Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:34

O‘zbek futboli: termaga jarima, "Bunyodkor"ga o‘yinchi


O'zbekiston milliy terma jamoasi mashg'ulot davomida.
O'zbekiston milliy terma jamoasi mashg'ulot davomida.
FIFAning Intizom qo‘mitasi O‘zbekiston Futbol federatsiyasiga jarima soldi. "Bunyodkor" jamoasi esa uch nafar xorijlik yangi o‘yinchi bilan shartnoma imzoladi.

Terma jamoaning 5 o‘yinchisi FIFAga jarima to‘laydi


FIFA Intizom qo‘mitasi O‘zbekiston futbol terma jamoasidagi 5 o‘yinchini va O‘zbekiston Futbol federatsiyasini jarimaga tortdi.

Bunday qaror 2014 yilda o‘tadigan Jahon futbol chempionati saralash bosqichlarining Osiyo hududidagi uchinchi raundi natijalaridan kelib chiqib qabul qilindi.

Toshkenda 2011 yilning 15 noyabrida O‘zbekiston va Tojikiston terma jamoalarining uchrashuvi bo‘lib o‘tgan edi. Mazkur uchrashuvda O‘zbekiston futbol jamoasi Tojikiston jamoasi ustidan 3:0 hisobida g‘olib bo‘lgan.

O‘yinning 70 daqiqalarida 2:0 hisobida oldinda borayotgan O‘zbekiston terma jamoasi vaqtni atayin cho‘zayotganlikda gumon qilindi. Shu munosabat bilan uchinchi saralash raundining avvalgi o‘yinlarida sariq kartochkaga ega bo‘lgan O‘zbekiston terma jamoasining besh nafar o‘yinchisiga qaytadan ogohlantirishlar berildi.

O‘zbekiston terma jamoasining 5 o‘yinchisi Tojikiston jamoasi bilan o‘yinda vaqtni atayin cho‘zishga harakat qilganlikda ayblanmoqda.
O‘zbekiston terma jamoasining 5 o‘yinchisi Tojikiston jamoasi bilan o‘yinda vaqtni atayin cho‘zishga harakat qilganlikda ayblanmoqda.
Mazkur o‘yinchilar –Shavkat Mullajonov, Sanjar Tursunov, Islom To‘xtaxo‘jayev, Server Jeperov, Vagiz Guliulin masalasi FIFAning shveytsariyalik Marselь Mate rahbarligidagi Intizom qo‘mitasida ko‘rib chiqildi. FIFAning rasmiy saytida aytilishicha, Intizom qo‘mitasi O‘zbekiston ishtirokidagi futbol musobaqalari videoyozuvlarini va taqdim qilingan boshqa hujjjatlarni diqqat bilan o‘rganib chiqqan. Qo‘mita qarori bilan O‘zbekiston terma jamoasining yuqorida nomi zikr etilgan besh o‘yinchisining har biri 3000 shveytsariya franki miqdorida jarimaga tortildi.

O‘zbekiston terma jamoasining bu besh o‘yinchisiga saralash turnirida ikki marta sariq kartochka ko‘rsatilgani tufayli ular joriy yilning 29 fevralida bo‘lib o‘tishi rejalangan Yaponiya terma jamoasi bilan o‘tkaziladigan o‘yinda ishtirok etish huquqidan mahrum etildi.

FIFAning rasmiy saytida aytilishicha, Shavkat Mullajonov, Sanjar Tursunov, Islom To‘xtaxo‘jayev, Server Jeperov, Vagiz Guliulin 2014 yilda o‘tkaziladigan Jahon futbol chempionati saralash turnirining to‘rtinchi bosqichidagi birinchi o‘yinda ham ishtirok eta olmaydilar.

Bundan tashqari O‘zbekiston Futbol federatsiyasiga ham 18 ming shveytsariya franki miqdorida jarima solingan.

"Bunyodkor"ning yangi o‘yinchilari


Yan Kozak uch marta Slovakiya chempioni bo‘lgan.
Yan Kozak uch marta Slovakiya chempioni bo‘lgan.
17 fevral kuni “Bunyodkor” futbol jamoasi Birlashgan Arab Amirliklariga uchib ketdi. Bu yerda O‘zbekiston chempioni bo‘lgan futbol jamoasi yangi mavsumga tayyorgarlikning yakuniy bosqichi mashqlarini o‘tkazadi.

“Bunyodkor” futbol klubi 18 fevral kuni o‘z jamoasiga uch nafar xorijlik yangi futbolchini jalb qilganini va ular bilan shartnomalar imzolanganini ma‘lum qildi. Mazkur legionerlar Bunyodkor”ning Antaliyadagi ko‘rik yig‘inida ishtirok etishgan.

Slovakiyalik yarim himoyachi, 32 yoshli Yan Kozak “Bunyodkor” futbol klubi bilan shartnoma imzolagan yangi o‘yinchilardan biri.

Devid Karni "Bunyodkor"ning Antaliyadagi ko‘rik yig‘inida murabbiylarga ma‘qul bo‘ldi.
Devid Karni "Bunyodkor"ning Antaliyadagi ko‘rik yig‘inida murabbiylarga ma‘qul bo‘ldi.
“Slovakiya terma jamoasi a‘zosi “Bunyodkor”ning o‘rta chizig‘idagi raqobatni kuchaytirdi. Uning hatti-harakatlaridan qoniqqan klub mutasaddilari yevropalik futbolchi bilan shartnoma imzolashga qaror qildi”, deb bildiriladi “Bunyodkor”ning rasmiy bayonotida.

“Vikipediya” saytidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, Yan Kozak uch marta Slovakiya chempioni bo‘lgan. U Chexiya, Angliya, Belgiya va Ruminiya futbol jamoalarida to‘p surgan. Yan Kozakning otasi Katta Yan Kozak 70-80 yillarda Chexoslovakiya futbol terma jamoasi o‘yinchisi bo‘lgan.

Qozog‘istonlik Emil Kenjisariyev "Bunyodkor" bilan shartnoma imzolagan uchinchi o‘yinchi.
Qozog‘istonlik Emil Kenjisariyev "Bunyodkor" bilan shartnoma imzolagan uchinchi o‘yinchi.
Bundan tashqari “Bunyodkor” terma jamoasi avstraliyalik Devid Karni va qozog‘istonlik Emil Kenjisariyev bilan ham shartnoma imzolagan.

Mazkur uch futbolchi “Bunyodkor”ning Dubaydagi yig‘iniga 18 fevraldan qo‘shilishadi.

Yangi futbolchilarning rasmiy taqdimot marosimi Chempionlar ligasi turniri arafasida “Jar” stadionida bo‘lib o‘tadi.
XS
SM
MD
LG