Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 18:38

O‘zbekistonda pistafurushlik ham nazoratga olinadigan bo‘ldi


O‘zbekistonda iqtisodiy vaziyat og‘irlashib borgan sari ko‘chada tartibsiz savdo qiladigan yoymachilar soni ham ko‘payib bormoqda.
O‘zbekistonda iqtisodiy vaziyat og‘irlashib borgan sari ko‘chada tartibsiz savdo qiladigan yoymachilar soni ham ko‘payib bormoqda.
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi rasmiysi ko‘cha-ko‘yda pista, qurut va boshqa turdagi oziq-ovqat maxsulotlari sotilishini qattiq nazoratga olish vazirlikning Epidemiyaga qarshi favqulodda komissiyasi yig‘inida muxokama etilayotganini tasdiqladi.

Lekin, vazirlik rasmiysiga ko‘ra, gap O‘zbekistonda an‘anaga aylanib ulgurgan pista-qurut savdosini butunlay taqiqlash haqida borayotgani yo‘q.

- Maqsad pistafurush, somsapazlarni mamlakatdagi mavjud sanitariya qoidalariga amal qilishlariga erishish,- dedi vazirlikning o‘z ismini aytishni xohlamagan rasmiylaridan biri.

Vazirlik rasmiysiga ko‘ra, poytaxt Toshkentning turli qismlarida paydo bo‘lgan savdo nuqtalarida o‘tgan oy sanitar tekshiruvlari o‘tkazilganida sotilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining deyarli barchasi inson organizmiga zararli ekani, ularning tarkibida zararli mikroblar borligi aniqlangan.

O‘zbekistonda oldiga kaftdek keladigan stolni qo‘yib olib, unda pista-qurut va sigaretni donalab sotib o‘tirganlarni ko‘cha-ko‘yda ko‘p uchratamiz, deydi u.

Bu mahsulotlarni sotayotganlarning aksari maxsus litsenziyaga ham ega emas, shu maxsulotlar sifatini tasdiqlovchi maxsus sertifikat ham ularda yo‘q.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi qoshidagi epidemiyaga qarshi favqulodda komissiyasi a‘zolari mavjud vaziyatni o‘rganib, bu nazoratga olinishi kerak, degan xulosaga kelganlar.

O‘zbekistonda oziq-ovqat maxsulotlarining palapartish sotilishiga chek qo‘yish uchun huquq-tartibot hamda soliq idoralari, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi qoshidagi O‘zstandart va boshqa agentliklar birgalikda ish olib borishlari lozimligi aytilmoqda.

Savdogarlar nafaqat sanitariya qoidalariga amal qilmaydi, balki aksari daromaddan soliq ham to‘lashmaydi, demoqda rasmiylar.

Lekin, o‘z uyida milliy taomlar va pishiriqlar pishirib yoki bo‘lmasa qurut-pista sotib kun ko‘radiganlar tegishli organlardan ta‘magirlik juda ko‘pligi sabab hujjatlarni to‘g‘rilamay ishlashni ma‘qul ko‘rishlarini aytishadi.

- Tekshir-tekshir ko‘p bo‘ladi. Hujjat ko‘rsatsangiz ham ko‘rsatmasingiz ham bir nim topib bari bir oladiganini oladi. Yaxshisi qo‘liga pul bersangiz, tekshirmaydi ham, siz bilan ishi ham bo‘lmaydi. Yozilmagan qonunlar bor shunga qamal qilamiz- deydi Toshkentning Farhod bozorida sut-qatiq sotadigan ayollardan biri.

Buxorolik Xolisbek esa pista-qurut sotib tirikchiligini zo‘rg‘a ko‘rayotganlarning risqini qirqmaslik kerak, degan fikrda.

- Men pistafurushlardan pista sotib olaman. Hali shu paytgacha virus yuqtirganim yo‘q. Endi kelib-kelib shularni nonini tortib olish menimcha insoniylikka to‘g‘ri kelmaydi. Sotaverishsin. Xohlagan odam oladi. Antisanitariya deydiganlari olishmasin,- deydi Xolisbek.

Lekin, vazirlik rasmiysi aytganidek, O‘zbekistonda an‘anaga aylanib ulgurgan pista-qurut sotish butunlay taqiqlash haqida gap borayotgani yo‘q. Gap psitafurushlarni sanitariya qoidalariga amal qilgan holda savdo qilishiga ko‘ndirish haqida bormoqda.

Toshkent bozorlari rastalarida esa qadoqlangan pista-qurutlarning paydo bo‘lganiga ancha bo‘ladi.
XS
SM
MD
LG