Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:54

Parkentlik muslimalar javobgarlikka tortildi


Noqonuniy diniy ta‘lim berganlikda ayblangan parkentlik Nasiba Ashirmatova (o‘ngda) va jamoatchi himoyachi Shuhrat Rustamov.
Noqonuniy diniy ta‘lim berganlikda ayblangan parkentlik Nasiba Ashirmatova (o‘ngda) va jamoatchi himoyachi Shuhrat Rustamov.

Ayollarga noqonuniy ravishda diniy saboq berganlik aybi qo‘yildi va ma‘muriy jazo tayinlandi.

Toshkent viloyat sudi Parkent tumanida istiqomat qiluvchi to‘rt muslima ayol — Nasiba Ashirmatova, Maxsuma Rahimxo‘jayeva, Iroda Mirzukurova i Mohinur Xolmatovalarni tuman hududida noqonuniy ravishda diniy ta‘lim berganlikda aybdor, deb topdi.

Inson huquqlari himoyachilaridan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, viloyat sudida o‘tgan appelyatsiya tartibidagi mahkamada Yuqorichirchiq tumanidagi quyi sud instantsiyasi tomonidan qabul qilingan qaror o‘z kuchida qolgan.

Huquq faollariga ko‘ra, sud tomonidan eng kam ish haqining 5 barobari miqdorida jarimaga tortilgan Nasiba Ashirmatova Parkent shahrida bir xususiy bog‘cha ochgan va qolgan uch ayol u bilan birga ishlagan.

Ayni paytda Ashimartovaning uyida ishlab turgan bog‘cha yopilgan va ayollar ishsiz qolish bilan birga, noqonuniy faoliyatda ayblanib jarimaga tortildi.

Ashirmatovaning farzandi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda sud hukmidan norozi ekanliklarini aytdi.

- Onamning unaqa narsalardan umuman xabari yo‘q. Dars o‘tmagan, umuman sharoit yo‘qku bu yerda. Keyin ular aytgan kunlarda onam qattiq kasal bo‘lib uyda yotgan, hech qayoqqa chiqmagan,- deydi sud aybdor, deb topgan Nasiba Ashirmatovaning o‘g‘li.

U biz bog‘langan kezda Nasiba Ashirmatova yana tuman ichki ishlar bo‘limiga chaqirtirilgani ma‘lum bo‘ldi.

Uning oila-a‘zolaridan olingan ma‘lumotga ko‘ra, Nasiba Ashirmatova 2009 yilda o‘z uyida nogiron bolalar uchun xususiy bog‘cha ochgan.

Bu ayol 1999 yildan — turmush o‘rtog‘i Dilshod Ashirmatov 16 fevral portlashlarida ayblanganidan buyon IIB tomonidan vahhobiylik oqimiga aloqadorlikda gumon qilinib, maxsus ro‘yxatlarga tirkalgan.

Uning turmush o‘rtog‘i 2001 yilda qo‘shni Qirg‘izistonda quvg‘inda yurgan paytida vafot etgan. Shuningdek, bu ayolning jiyani Akmal Toshev ham vahhobiylikda ayblanib hibsga olingan. Ayni paytda u Toshturma qamoqxonasida saqlanmoqda.

O‘zbekiston Inson huququqlari alyansi rahbari Yelena Urlayeva Toshkent viloyat sudida mahkamaga tortilgan Nasiba Ashirmatovaga nisbatan tazyiqlarning asl sababi aynan uning yaqinlari, qolgan uch ayolning ayblanishi bu ayollarning Nasiba Ashirmatova bilan birga ishlaganida, deb hisoblaydi.

- 5 fevralda Yuqorichirchiq tuman sudyasi bu ayollarni noqonuniy ravishda diniy ta‘lim berganlikda aybdor topdi. Keyin viloyat sudida mahkama bo‘ldi va hukm o‘z kuchida qoldirildi. U yerda men ham, jamoatchi himoyachi Shuhrat Rustamov ham qatnashdik. Sud qonunbuzarliklar bilan o‘tdi,- deydi inson huquqlari faoli Yelena Urlayeva.

Mahkama jarayonini kuzatgan jamoatchi himoyachi Shuhrat Rustamov ham har ikki sud jarayonining qonunga zid ravishda o‘tganini ta‘kidlar ekan, bu ayollarga qo‘yilgan ayblov avvalidayoq asossiz bo‘lgan, deb hisoblamoqda.

- Logoped bog‘cha ochgan bo‘lgan Nasiba Ashirmatova. Undan buni olib qo‘yishgan va keyini batamom tagiga suv quyish uchun diniy literaturani, disklarni olishgan uyidan. Ularni hammasi ruxsat berilgan adabiyotlar buning ustiga. Lekin, ularning o‘zini ishtirokisiz, birinchi sudni qilib, ayblab, resheniyani chiqarib qo‘yishgan. Aslida bu ayolning miyasida diniy ilimning o‘zi yo‘q. Sudga ham bu ayollardan uchtasi bosh yalang, qulog‘ida sirg‘asi, qo‘li dahani ochiq holda kelishdiku, ko‘rdikku, - deydi Shuhrat Rustamov.

Huquq faollari va jazoga tortilgan ayollarning yaqinlariga ko‘ra, ayollar mahkamada o‘zlariga qo‘yilgan ayblovlarni tan olmagan.

Shunga qaramasdan, ularga nisbatan O‘zbekiston Ma‘muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 241-moddasiga asosan qo‘yilgan ayblovning bekor qilinmaganidan norozi ayollar yuqori instantsiyalarga shikoyat qilish niyatida.

Ushbu moddada maxsus diniy bilim va maxsus ruxsatnomasiz diniy ta‘lim berish bilan shug‘ullanganlik uchun eng kam ish haqqining bash barobaridan o‘n barobariga qadar jarima yoki 15 sutkalik hibs jazosi ko‘zda tutilgan.
XS
SM
MD
LG