ra, gaz va elektrdan chegirish boshlanganidan keyin viloyatdagi issiqxonalarning 70 foiziga yaqini muammolarga duch kelayapti.

O‘zbekistonda kuzgi-qishki, qishki-bahorgi mavsumlarda oynaband va polietilen plyonkali issiqxonalarda asosan pomidor, bodring, bulg‘or qalampiri, ko‘k piyoz, turli ko‘katlar, qulupnay, gullar va limon yetishtiriladi.

Mamlakat issiqxonalari ishlamayotgani bois bozorlarda sabzovot mahsulotlari narxining ko‘tarilishi kuzatilmoqda.

Chorsu bozorida savdo qiluvchi Jahongir Shosalimovga ko‘ra, bugungi kunda bodiring narxi yoz oylariga nisbatan o‘n barobarga qimmatlagan.

- Teplitsadagi bodring qimmat bo‘lib ketdi, lekin pomidor 1000 so‘mga ham bor. Chunki pomidor pishgan, xaridor yo‘q. Saqlashning ham iloji yo‘q. Misol uchun 15 dekabrgacha pishganini bir amallab saqlashgan. Pomidorni sovuq urib ketadiyu. Shuning uchun isitishni saqlab turishning mutlaqo imkoni bo‘lmagani uchun, yaxlashdan asrab qolish uchun bir amallab hosilni yig‘ib olganda, bir amallab saqlab o‘shani 1000 so‘m sotayapdi, deydi savdogar Shosalimov.

Bugungi kunda ayrim issiqxonalar vaziyatdan chiqish uchun isitishning muqobil turlaridan foydalanishni yo‘lga qo‘ygan.

Zangiotadagi issiqxona xodimiga ko‘ra, ular ham isitishning muqobil turlariga o‘tishni rejalashtirmoqda.

- Alternativ yoqilg‘iga o‘tganlar bor. Bizlarniki eski teplitsa bo‘lgani uchun bizlarda sal kech qolib bo‘layapti. O‘shanga o‘tish uchun biz isitish sistemasini o‘zgartirishimiz kerak. Teplitsamiz katta. Shuning uchun biz ulgura olmadik. yoqilg‘ining alternativ turlari mazut, boshqalardan foydalanib issiq havodan foydalanib, endi yo‘li ko‘p. Koreya talif qilayotgani bor, Xitoy taklif qilayotgani bor. Gazsiz ham qilsa bo‘ladi shuni. Bizlar ham harakat qilayapmiz, dedi suhbatdosh.

Issiqxonalar qurish va ta‘mirlash ishlari bilan shug‘ullanuvchi Chirchiqdagi "Harakat-davr" firmasi xodimi, o‘zini tanishtirmagan holda aytishicha, keyingi paytda mamlakatdagi tadbirkorlar asosan, isitishning muqobil turlaridan foydalanishni ma‘qul topmoqdalar.

- Teplitsalarga gaz bermayaptiyu. Mazut, ko‘mir, solyarkada ishlaydigan qilib berishimiz mumkin. Teplitsalar asosan hozir ko‘mirda yoqadiganga o‘tayapti. Jidkiy topish qiyin va qimmatga tushib ketadi. Ko‘pchiligi hozir ko‘mirda yoqayapti. Keyinchalik parovoy kotyol qilishimiz mumkin. Par chiqadida undan. Kam rasxod qilib teplitsani ko‘pga qizitadi. Bizlarda ikki xil kotyol bor. Bittasi teplitsani suv bilan qizitib beradi. Ikkinchisi parovoy. Ya‘ni par, qaynatganda par chiqadiyu o‘sha bilan qizitib beradi, deydi "Harakat-davr" firmasi xodimi.

O‘zbekistonda 2009-2011 yillarga mo‘ljallangan maxsus davlat dasturiga ko‘ra, mamlakatdagi issiqxonalarni isitishning muqobil turlariga o‘tkazish rejalashtirilgan edi.

Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi ma‘lumotiga ko‘ra, o‘tgan yili fermer, dehqon xo‘jaliklari va tadbirkorlar tomonidan muqobil issiqlik manbaalaridan foydalangan holda 290 gektar maydonda jami 522 ta yangi issiqxonalar qishloq tumanlarida qurilgan.
XS
SM
MD
LG