Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:49

O‘zbeklar veteranni tunaganlikda ayblanmoqda


Kaltaklangan chol Rossiyada kamayib borayotgan urush qahramonlaridan.
Kaltaklangan chol Rossiyada kamayib borayotgan urush qahramonlaridan.

Ikki O‘zbekiston fuqarosi Kaliningrad shahrida 92 yoshli 2-jahon urushi veteranini kaltaklab¸ qimmatbaho buyumlarini olib chiqib ketganlikda ayblanmoqda.

Rossiyaning Kaliningrad shahrida urush qahramoni, 92 yoshli Nikolay Melnikovni kaltaklab pensiyasi, jangovar medallari va boshqa qimmatbaho buyumlarini o‘marib ketgan ikki shaxs qidiruvga berildi.

Rossiya markaziy telekanallariga bergan intervyusida veteran Nikolay Melnikov voqea tafsilotlarini gapirib, jinoyatchilar tunda, o‘zi uxlab yotganida kirib kelgani va pnevmatik miltiq bilan tahdid qilganini aytdi.

- U menga miltiqni taqab, pul talab qildi. Shundan keyin yashiklarni ochib ichidagi narsalarni titishni boshladi. “Yuzimga qarama, qarama!”, deya baqirdi. Hech narsa topa olmasdan yuzimga urmoqchi bo‘ldi, lekin oyog‘i bilan ko‘kragimga tegdi, deydi ko‘karib ketgan ko‘kragini ko‘rsatar ekan qariya.

Qiynoqlarga dosh bera olmagan Nikolay Melnikov, o‘zining aytishicha¸ tumbochkada yashiringan 8000 rubl oylik pensiyasi yashirilgan joyni bosqinchilarga ko‘rsatadi. Hikoya davomiga ko‘ra¸ Melnikov rafiqasining tilla uzugi va isirg‘asi, “Leningrad himoyasi uchun” medali, 9 mayda o‘ziga sovg‘a qilingan qo‘l soati, mobil telefonini olgan talonchilar iste‘fodagi polkovnikni boshiga gayka klyuchi bilan urib jinoyat joyidan g‘oyib bo‘lishadi.

“Yaxshiyamki ular shkafda osilib turgan kitelimni ko‘rishmadi: kitelda mening barcha medal-ordenlarim taqilgan”, deya eslaydi urushning birinchi yillaridayoq kontuziya olgan Nikolay Melnikov.

O‘zi bazo‘r yurgan cholni ertasiga uning o‘g‘li kaltaklangan ahvolda topib¸ uni shifoxonaga jo‘natadi.

Qariyaga ko‘ra, o‘zini tunagan qaroqchilar rus tilida so‘zlashmagan, bo‘yi pastroq bo‘lgan qaroqchilar ko‘rinishidan markaziy osiyolik bo‘lgan.

“Melnikov ko‘rsatmalari bilan politsiya ikki kun o‘tib nafaqaxo‘rga qo‘shni uylardan birida farroshlik qilib yurgan mehnat muhojirini hibsga oldi”, deydi Kaliningrad viloyati Jinoyat qidiruv bo‘limi boshlig‘i Eduard Mishurin.

- Bu 1981 yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi hibsga olindi va uning jinoyatni sodir etganlik aybi isbotlandi: tintuv davomida undan soat va medal topildi va musodara qilindi, deydi Ozodlikka Eduard Mishurin.

Politsiyachilar o‘g‘rilar veteranning pensiyasini allaqachon jo‘natma orqali O‘zbekistonga yuborganini taxmin qilmoqda.

Kaliningradda katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan bu jinoyatni sodir etganlikda gumonlangan yana bir O‘zbekiston fuqarosi qidiruvga berilgan. Rossiyada qonuniy qaydda turmagan bu shaxsning veterandan olingan qolgan buyumlar va miltiq bilan g‘oyib bo‘lgani aytilmoqda.

Kaliningrad viloyati Ichki ishlar boshqarmasidan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, Ulug‘ Vatan urushi qahramonini do‘pposlagan bu shaxslar Rossiya Jinoyat Kodeksi bo‘yicha 7 yildan 12 yilgacha qamoq jazosiga hukm etilishi mumkin.
XS
SM
MD
LG