Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:42

Karimovalar Chanel shousining old qatorida


Prezidentning to‘ng‘ichi Gulnora Karimova Jenevadagi BMT idoralaridagi O‘zbekiston Respublikasining doimiy namoyandasi.

Ikkinchi qiz – Lola esa¸ BMTning Parijda joylashgan madaniyat idorasi - UNESCO dagi O‘zbekiston elchisi.

Ikkala qizning diplomatik jabhada O‘zbekiston respublikasi uchun nima ish qilayotgani yillardan beri jamoatchilikka qorong‘u bo‘lib kelayotgan bo‘lsa-da¸ elchi xonimlarning Parij va Yevropaning boshqa poytaxtlaridagi zodagonlar davrasining kunda-shundasi ekani G‘arb matbuotiga yaxshi ma‘lum.

24 yanvar kuni dunyoning eng qimmatbaho brendlaridan biri hisoblanmish Chanel 2012 yilgi bahor/yoz kollektsiyasini namoyish qildi. Karl Lagerfeld yaratgan yangi liboslar tomoshasini ko‘rish uchun old qatorni egallagan Kameron Diaz¸ Dian Kryuger kabi o‘nlab Hollivud yulduzlari qatorida O‘zbekiston prezidentining ikki qizi ham o‘tirdi.

Shou biznes yulduzlarining kiyinish uslubini kuzatib¸ tahlil qilib keladigan Stylebistro.com jurnali Parij moda haftaligida qatnashayotganlar orasidagi eng yaxshi va yomon kiyinganlar nomini e‘lon qildi.

Gulnora Karimova Stylebistro jurnali nigohida.
Gulnora Karimova Stylebistro jurnali nigohida.
Ustiga Chanel logosi va ulkan xoch surati tushirilgan harir kofta bilan o‘zbekcha qora atlas lozim kiygan Gulnora Karimova¸ ushbu jurnal bahosi bilan¸ eng yomon kiyinganlar safidan joy oldi.

“Gulnora Karimovaning brendga sadoqati u kiygan hashamatli Chanel logosi tushirilgan koftadan ochiq ko‘rinib turdi. Ammo afsuski¸ u bu koftani yaltiroq jemper va juda katta yo‘llik ishton bilan kiydi. Boz ustiga u Miley Cyrus (Hannah Montana filmi bosh qahramoni¸ Hollivud aktrisasi – tahr.) ning taqinchoqlarga yondashuviga ergashib¸ o‘z ustiga haddan tashqari ko‘p zebu-ziynat taqib yubordi. Juda oshirib yuboribdi!” deb yozdi bashanglar kiyinish uslubini tahlil qiluvchi Stylebistro.com jurnali.

O‘zini xalqaro maydonda dizayner va zargar sifatida tanitishga harakat qilayotgan Gulnora Karimova o‘tgan yillar davomida bir necha nufuzli xalqaro moda haftaligi dasturi doirasida o‘ziga qarashli Guli brendi libos va taqinchoqlarini namoyish qildi.

AQSh matbuoti¸O‘zbekistondagi bolalar mehnatiga qarshi kurashib kelayotgan xalqaro guruhlar¸ qolaversa o‘zbek muxolifati bosimi ostida Nyu York moda haftaligining 15 sentyabr kungi dasturiga kiritilgan Guli shousi bekor qilinib¸ Manhattendagi Cipriani xususiy restoranida maxsus chaqirtirilgan mehmonlar uchungina namoyish etilgan edi.

"O‘zbekistonda har yili ikki milliongacha maktab bolasi davlat tomonidan majburan paxta dalasiga haydalayotgan bir mamlakatning BMT dagi elchisi¸ qolaversa shu davlatning avtoritar hukmdoriga qiz bo‘lgan Gulnora Karimova bu siyosat uchun mas‘uldir"¸ degan edi Karimovaning Nyu York Moda haftaligiga qo‘yilmasligi talabi bilan bir necha bor norozilik tadbiri o‘tkazgan huquq faollari.

Lola Karimova Channel shousida.
Lola Karimova Channel shousida.
25 yanvar kungi Chanel shousida opasi kabi birinchi qatorda o‘tirgan sadoqatli “channel”chilardan yana biri – Lola Karimova na yaxshi va na yomon kiyinganlar ro‘yxatiga kiritildi.

Lola bu gal ham¸ G‘arb matbuotining tanqidiy nazaridan tushmay kelayotgan diplomat¸ siyosatshunos¸ dizayner¸ zargar¸ qo‘shiqchi¸ shoira¸ olima¸ karatechi¸ kosmetolog va saxovatpesha opasining soyasida qoldi.

Bundan avval Lola Karimova Parijdagi "Rue89" mustaqil Internet nashrini Islom Karimovni diktator deb atagani uchun sudga berib¸ 2011 yil iyunida mahkamada yutqazgani munosabati bilan xalqaro matbuot tiliga tushgan edi.

Ayni paytda¸ frantsuz kuzatuvchilariga ko‘ra¸ Lola Karimova Frantsiyadagi satanglar davrasining kunda-shundasi va opasi kabi yetakchi xalqaro nashrlar tiliga tez-tez tushmasa-da¸ uning surati bashang davralar hayotini yorituvchi sariq matbuotda tez-tez ko‘zga tashlanib turadi.
XS
SM
MD
LG