Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:23

Islom Karimov 74 ga kirdi


O‘zbekistonni yigirma ikki yarim yildan buyon uzluksiz boshqarib kelayotgan Islom Karimov 30 yanvar kuni 74 yoshga to‘ldi.

Karimovning O‘zbekistonga darg‘alik qilishi o‘tgan asrning 1989 yilining iyun oyida - O‘zbekiston Kommunistik partiyasi Markaziy komiteti birinchi kotibi vazifasiga kelgan paytidan boshlangan.

1990 yil 24 martida O‘zbekiston SSR Oliy Soveti sessiyasida u prezident etib saylangan.

1991 yil dekabrida o‘tgan alternativ saylovlarda (muxolifat vakillari bu saylovda natijalar soxtalashtirilganini ta‘kidlab keladi) Islom Karimov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylandi.

1995 yil 26 martida o‘tkazilgan umumxalq referendumi natijalariga muvofiq, uning prezidentlik vakolatlari 2000 yilgacha uzaytirildi. Shu yili o‘tgan va alternativ saylov ekani iddao qilingan prezidentlik saylovlarida Karimov yana osonlik bilan o‘z kursisida qolishga muvaffaq bo‘ldi.

2002 yil 27 fevralida o‘tkazilgan umumxalq referendumida Islom Karimovning prezidentlik vakolatlari 5 yildan 7 yilga uzaytirildi.

2007 yilning 23 dekabrida o‘tgan saylovda yana prezidentlikka saylangan Karimov mazkur oliy mansabda 2014 yilgacha o‘tirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Aslida O‘zbekiston Konstitutsiyasi XIX bobining 90-moddasida “bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti bo‘lishi mumkin emas”ligi qayd etib qo‘yilgan. Biroq o‘tgan yillar mobaynida turli pishanglarni ishga solib kelgan Islom Karimov shu paytgacha iqtidorda qolishni uddalamoqda.

Ana shunday pishang – qonunchilik tashabbuslaridan biri 2011 yil oxirida Karimov tomonidan ko‘tarilgan bo‘lib, mamlakat Senati ma‘qullagan mazkur taklifga muvofiq, O‘zbekistonda prezidentlik muddati 7 yildan 5 yilga qisqartirildi.

Joriy prezidentlik vakolati 2014 yilda tugaydigan Islom Karimovning bunday tashabbusi ortidagi asl muddao¸ tahlilchilar taxminicha¸ amalda uning vakolatlarini yanada uzaytirish bo‘lishi mumkin. Zero, prezidentlik muddatini uzaytirish yoxud qisqartirishga oid qonun qabul qilinishi ortidan Karimovga o‘zgartirilgan muddat bo‘yicha yana ikki marta saylanish huquqi beriladi.

Prezidentlik vakolati muddatining qisqartirilishi to‘g‘risidagi qonun ortidan O‘zbekistonda 2012 yil dekabrida muddatidan avval prezidentlik saylovlari o‘tkazilishi mumkin.

Bunday bo‘lgan taqdirda prezidentlik vakolatini yana noldan boshlashi taxmin etilayotgan Islom Karimov O‘zbekiston Oliy Majlisi tasdiqlagan qonun bo‘yicha 2022 yil oxiriga qadar prezidentlikda qolishi mumkin.

Biroq Karimovning prezidentlik muddatini qisqartirish tashabbusi o‘zidan keyingi vorisning maydonga chiqishi uchun maydon hozirlash bo‘lishi mumkinligini ham ehtimoldan soqit qilmayotgan tahlilchilar ham yo‘q emas.

O‘zbekiston qonunchiligi bo‘yicha 1998 yildayoq pensiya yoshiga yetgan Islom Karimov siyosati xalqaro hamjamiyat tomonidan mudom tanqid qilib kelinadi. Xususan, o‘tgan yili dunyodagi nufuzli ommaviy axborot vositalaridan biri bo‘lgan CBSNews korporatsiyasi prezident Karimovni uzoq yillar davomida hokimiyatda qolayotgan diktatorlar ro‘yxatiga kiritgandi.

O‘zbekiston Konstitutsiyasining 90-moddasida “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga o‘ttiz besh yoshdan kichik bo‘lmagan, davlat tilini yaxshi biladigan, bevosita saylovgacha kamida 10 yil O‘zbekiston hududida muqim yashayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi saylanishi mumkin”ligi yozib qo‘yilgan. Ammo prezidentlikka saylanish uchun zarur bo‘lgan minimal yosh qayd etilmish mazkur moddada maksimal yosh tsenzi belgilab qo‘yilmagan (masalan, O‘zbekistonga qo‘shni bo‘lgan Qirg‘izistonda 70 yoshdan oshgan fuqarolarga prezidentlikka nomzodini qo‘yish huquqi berilmaydi).
XS
SM
MD
LG